Shu kunlarda qaysi davraga kirsangiz, davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan muloqotida yangragan chaqiriqlar va yangi tashabbuslar muhokamasiga duch kela­siz. Bugunning yoshlariga har tomonlama havas qilgulik. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati koʻlami juda keng. Ja­miyatimizdagi hech bir soha yoki tarmoq, hech bir yigit-qiz bu islohotlardan chetda emas. Yoshlar uchun ochilayotgan yangi imko­niyatlarni eshitib, koʻrib, beixtiyor shoir yozganidek, “Eh, sening yoshliging menda boʻlsaydi...”, deb yuborasiz!

Kuni kecha sobiq hamkasbimni uchratib qoldim. U bilan 2000-yillarning boshi­da siyosiy partiyaning yoshlar tuzilmasida birga ishlaganmiz. Oʻsha davrlarni esla­dik. Bugun bilan qiyoslab, hozirgi yoshlar yetakchilariga rosmana havasimiz keldi.

Esimda: oʻshanda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish boʻyicha qa­tor takliflar tayyorlandi. Ulardan biri yoshlarga oid siyosatni muvofiqlashtiruv­chi yagona davlat organini tashkil etish gʻoyasi edi. Shu taklifni bir davra suhba­tida bildirganimizda koʻp malomatga qol­ganmiz. Koʻpchilik ekspertlar fikrimizni qoʻllab-quvvatlamagan, aksincha, tanqid qilgan. Gazetalardan birida “Ijtimoiy harakat: u qanday boʻlishi kerak?” sar­lavhali maqolam eʼlon qilinganida oʻsha paytdagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashiga chaqirib, jiddiy muhokama qilishgan. Harakat faolligini oshirish boʻyicha bildirgan takliflarim uchun dakki eshitganman. “Bizda hammasi zoʻr. Takliflaringizga muhtoj emasmiz”, deyishgan.

Hozir shular haqida oʻylasam, koʻn­gilning bir chetida qolib ketgan alam­li ogʻriqlar uygʻonadi. Oʻsha kezlarda yosh va gʻayratli boʻlganmiz. Qalbimizda koʻp orzu-umidlar, gʻoyalar bor edi. Lekin oʻsha davrlarda bizni eshitadigan, gʻoyalari­mizni amalga oshiradigan va bizni yangi marralarga undaydigan kuch boʻlmagan. Davralarda joʻshib oʻz fikrimizni bayon qilganimizda bizga ragʻbat berilmagan, gʻoyalarimiz qadr topmagan. Faolligimiz va tashabbuslarimiz uchun katta avlodning koʻp qarshiligiga duch kelganmiz. Bular yurakda alamli ogʻriqqa aylangan.

Bugunning yoshlarida imkonning hammasi bor!

Eng muhimi, ular bilan muloqot qiladi­gan va gʻoyalarini roʻyobga chiqaradigan davlat rahbari bor. Shubhasiz, Oʻzbekiston yoshla­rini harakatga keltirib, ularga erkin may­don va minbar berib, xalqaro sahnalardagi ulkan zafarlarga ilhomlantiruvchi shaxs Prezidentimizdir.

Keyingi yillardagi tizimli islohot­lar natijasida yoshlarga oid davlat siyosati ham shaklan, ham mazmunan tubdan oʻzgardi. Yoshlar bilan ishlash va ularning kamoloti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mam­lakatimizdagi katta-kichik har bir rahbar­ning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimida keng koʻlamli yangilanishlar sodir boʻldi.

Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bi­lan birga bogʻchalardagi oʻrinlar 2,5 mil­lionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar barpo etilgani va mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qoʻshimcha 1 mil­lion oʻquvchi oʻrni ochildi. Shu davrda oliy taʼlimdagi qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazilgani tizimdagi keskin burilishni anglatadi. Sport va sogʻliqni saqlash soha­sidagi islohotlar jismonan sogʻlom, barka­mol avlodni kamol toptirish va Vatanimiz nomini dunyoga tanitadigan yangi isteʼdod­larni yuzaga chiqarishda muhim omil boʻl­moqda. Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng yuqori surʼatda rivojlanayot­gan davlat deb eʼtirof etilgani ham yoshlar siyosati yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarning amaliy mahsulidir.

