Shu kunlarda qaysi davraga kirsangiz, davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan muloqotida yangragan chaqiriqlar va yangi tashabbuslar muhokamasiga duch kelasiz. Bugunning yoshlariga har tomonlama havas qilgulik. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati koʻlami juda keng. Jamiyatimizdagi hech bir soha yoki tarmoq, hech bir yigit-qiz bu islohotlardan chetda emas. Yoshlar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni eshitib, koʻrib, beixtiyor shoir yozganidek, “Eh, sening yoshliging menda boʻlsaydi...”, deb yuborasiz!
Kuni kecha sobiq hamkasbimni uchratib qoldim. U bilan 2000-yillarning boshida siyosiy partiyaning yoshlar tuzilmasida birga ishlaganmiz. Oʻsha davrlarni esladik. Bugun bilan qiyoslab, hozirgi yoshlar yetakchilariga rosmana havasimiz keldi.
Esimda: oʻshanda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish boʻyicha qator takliflar tayyorlandi. Ulardan biri yoshlarga oid siyosatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organini tashkil etish gʻoyasi edi. Shu taklifni bir davra suhbatida bildirganimizda koʻp malomatga qolganmiz. Koʻpchilik ekspertlar fikrimizni qoʻllab-quvvatlamagan, aksincha, tanqid qilgan. Gazetalardan birida “Ijtimoiy harakat: u qanday boʻlishi kerak?” sarlavhali maqolam eʼlon qilinganida oʻsha paytdagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashiga chaqirib, jiddiy muhokama qilishgan. Harakat faolligini oshirish boʻyicha bildirgan takliflarim uchun dakki eshitganman. “Bizda hammasi zoʻr. Takliflaringizga muhtoj emasmiz”, deyishgan.
Hozir shular haqida oʻylasam, koʻngilning bir chetida qolib ketgan alamli ogʻriqlar uygʻonadi. Oʻsha kezlarda yosh va gʻayratli boʻlganmiz. Qalbimizda koʻp orzu-umidlar, gʻoyalar bor edi. Lekin oʻsha davrlarda bizni eshitadigan, gʻoyalarimizni amalga oshiradigan va bizni yangi marralarga undaydigan kuch boʻlmagan. Davralarda joʻshib oʻz fikrimizni bayon qilganimizda bizga ragʻbat berilmagan, gʻoyalarimiz qadr topmagan. Faolligimiz va tashabbuslarimiz uchun katta avlodning koʻp qarshiligiga duch kelganmiz. Bular yurakda alamli ogʻriqqa aylangan.
Bugunning yoshlarida imkonning hammasi bor!
Eng muhimi, ular bilan muloqot qiladigan va gʻoyalarini roʻyobga chiqaradigan davlat rahbari bor. Shubhasiz, Oʻzbekiston yoshlarini harakatga keltirib, ularga erkin maydon va minbar berib, xalqaro sahnalardagi ulkan zafarlarga ilhomlantiruvchi shaxs Prezidentimizdir.
Keyingi yillardagi tizimli islohotlar natijasida yoshlarga oid davlat siyosati ham shaklan, ham mazmunan tubdan oʻzgardi. Yoshlar bilan ishlash va ularning kamoloti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish mamlakatimizdagi katta-kichik har bir rahbarning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimida keng koʻlamli yangilanishlar sodir boʻldi.
Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bogʻchalardagi oʻrinlar 2,5 millionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar barpo etilgani va mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qoʻshimcha 1 million oʻquvchi oʻrni ochildi. Shu davrda oliy taʼlimdagi qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazilgani tizimdagi keskin burilishni anglatadi. Sport va sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar jismonan sogʻlom, barkamol avlodni kamol toptirish va Vatanimiz nomini dunyoga tanitadigan yangi isteʼdodlarni yuzaga chiqarishda muhim omil boʻlmoqda. Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng yuqori surʼatda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani ham yoshlar siyosati yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarning amaliy mahsulidir.
