Dunyoda raqamli texnologiyalar, zamonaviy innovatsiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bir vaqtlar insonlar fantastik filmlar orqali namoyish etilgan aql bovar qilmas qurilmalar, ertaklarda uchraydigan “aqlli” buyumlar, avtomatik tarzda harakatlanadigan apparatlar, robot va boshqa texnologiyalarning real hayotda paydo bo'lishini aqliga ham sig'dirolmasdi.

Ammo tinib-tinchimas olimlarning izlanishlari tufayli bugungi kunga kelib har qanday g'ayrioddiy texnologiya odamlar uchun fantastika bo'lmay qoldi. Asosan rivojlangan davlatlarda ishlab chiqariladigan bunday zamonaviy texnikalar o'zimizda ham yaratilayotgani, bunda, ayniqsa, yoshlarning hissasi ortib borayotgani quvonarli hol.

Innovatsiya, axborot texnologiyalarini rivojlantirish, barcha jabhalarda joriy etish mamlakatimizda taraqqiyotning muhim yo'nalishlaridan biriga aylandi. Oxirgi yillarda yigit va qizlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish, ilg'or g'oyalar, loyiha va texnologiyalarni hayotga keng joriy qilish, iqtidorli talabalar, yosh olim va tadbirkorlarning innovatsion faoliyatini rag'batlantirish, ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilyapti. Natijada respublikamizning eng chekka hududlarida yashaydigan yoshlarda ham IT sohaga qiziqish ortib, zamonaviy yo'nalishga oid bilimlarni egallash, o'z g'oyalarini ilm-fan bilan bog'lagan holda hayotga tatbiq etish istagidagi o'g'il-qizlar safi kengayib bormoqda.

Quvonarlisi, bunday iqtidor egalarini bir joyda birlashtirib, g'oyalarini qo'llab-quvvatlaydigan turli markazlar, tashkilotlar qoshida guruhlar faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. Prezidentimiz qarori bilan 2019 yil avgust oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi ham qisqa fursatda ilm-fan sohasiga qiziqqan iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni o'z platformasiga a'zo qilishni boshladi.

Buyuk bobolarga munosib vorislar voyaga etmoqda

Akademiyaga o'z jamoasi, startap loyihalariga ega 40 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlar qabul qilinadi. Yosh ixtirochilar bu erda “G'oyalar generatorlari”, “Startaplar”, “Biznes vakillari” hamda “Bo'lajak akademiklar” kabi 4 ta  platformadan birida faoliyat yuritishi mumkin.

Mazkur platformalarga jamoalar o'z maqsad va g'oyalariga ko'ra saralanadi. Masalan, birinchi va ikkinchi platformaga muayyan bir muammoning echimiga qaratilgan innovatsion g'oyaga ega yoki uni amalga oshirishga yo'naltirilgan startap loyihalari hamda bu bo'yicha aniq rejasi bo'lgan jamoalar qabul qilinsa, uchinchisi faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo'llagan, tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega yoshlarga o'z eshiklarini ochadi. “Bo'lajak akademiklar” platformasi esa yuqoridagi tizimlarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojiga katta hissa qo'shayotgan katta ilmiy salohiyatga ega olimlar uchun istiqbolga yo'naltiruvchi mexanizm bo'lib xizmat qilmoqda.

— Ayni paytda Yoshlar akademiyasining 1800 dan ortiq a'zosi bor, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig'i Firdavs Ne'matzoda. — Ular geologiya, matematika, fizika, qishloq xo'jaligi, kimyo sanoati, sog'liqni saqlash, ta'lim, sun'iy intellekt, robototexnika va mexatronika, dasturlash, 3D modellashtirish va boshqa yo'nalishlarda o'z loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. A'zolar orasida innovatsion va amaliy ishlanmalarini hayotga tatbiq etib, muayyan soha rivojiga hissa qo'shayotgan faol va tashabbuskor jamoalar ko'pchilikni tashkil etadi.