Aynan shu davrda Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti anʼanaga aylandi. Joriy yil 24-fevral kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuv davlat va yoshlar oʻrtasidagi institutsional muloqotning yangi bosqichi­ni boshlab berdi. Unda 60 mingdan ziyod yi­git-qiz ishtirok etgani, muhokama qilingan masalalarning qamrovi va eʼlon qilingan tashabbuslar tizimliligi bu muloqotni strategik ahamiyatga ega siyosiy voqea sifa­tida baholash imkonini beradi.

Avval qanday edi?

Har qanday islohotning mohiyati va yan­giligi qiyosiy tahlilda koʻrinadi. Keling, yangi Oʻzbekistondagi yoshlar siyosatini mustaqil taraqqiyotimizning avvalgi davrlari­dagi holat bilan qiyosiy oʻrganaylik.

Mamlakatimizda yoshlar siyosati mustaqillikdan keyin davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kel­di. Biroq mazmun-mohiyati, institutsional asoslari va amalga oshirish mexanizmlari turli davrlarda turlicha xususiyat kasb et­gan. Ayniqsa, 1991-2016-yillar va 2017-yil­dan keyingi davr oʻrtasida yoshlar siyosatida konseptual va amaliy jihatdan sezilarli farqlar kuzatiladi.

Oʻzbekiston taraqqiyotining dastlabki davrida ijtimoiy rivojlanishda maʼna­viy-tarbiyaviy siyosat ustuvorlik kasb etdi. Bu davrda yoshlar manfaatlarining huquqiy kafolatlarini yaratish, xususan, ularning taʼlim olishiga doir qonunchilik bazasi shakllantirildi. Oʻsha kezlarda yoshlar siyosati asosan milliy davlatchilikni mustahkamlash, maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan edi. Yoshlar siyosatining markazida milliy qadriyatlar, maʼnaviyat, davlatga sadoqatli kadrlar tayyorlash kabi gʻoyalar turardi. Bu davrda yoshlar siyosati koʻproq ijtimoiy- tarbiyaviy yoʻnalishda boʻlib, iqtisodiy mustaqillik va yoshlar tadbirkorligini ommaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi cheklan­gan edi.

Dastlabki yillarda “Kamolot” jamgʻarmasi faoliyat yuritdi. 2001-yilda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tash­kil etildi. Harakatning bolalar qanoti sifatida “Kamalak” tizimi ham yoʻlga qoʻyildi. Bu yoshlarni davlat siyosati atrofi­da birlashtirishga qaratilgan markazlash­gan tizim edi. Lekin bu davrda yoshlarga oid siyosatni amalga oshiradigan va mu­vofiqlashtiradigan yagona davlat organi mavjud boʻlmagan. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, xususan, ular­ning bandligini taʼminlash borasida muammolar bor edi. Bu muammolarni hal etish mexanizmlari qonunchilikda va ijro organlari faoliyatida aniq belgilab qoʻyilmagan, mavjud mexanizmlar ham zaif va tor doirada edi. Masalan, qonunchilik­ni takomillashtirishga doir takliflarni parlament minbarlariga yoki yoshlarning hududlardagi ijtimoiy muammolarini mahalliy kengashlar kun tartibiga olib chiqish oson emasdi. Yoshlar siyosatiga doir chora-tadbirlar asosan yil dasturlari doirasida amalga oshirilardi. Yoshlar­ning aynan bir qatlamiga yoʻnaltirilgan yoki muayyan muammolarni bartaraf etishga moʻljallangan maqsadli ijtimoiy dasturlar kam edi. Davlat tomonidan yoshlar uchun bugungidek ragʻbat choralari va ochiq muloqot maydoni taklif qilinmagan.

Kechagi kunimizni yomonlash niyati­dan yiroqman. Bu — biz bosib oʻtgan va mamlakatimiz tarixida oʻzining sezilarli izini qoldirgan ta­raqqiyot yoʻli. Aytayotgan fikrlarim oʻsha davrda yosh avlod vakili boʻlgan va yoshlar bi­lan ishlash sohasida faoli­yat yuritgan mutaxassisning amaliy tajribasi mahsuli, shaxsiy qarashlari sifa­tida qabul qilinishini xohlardim. Yuqorida qayd etilgan holatlarning ak­sariyatiga amaliyotda roʻ­baroʻ kelganman. Oʻz vaqtida yoshlar masalalarini turli minbarlarga olib chiqish va ularni hal etish jarayonlari­da bevosita qatnashganman.