Aynan shu davrda Prezidentimizning yoshlar bilan muloqoti anʼanaga aylandi. Joriy yil 24-fevral kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuv davlat va yoshlar oʻrtasidagi institutsional muloqotning yangi bosqichini boshlab berdi. Unda 60 mingdan ziyod yigit-qiz ishtirok etgani, muhokama qilingan masalalarning qamrovi va eʼlon qilingan tashabbuslar tizimliligi bu muloqotni strategik ahamiyatga ega siyosiy voqea sifatida baholash imkonini beradi.
Avval qanday edi?
Har qanday islohotning mohiyati va yangiligi qiyosiy tahlilda koʻrinadi. Keling, yangi Oʻzbekistondagi yoshlar siyosatini mustaqil taraqqiyotimizning avvalgi davrlaridagi holat bilan qiyosiy oʻrganaylik.
Mamlakatimizda yoshlar siyosati mustaqillikdan keyin davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib keldi. Biroq mazmun-mohiyati, institutsional asoslari va amalga oshirish mexanizmlari turli davrlarda turlicha xususiyat kasb etgan. Ayniqsa, 1991-2016-yillar va 2017-yildan keyingi davr oʻrtasida yoshlar siyosatida konseptual va amaliy jihatdan sezilarli farqlar kuzatiladi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining dastlabki davrida ijtimoiy rivojlanishda maʼnaviy-tarbiyaviy siyosat ustuvorlik kasb etdi. Bu davrda yoshlar manfaatlarining huquqiy kafolatlarini yaratish, xususan, ularning taʼlim olishiga doir qonunchilik bazasi shakllantirildi. Oʻsha kezlarda yoshlar siyosati asosan milliy davlatchilikni mustahkamlash, maʼnaviy tarbiya va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan edi. Yoshlar siyosatining markazida milliy qadriyatlar, maʼnaviyat, davlatga sadoqatli kadrlar tayyorlash kabi gʻoyalar turardi. Bu davrda yoshlar siyosati koʻproq ijtimoiy- tarbiyaviy yoʻnalishda boʻlib, iqtisodiy mustaqillik va yoshlar tadbirkorligini ommaviy qoʻllab-quvvatlash tizimi cheklangan edi.
Dastlabki yillarda “Kamolot” jamgʻarmasi faoliyat yuritdi. 2001-yilda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashkil etildi. Harakatning bolalar qanoti sifatida “Kamalak” tizimi ham yoʻlga qoʻyildi. Bu yoshlarni davlat siyosati atrofida birlashtirishga qaratilgan markazlashgan tizim edi. Lekin bu davrda yoshlarga oid siyosatni amalga oshiradigan va muvofiqlashtiradigan yagona davlat organi mavjud boʻlmagan. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, xususan, ularning bandligini taʼminlash borasida muammolar bor edi. Bu muammolarni hal etish mexanizmlari qonunchilikda va ijro organlari faoliyatida aniq belgilab qoʻyilmagan, mavjud mexanizmlar ham zaif va tor doirada edi. Masalan, qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflarni parlament minbarlariga yoki yoshlarning hududlardagi ijtimoiy muammolarini mahalliy kengashlar kun tartibiga olib chiqish oson emasdi. Yoshlar siyosatiga doir chora-tadbirlar asosan yil dasturlari doirasida amalga oshirilardi. Yoshlarning aynan bir qatlamiga yoʻnaltirilgan yoki muayyan muammolarni bartaraf etishga moʻljallangan maqsadli ijtimoiy dasturlar kam edi. Davlat tomonidan yoshlar uchun bugungidek ragʻbat choralari va ochiq muloqot maydoni taklif qilinmagan.