Albatta, 1991-2016-yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan yoshlar siyosati yosh avlodning jismo­niy va maʼnaviy kamolotiga oʻziga xos hissa qoʻshgan. Buni tan olmaslik va eʼtirof etmaslik adolatdan boʻlmaydi. Lekin bu davrdagi yoshlar siyosatiga baho be­rishda uning nisbatan maʼnaviyat omiliga yoʻnaltirilgani, asosan ijtimoiy-siyosiy tarbiya hamda safarbarlikka qaratilganini qayd etish lozim. Boshqacha aytganda, avvalgi davrda yoshlar siyosati milliy davlatchilik­ni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlik­ni taʼminlash, markazlashgan tashkilotchi­lik modeliga tayangan edi.

Nimalar oʻzgardi?

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yoshlar siyosati institutsional va huquqiy jihatdan chuqurlashib, davlat taraqqiyot strategiyasi­ning ustuvor qismiga aylandi. Prezidenti­miz tashabbusi bilan asos solingan yoshlar siyosati koʻp jihatdan yangicha va farqli.

2016-yilda boʻlib oʻtgan Prezidentlik saylovlari davrida davlatimiz rahbari “Yoshlar bilan ishlash masalasi ijtimoiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, bu borada keng koʻlamli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish­ni taqozo etadi”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, 2017-yildan yoshlarga oid dav­lat siyosati sohasida tizimli va keng koʻlam­li islohotlar davri boshlandi.

Birinchidan, yoshlarni “ijtimoiy gu­ruh” emas, “demografik-iqtisodiy resurs” sifatida boshqarishga oʻtildi. Aniqrogʻi, yoshlar masalasi “tarbiya” doirasidan chiqib, mehnat bozori, bandlik, tadbirkorlik va inson kapitali mantigʻiga koʻchdi.

Buning amaliy isbotini ayrim raqam­lar misolida ham koʻrish mumkin. Oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgan, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturla­ri hisobidan 15 ming yigit-qiz tadbir­korligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagan.

Ikkinchidan, yoshlar siyosatini amalga oshiruvchi muhim institutlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar siyosati alohi­da davlat siyosati yoʻnalishi sifatida huquqiy va tashkilotchilik jihatidan takomillashtirildi. Boshqacha aytganda, yoshlar siyosati “tashkilot”dan “davlat ti­zimi”ga oʻtdi.

Xususan, 2016-yil 14-sentyabrda “Yoshlar­ga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu yoshlar siyosati rivojida yangi bosqich sifatida baholanadi.

2017-yil 30-iyun kuni davlatimiz rahba­ri “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ne­gizida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqini taʼ­sis etish tashabbusini bildirdi. Oʻsha yil 5-iyulda Prezidentimizning davlat yoshlar siyosati samaradorligini oshirish va Yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari haqidagi farmoni qabul qilindi.

2020-yil 30-iyunda yoshlar siyosatini amal­ga oshiruvchi va muvofiqlashtiruvchi davlat organi — Yoshlar ishlari agentligi tuzildi. Mazkur agentlik tashkil qilinishi bilan yoshlar siyosati alohida davlat boshqaruvi institutiga aylandi. Shu tariqa bosqichma-bosqich yoshlar bilan ishlash sohasidagi dav­lat boshqaruvi arxitekturasi yangilandi.

Uchinchidan, yoshlar bilan ishlashda “Ijtimoiy dasturlar va bozor mexa­nizmlari” uygʻunligiga asoslangan yangicha tizimga asos solindi. Bu tizim iqtisodiy ragʻbat orqali yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochishni koʻzda tutadi. Hozir yoshlar siyosatida davlatning roli faqat “tarbiya” emas, balki kredit, grant, inkubatsiya, franshiza, infratuzilma xarajatini qoplash kabi iqtisodiy vositalar orqali na­moyon boʻlyapti.

Misol uchun, muloqotda innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi eʼlon qilindi. Servis va umumiy ovqatla­nish sohasida mingdan ziyod ish oʻrni ochgan mahalliy brendlardan franshiza olib, fi­lial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay mo­liyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

Toʻrtinchidan, yoshlar bilan ishlashda inklyuzivlik va “ikkinchi imkon” siyosati­ga ahamiyat berilmoqda. Bugun yoshlar siyo­satida yangi qatlam — jamiyatning asosiy ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tizim­lariga toʻliq qoʻshila olmagan, uyushmagan yoshlar guruhi bilan ishlash ham alohida dasturga aylanyapti. Masalan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez mosla­shishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi amalga oshiriladi. Unga asosan 8-12 oy intensiv kurslarda kasb va chet tili, daromadli ishga tayyorlash choralari koʻriladi.

Beshinchidan, yoshlar “iqtisodiy drayver” sifatida baholan­moqda. Muloqotda yoshlar tadbirkorli­gi uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajra­tish, kredit miqdorini keskin oshirish, venchur moliyalashtirish imko­niyatini kengaytirish, biznes inkubatorlar jo­riy etish boʻyicha bildiril­gan tashabbuslar mohiyatan yoshlarning iqtisodiy faol­ligini oshirishga qaratilgan tizimli siyosatni namoyon etadi. Bu Oʻzbekiston rahbariyati yoshlarni iqtisodiy oʻsish resursi sifatida koʻra­yotganini anglatadi.

Oltinchidan, yangi davrda davlat — jamiyat muloqoti kuchaydi va fuqarolik institutlarining roli oshdi. Yoshlar ishtirokini kengaytirish mexanizmlari davlat strategiyasining bir qismi sifa­tida shakllanmoqda.

Prezidentimizning yosh avlod vakilla­ri bilan muloqoti jamiyatda fuqarolik tashabbuslari uchun yangi toʻlqinni paydo qilmoqda. Davlat bunday uchrashuvlar orqa­li yoshlarning ovozini eshitmoqda va ular­ning ijtimoiy kayfiyatini his qilmoqda. Bunga javoban yangi tashabbuslar, natijaga yoʻnaltirilgan dasturlar va iqtisodiy ragʻ­bat bilan navqiron avlodning intilishla­riga kuchli turtki bermoqda.

Yoshlar siyosatini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtiroki ham yildan yilga faollashmoqda. Fuqarolik institutlarining loyihala­ri davlat buyurtmasi va grantlar orqali moliyaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Har yili 30-iyun Oʻzbekistonda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlab keli­nayotir. Davlatimiz rahbarining yangi tashabbusiga muvofiq, endi payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” boʻlishi belgilandi. Shu kuni masʼul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi.

Qanday natijalarga erishdik?

Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosatining bunyodkorligi va natijadorligini yi­git-qizlarning yangicha qiyofasi, yildan yilga oʻsib borayotgan ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda ular erishayotgan olamshu­mul yutuqlar misolida koʻrish mumkin.

Keling, buni aniq misollarda tahlil qilaylik.

Yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish, startap va venchur mexanizmlarini joriy etish, kasbiy taʼlimni mehnat bozori talabi­ga moslashtirish kabi choralar yoshlarni ish iz­lovchidan ish beruvchiga aylantirishga xizmat qilmoqda. Natijada kichik va oʻrta biznesda yoshlar ulushi ortdi, xizmat koʻrsatish va axbo­rot texnologiyalari sohasida yangi ish oʻrinla­ri ochildi, ichki iqtisodiy faollik kuchaydi.

Mamlakatimizda har yili yuz minglab yigit-qiz mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Yoshlar siyosatining iqtisodiy yoʻnalti­rilgani ishsizlik xavfini pasaytiradi, mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshi­radi, soliq bazasini kengaytiradi. Bu dav­lat byudjeti barqarorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Yangi davrdagi islohotlar yoshlar qat­lamining ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashdagi ishtirokini kengaytirdi. Xususan, volontyorlik harakatining rivojlanishi, yoshlar tashabbuslarini grantlar orqali qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish jamiyatda fuqaro­lik faolligini oshirdi. Yoshlar forumlari, ochiq muloqotlar va institutsional platfor­malar orqali yoshlarning siyosiy jarayonlar­dagi ishtiroki ortmoqda. Buning amaliy samarasini yoshlarda ijtimoiy masʼuliyatning kuchayishi, jamoatchilik nazorati madaniyatining shakllanishi, ijtimoiy muammolarni hal qilishda davlat va jamiyat hamkorligi misolida koʻrib turibmiz. Bu jihatlar jamiyatimiz barqarorligi uchun oʻta muhim. Chunki jamoatchilik ishtiroki­ning kuchayishi jamiyatda ishonch va barqa­rorlikni taʼminlaydi.