Kechagi kunimizni yomonlash niyatidan yiroqman. Bu — biz bosib oʻtgan va mamlakatimiz tarixida oʻzining sezilarli izini qoldirgan taraqqiyot yoʻli. Aytayotgan fikrlarim oʻsha davrda yosh avlod vakili boʻlgan va yoshlar bilan ishlash sohasida faoliyat yuritgan mutaxassisning amaliy tajribasi mahsuli, shaxsiy qarashlari sifatida qabul qilinishini xohlardim. Yuqorida qayd etilgan holatlarning aksariyatiga amaliyotda roʻbaroʻ kelganman. Oʻz vaqtida yoshlar masalalarini turli minbarlarga olib chiqish va ularni hal etish jarayonlarida bevosita qatnashganman.
Albatta, 1991-2016-yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan yoshlar siyosati yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy kamolotiga oʻziga xos hissa qoʻshgan. Buni tan olmaslik va eʼtirof etmaslik adolatdan boʻlmaydi. Lekin bu davrdagi yoshlar siyosatiga baho berishda uning nisbatan maʼnaviyat omiliga yoʻnaltirilgani, asosan ijtimoiy-siyosiy tarbiya hamda safarbarlikka qaratilganini qayd etish lozim. Boshqacha aytganda, avvalgi davrda yoshlar siyosati milliy davlatchilikni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, markazlashgan tashkilotchilik modeliga tayangan edi.
Nimalar oʻzgardi?
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yoshlar siyosati institutsional va huquqiy jihatdan chuqurlashib, davlat taraqqiyot strategiyasining ustuvor qismiga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan asos solingan yoshlar siyosati koʻp jihatdan yangicha va farqli.
2016-yilda boʻlib oʻtgan Prezidentlik saylovlari davrida davlatimiz rahbari “Yoshlar bilan ishlash masalasi ijtimoiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, bu borada keng koʻlamli chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishni taqozo etadi”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, 2017-yildan yoshlarga oid davlat siyosati sohasida tizimli va keng koʻlamli islohotlar davri boshlandi.
Birinchidan, yoshlarni “ijtimoiy guruh” emas, “demografik-iqtisodiy resurs” sifatida boshqarishga oʻtildi. Aniqrogʻi, yoshlar masalasi “tarbiya” doirasidan chiqib, mehnat bozori, bandlik, tadbirkorlik va inson kapitali mantigʻiga koʻchdi.
Buning amaliy isbotini ayrim raqamlar misolida ham koʻrish mumkin. Oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgan, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming yigit-qiz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagan.
Ikkinchidan, yoshlar siyosatini amalga oshiruvchi muhim institutlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar siyosati alohida davlat siyosati yoʻnalishi sifatida huquqiy va tashkilotchilik jihatidan takomillashtirildi. Boshqacha aytganda, yoshlar siyosati “tashkilot”dan “davlat tizimi”ga oʻtdi.
Xususan, 2016-yil 14-sentyabrda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bu yoshlar siyosati rivojida yangi bosqich sifatida baholanadi.
2017-yil 30-iyun kuni davlatimiz rahbari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqini taʼsis etish tashabbusini bildirdi. Oʻsha yil 5-iyulda Prezidentimizning davlat yoshlar siyosati samaradorligini oshirish va Yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari haqidagi farmoni qabul qilindi.
2020-yil 30-iyunda yoshlar siyosatini amalga oshiruvchi va muvofiqlashtiruvchi davlat organi — Yoshlar ishlari agentligi tuzildi. Mazkur agentlik tashkil qilinishi bilan yoshlar siyosati alohida davlat boshqaruvi institutiga aylandi. Shu tariqa bosqichma-bosqich yoshlar bilan ishlash sohasidagi davlat boshqaruvi arxitekturasi yangilandi.
Uchinchidan, yoshlar bilan ishlashda “Ijtimoiy dasturlar va bozor mexanizmlari” uygʻunligiga asoslangan yangicha tizimga asos solindi. Bu tizim iqtisodiy ragʻbat orqali yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochishni koʻzda tutadi. Hozir yoshlar siyosatida davlatning roli faqat “tarbiya” emas, balki kredit, grant, inkubatsiya, franshiza, infratuzilma xarajatini qoplash kabi iqtisodiy vositalar orqali namoyon boʻlyapti.