Ushbu yoʻnalishdagi izchil chora-tadbirlar jamiyatimizdagi radikallashuv va ijtimoiy xavflarning kamayishiga olib keldi. Zero, yoshlar bandligi va maʼnaviy muhitni mustahkamlash ekstremizm va jamiyatdan ijtimoiy chetlashuv xavfini kamaytiradi. Boshqa­cha aytganda, bugungi iqtisodiy imkoniyat va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlovning kengayishi yoshlar orasida ijtimoiy tushkunlik daraja­sini pasaytirishga xizmat qilmoqda. Yoshlar siyosatida kitobxonlikni ommalashtirish, madaniyat va sportni qoʻllab-quvvatlash, xo­rijiy tillarni oʻrganishni ragʻbatlantirish kabi yoʻnalishlar jamiyatning intellektual salohiyatini oshirmoqda.

Yoshlar ishlari boʻyicha alohida davlat institutining shakllanishi yoshlar siyosati­da tizimlilikni taʼminladi. Bu boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat siyosa­tining maqsadli va manzilli amalga oshi­rilishini kuchaytirish, hisobdorlik mexa­nizmlarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Yangi davrning yoshlar siyosatini ham tadrijiy bosqichlarga boʻlish mumkin. Jumla­dan, oʻz mohiyatiga koʻra islohotlar insti­tutsional yangilanish (2016-2021-yillar), iqtisodiy chuqurlashuv (2021-2023-yillar) va barqaror innovatsion rivojlanish bosqi­chi (2023-yildan keyingi davr) sifatida tav­siflanadi.

Bugun yoshlarga oid davlat siyosati yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻna­lishi va muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu siyosat jamiyat va dav­lat uchun uzoq muddatli strategik taʼsirga ega hamda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda inson kapitali oʻsishi va iqtisodiy faollikning ortishi, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik faolligining kuchayishi, davlat boshqaruvi samaradorli­gining oshishi, milliy xavfsizlik va maʼ­naviy barqarorlikning mustahkamlanishi kabi salmoqli natijalarni oʻtgan davrda toʻgʻri yuritilgan yoshlar siyosatining ama­liy mahsuli sifatida baholash lozim. Bu siyosatning izchilligini taʼminlash orqali Oʻzbekiston 2030-2040-yillarda mintaqaviy bilim va xizmatlar markaziga aylanishi mumkin.

Tarixiy uchrashuv. Nega?

Ayrim tadqiqotchilar Prezidentimiz­ning rahbarlik uslubini “transformatsion liderlik” sifatida baholaydi, yaʼni davlat barcha islohotni jamiyat bilan muloqot aso­sida amalga oshiradi. Davlatimiz rahbari yoshlar siyosatiga ham aynan shunday yondash­moqda. 2017-yildan keyingi davrda yosh av­lod vakillari bilan anʼanaviy tus olgan muloqotlar yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda oʻziga xos hamkorlik plat­formasi vazifasini bajarmoqda.

Bu galgi uchrashuvda 22 milliondan ziyod yigit-qiz iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekani taʼkidlandi hamda bu demografik omil strategik resurs sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar oqimini samarali bandlik, taʼlim va tadbirkorlik orqali rivojla­nish drayveriga aylantirish strategiyasi ilgari surildi.

Muloqotda yoshlar tadbirkorligini iqti­sodiy transformatsiya omiliga aylantirish­ga qaratilgan qator tashabbuslar eʼlon qi­lindi. Misol uchun, “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkor­larga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratiladi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tad­birkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, fao­liyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 mil­liard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit berilishi belgilandi. Bu yondashuv inson kapitali nazariyasi va in­novatsion iqtisodiyot modellariga muvofiq yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga ay­lantirishga qaratilgan.

Taʼlim — mehnat bozori integratsiyasi­ga doir tashabbuslar ham eʼtiborga molik. Texnikumlarda dual taʼlimni kengaytirish, “spin-off”larga ruxsat berish, “Work and Travel” dasturini joriy etish kabi choralar taʼlim tizimini mehnat bozori talabiga moslashtirishni koʻzlaydi. Bu mohiyatan taʼ­lim samaradorligini oshirish va ishsizlik xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Uchrashuvda volontyorlik harakatini ri­vojlantirish, “Volontyorlikni qoʻllab-quv­vatlash” jamgʻarmasini tashkil etish, volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grantlar ajratish va “ijtimoiy fa­ollik kartasi”ni joriy etish rejalashti­rildi. Ijtimoiy kapital va fuqarolik faolligini kuchaytirishga qaratilgan bu chora-tadbirlar yoshlarda ijtimoiy masʼuliyat va jamoatchilik ishtirokini kuchayti­rish mexanizmidir.

Mazkur muloqotning tarixiy ahamiyati­ni qator omillar bilan asoslash mumkin. Birinchidan, tadbir davlat — yoshlar muno­sabatlarining yangi modelini namoyon qildi. Bu uchrashuv yoshlarni siyosat obyekti emas, balki subyekt sifatida koʻrishga asoslangan yangi boshqaruv modelini mustahkamladi.

Ikkinchidan, institutsional islohot­larning chuqurlashuvi yaqqol koʻrindi. Kre­dit siyosatidan tortib, taʼlim, soliq imti­yozlari va venchur jamgʻarmalarigacha boʻlgan kompleks yondashuv davlat siyosatida tizim­lilik bosqichiga oʻtilganini anglatadi.

Uchinchidan, hozir innovatsion iqtiso­diyotga oʻtish bosqichida ekanimiz yanada oy­dinlashdi. Startaplar, venchur investitsiya­lar, xalqaro hamkorlik, “Take Off” sammiti kabi tashabbuslar Oʻzbekistonning xomashyoga emas, bilim va innovatsiyaga tayangan iqtiso­diyot modeliga oʻtishini tezlashtiradi.

Toʻrtinchidan, milliy maʼnaviy siyosat­ning yangi bosqichiga kirib borayotganimiz ayon boʻldi. Kitobxonlik, tarjima dasturla­ri, ijodkorlarni ragʻbatlantirish orqali maʼnaviy kapitalni mustahkamlashga qara­tilgan choralar davlat siyosatining faqat iqtisodiy emas, balki madaniy-siviliza­sion yoʻnalishga ega ekanini koʻrsatadi.

Beshinchidan, muloqot 2030-yilgacha moʻl­jallangan strategik demografik tayyorgar­likni koʻrsatib berdi. Har yili 600 ming, 2030-yilga borib 1 million yosh mehnat bo­zoriga kirib kelishi sharoitida bu tashabbuslar kelgusi ijtimoiy bosimlarning oldini olishga qaratilgan, puxta oʻylangan siyosat, desak xato boʻlmaydi. Islohotlardan koʻzlangan samaraga erishilsa, yaʼni yoshlar sifatli taʼlim olsa, kasbga ega boʻlsa, iqti­sodiy faollashsa, 2030-2040-yillarda Oʻzbe­kistonda malakali kadrlar qatlami shaklla­nadi, yuqori qoʻshimcha qiymatli iqtisodiyot barpo etiladi, innovatsion milliy brend­lar paydo boʻladi.

Prezidentimizning yoshlar bilan navbatdagi muloqoti mazmunan demografik resursni iqtisodiy kuchga aylantirish, yoshlar tadbirkorligini milliy taraqqiyot drayveriga chiqarish, taʼlim va mehnat bo­zori integratsiyasini taʼminlash, fuqaro­lik jamiyatini mustahkamlash, inklyuziv va maʼnaviy siyosatni kuchaytirish kabi stra­tegik vazifalarni belgilab bergani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Ilmiy nuqtayi nazardan, mazkur uchrashuvni Oʻzbekistonda yoshlar siyosati tadrijiy rivojining institutsionallashgan va iqtisodiy transfor­matsiyaga qaratilgan yangi bosqichi sifatida baholash mumkin.

Shuhrat ORIPOV,

jurnalist