Misol uchun, muloqotda innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi eʼlon qilindi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida mingdan ziyod ish oʻrni ochgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Toʻrtinchidan, yoshlar bilan ishlashda inklyuzivlik va “ikkinchi imkon” siyosatiga ahamiyat berilmoqda. Bugun yoshlar siyosatida yangi qatlam — jamiyatning asosiy ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy tizimlariga toʻliq qoʻshila olmagan, uyushmagan yoshlar guruhi bilan ishlash ham alohida dasturga aylanyapti. Masalan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi amalga oshiriladi. Unga asosan 8-12 oy intensiv kurslarda kasb va chet tili, daromadli ishga tayyorlash choralari koʻriladi.
Beshinchidan, yoshlar “iqtisodiy drayver” sifatida baholanmoqda. Muloqotda yoshlar tadbirkorligi uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratish, kredit miqdorini keskin oshirish, venchur moliyalashtirish imkoniyatini kengaytirish, biznes inkubatorlar joriy etish boʻyicha bildirilgan tashabbuslar mohiyatan yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan tizimli siyosatni namoyon etadi. Bu Oʻzbekiston rahbariyati yoshlarni iqtisodiy oʻsish resursi sifatida koʻrayotganini anglatadi.
Oltinchidan, yangi davrda davlat — jamiyat muloqoti kuchaydi va fuqarolik institutlarining roli oshdi. Yoshlar ishtirokini kengaytirish mexanizmlari davlat strategiyasining bir qismi sifatida shakllanmoqda.
Prezidentimizning yosh avlod vakillari bilan muloqoti jamiyatda fuqarolik tashabbuslari uchun yangi toʻlqinni paydo qilmoqda. Davlat bunday uchrashuvlar orqali yoshlarning ovozini eshitmoqda va ularning ijtimoiy kayfiyatini his qilmoqda. Bunga javoban yangi tashabbuslar, natijaga yoʻnaltirilgan dasturlar va iqtisodiy ragʻbat bilan navqiron avlodning intilishlariga kuchli turtki bermoqda.
Yoshlar siyosatini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtiroki ham yildan yilga faollashmoqda. Fuqarolik institutlarining loyihalari davlat buyurtmasi va grantlar orqali moliyaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Har yili 30-iyun Oʻzbekistonda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlab kelinayotir. Davlatimiz rahbarining yangi tashabbusiga muvofiq, endi payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” boʻlishi belgilandi. Shu kuni masʼul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi.
Qanday natijalarga erishdik?
Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosatining bunyodkorligi va natijadorligini yigit-qizlarning yangicha qiyofasi, yildan yilga oʻsib borayotgan ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda ular erishayotgan olamshumul yutuqlar misolida koʻrish mumkin.
Keling, buni aniq misollarda tahlil qilaylik.
Yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish, startap va venchur mexanizmlarini joriy etish, kasbiy taʼlimni mehnat bozori talabiga moslashtirish kabi choralar yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirishga xizmat qilmoqda. Natijada kichik va oʻrta biznesda yoshlar ulushi ortdi, xizmat koʻrsatish va axborot texnologiyalari sohasida yangi ish oʻrinlari ochildi, ichki iqtisodiy faollik kuchaydi.
Mamlakatimizda har yili yuz minglab yigit-qiz mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Yoshlar siyosatining iqtisodiy yoʻnaltirilgani ishsizlik xavfini pasaytiradi, mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshiradi, soliq bazasini kengaytiradi. Bu davlat byudjeti barqarorligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Yangi davrdagi islohotlar yoshlar qatlamining ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashdagi ishtirokini kengaytirdi. Xususan, volontyorlik harakatining rivojlanishi, yoshlar tashabbuslarini grantlar orqali qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish jamiyatda fuqarolik faolligini oshirdi. Yoshlar forumlari, ochiq muloqotlar va institutsional platformalar orqali yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki ortmoqda. Buning amaliy samarasini yoshlarda ijtimoiy masʼuliyatning kuchayishi, jamoatchilik nazorati madaniyatining shakllanishi, ijtimoiy muammolarni hal qilishda davlat va jamiyat hamkorligi misolida koʻrib turibmiz. Bu jihatlar jamiyatimiz barqarorligi uchun oʻta muhim. Chunki jamoatchilik ishtirokining kuchayishi jamiyatda ishonch va barqarorlikni taʼminlaydi.
Ushbu yoʻnalishdagi izchil chora-tadbirlar jamiyatimizdagi radikallashuv va ijtimoiy xavflarning kamayishiga olib keldi. Zero, yoshlar bandligi va maʼnaviy muhitni mustahkamlash ekstremizm va jamiyatdan ijtimoiy chetlashuv xavfini kamaytiradi. Boshqacha aytganda, bugungi iqtisodiy imkoniyat va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlovning kengayishi yoshlar orasida ijtimoiy tushkunlik darajasini pasaytirishga xizmat qilmoqda. Yoshlar siyosatida kitobxonlikni ommalashtirish, madaniyat va sportni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy tillarni oʻrganishni ragʻbatlantirish kabi yoʻnalishlar jamiyatning intellektual salohiyatini oshirmoqda.
Yoshlar ishlari boʻyicha alohida davlat institutining shakllanishi yoshlar siyosatida tizimlilikni taʼminladi. Bu boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat siyosatining maqsadli va manzilli amalga oshirilishini kuchaytirish, hisobdorlik mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Yangi davrning yoshlar siyosatini ham tadrijiy bosqichlarga boʻlish mumkin. Jumladan, oʻz mohiyatiga koʻra islohotlar institutsional yangilanish (2016-2021-yillar), iqtisodiy chuqurlashuv (2021-2023-yillar) va barqaror innovatsion rivojlanish bosqichi (2023-yildan keyingi davr) sifatida tavsiflanadi.
Bugun yoshlarga oid davlat siyosati yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi va muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon boʻlmoqda. Bu siyosat jamiyat va davlat uchun uzoq muddatli strategik taʼsirga ega hamda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda inson kapitali oʻsishi va iqtisodiy faollikning ortishi, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik faolligining kuchayishi, davlat boshqaruvi samaradorligining oshishi, milliy xavfsizlik va maʼnaviy barqarorlikning mustahkamlanishi kabi salmoqli natijalarni oʻtgan davrda toʻgʻri yuritilgan yoshlar siyosatining amaliy mahsuli sifatida baholash lozim. Bu siyosatning izchilligini taʼminlash orqali Oʻzbekiston 2030-2040-yillarda mintaqaviy bilim va xizmatlar markaziga aylanishi mumkin.
Tarixiy uchrashuv. Nega?
Ayrim tadqiqotchilar Prezidentimizning rahbarlik uslubini “transformatsion liderlik” sifatida baholaydi, yaʼni davlat barcha islohotni jamiyat bilan muloqot asosida amalga oshiradi. Davlatimiz rahbari yoshlar siyosatiga ham aynan shunday yondashmoqda. 2017-yildan keyingi davrda yosh avlod vakillari bilan anʼanaviy tus olgan muloqotlar yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda oʻziga xos hamkorlik platformasi vazifasini bajarmoqda.
Bu galgi uchrashuvda 22 milliondan ziyod yigit-qiz iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekani taʼkidlandi hamda bu demografik omil strategik resurs sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar oqimini samarali bandlik, taʼlim va tadbirkorlik orqali rivojlanish drayveriga aylantirish strategiyasi ilgari surildi.
Muloqotda yoshlar tadbirkorligini iqtisodiy transformatsiya omiliga aylantirishga qaratilgan qator tashabbuslar eʼlon qilindi. Misol uchun, “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratiladi. Bunda oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit berilishi belgilandi. Bu yondashuv inson kapitali nazariyasi va innovatsion iqtisodiyot modellariga muvofiq yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirishga qaratilgan.
Taʼlim — mehnat bozori integratsiyasiga doir tashabbuslar ham eʼtiborga molik. Texnikumlarda dual taʼlimni kengaytirish, “spin-off”larga ruxsat berish, “Work and Travel” dasturini joriy etish kabi choralar taʼlim tizimini mehnat bozori talabiga moslashtirishni koʻzlaydi. Bu mohiyatan taʼlim samaradorligini oshirish va ishsizlik xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Uchrashuvda volontyorlik harakatini rivojlantirish, “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasini tashkil etish, volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grantlar ajratish va “ijtimoiy faollik kartasi”ni joriy etish rejalashtirildi. Ijtimoiy kapital va fuqarolik faolligini kuchaytirishga qaratilgan bu chora-tadbirlar yoshlarda ijtimoiy masʼuliyat va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish mexanizmidir.
Mazkur muloqotning tarixiy ahamiyatini qator omillar bilan asoslash mumkin. Birinchidan, tadbir davlat — yoshlar munosabatlarining yangi modelini namoyon qildi. Bu uchrashuv yoshlarni siyosat obyekti emas, balki subyekt sifatida koʻrishga asoslangan yangi boshqaruv modelini mustahkamladi.
Ikkinchidan, institutsional islohotlarning chuqurlashuvi yaqqol koʻrindi. Kredit siyosatidan tortib, taʼlim, soliq imtiyozlari va venchur jamgʻarmalarigacha boʻlgan kompleks yondashuv davlat siyosatida tizimlilik bosqichiga oʻtilganini anglatadi.
Uchinchidan, hozir innovatsion iqtisodiyotga oʻtish bosqichida ekanimiz yanada oydinlashdi. Startaplar, venchur investitsiyalar, xalqaro hamkorlik, “Take Off” sammiti kabi tashabbuslar Oʻzbekistonning xomashyoga emas, bilim va innovatsiyaga tayangan iqtisodiyot modeliga oʻtishini tezlashtiradi.
Toʻrtinchidan, milliy maʼnaviy siyosatning yangi bosqichiga kirib borayotganimiz ayon boʻldi. Kitobxonlik, tarjima dasturlari, ijodkorlarni ragʻbatlantirish orqali maʼnaviy kapitalni mustahkamlashga qaratilgan choralar davlat siyosatining faqat iqtisodiy emas, balki madaniy-sivilizasion yoʻnalishga ega ekanini koʻrsatadi.
Beshinchidan, muloqot 2030-yilgacha moʻljallangan strategik demografik tayyorgarlikni koʻrsatib berdi. Har yili 600 ming, 2030-yilga borib 1 million yosh mehnat bozoriga kirib kelishi sharoitida bu tashabbuslar kelgusi ijtimoiy bosimlarning oldini olishga qaratilgan, puxta oʻylangan siyosat, desak xato boʻlmaydi. Islohotlardan koʻzlangan samaraga erishilsa, yaʼni yoshlar sifatli taʼlim olsa, kasbga ega boʻlsa, iqtisodiy faollashsa, 2030-2040-yillarda Oʻzbekistonda malakali kadrlar qatlami shakllanadi, yuqori qoʻshimcha qiymatli iqtisodiyot barpo etiladi, innovatsion milliy brendlar paydo boʻladi.
Prezidentimizning yoshlar bilan navbatdagi muloqoti mazmunan demografik resursni iqtisodiy kuchga aylantirish, yoshlar tadbirkorligini milliy taraqqiyot drayveriga chiqarish, taʼlim va mehnat bozori integratsiyasini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, inklyuziv va maʼnaviy siyosatni kuchaytirish kabi strategik vazifalarni belgilab bergani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Ilmiy nuqtayi nazardan, mazkur uchrashuvni Oʻzbekistonda yoshlar siyosati tadrijiy rivojining institutsionallashgan va iqtisodiy transformatsiyaga qaratilgan yangi bosqichi sifatida baholash mumkin.
Shuhrat ORIPOV,
jurnalist