Bugun ular tomonidan ishlab chiqilgan ko'plab loyihalar hayotimizga keng joriy etilmoqda. Xususan, ayni paytda turli sohalarda foydalanilayotgan, tug'ma qo'lsiz va hayoti davomida qo'li amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar, o'pkani sun'iy shamollatish apparatlari uchun maxsus oksigenatsiya niqoblari, kiyimlar, bolalar o'yinchoqlari va boshqa uy-ro'zg'or buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga mo'ljallangan “CleanBox” qurilmasi, avtomobillar xavfsizligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Carwon smart security system” mobil` ilovasi, maishiy chiqindilar asosida sun'iy uglerodlashtirilgan material olish qurilmasi, rangli metall buyumlar quyish uchun vakuum asosida ishlaydigan “Humo S1” uskunasi, “Sky project” virtual parashyut simulyatori va boshqa bir qancha ixtirolar o'zbek yigit-qizlari, xususan, YOshlar akademiyasi a'zolari tomonidan yaratilgani bizni quvontiradi.

Ixtirolari pandemiya davrida ham  qo'l kelyapti

Ana shunday ixtiro mualliflaridan biri - “Turin invest engineering” kompaniyasining Bobur Zokirov boshchiligidagi tajribali muhandislardan iborat jamoasi bugunga qadar ko'plab yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Pandemiya sabab yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ham o'z ishlanmalari bilan odamlarga ko'mak berishni maqsad qilgan yoshlar qisqa vaqt ichida “Volkswagen Caddy” rusumli avtomashinalar asosida “A” sinfidagi tez tibbiy yordam mashinalarini jihozlashga muvaffaq bo'ldi.
4 litrli kislorod tsilindri o'rnatilgan avtomobil` yaxshi issiqlik va shovqin izolyatsiyasiga ega.

Aytish joizki, bugungi pandemiya sharoitida bunday mashinalar tibbiyot xodimlarining xizmatini engillashtirishda katta ko'mak beradi. Hozir belgilangan me'yorlar asosida to'liq texnik tekshiruv va sinovlardan o'tgan avtomobillarning 12 tasi jihozlanib, tajriba tariqasida Toshkent viloyatida foydalanishga topshirilgan.

Ayni paytda Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan bu yoshlar kelgusida yanada samarali qurilmalar yaratishni maqsad qilgan.

— Muhandislar, hech mubolag'asiz, davrimizning haqiqiy qahramonlaridir, — deydi “Turin invest engineering”  jamoasi rahbari Bobur Zokirov. — Biz shu sohaning vakillari hamda Yoshlar akademiyasi a'zolari sifatida xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga hissa qo'shadigan loyihalar yaratayotganimizdan xursandmiz. Jamoamiz bilan oldimizga qo'ygan maqsadlarimiz ko'p va kelgusida yanada foydali bo'lgan ixtirolar qilish, innovatsion loyihalarni amalga oshirishda davom etamiz.

Saraton kasalliklarini erta aniqlovchi zamonaviy dastur

Muslimbek Pirnazarov jamoasi esa O'zbekiston bozorida dasturiy ta'minot ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. Hozir yoshlar, asosan, 3 ta yo'nalishda ish olib bormoqda. Birinchi, “Mammo Cancer AI” dasturi jamoaning iqtidorli vakili Zafar Toshpo'latov loyihasi asosida ishlab chiqilgan bo'lib, texnologiya  ko'krak saratoni bezi kasalligini sun'iy intellekt yordamida erta aniqlash imkonini beradi.

Dastur hozir tibbiyotga qo'llaniladigan ko'krak bezini aniqlovchi mammografiya tekshiruvi apparatiga ulanadi. Qurilma orqali rentgen tasvirlari dasturga yuborilganida u ko'krak bezining bor-yo'qligi, hajmi va boshqa jihatlarini aniqlab beradi. U shuningdek, saraton bilan bog'liq ko'z ilg'amaydigan eng kichik belgilarni ham topib, bu haqida signal orqali shifokorga bildiradi.

Ayni paytda loyiha ishlari boshlang'ich bosqichda. Uni sinovga topshirish uchun saraton tasvirlarini chizib, ularni aniqlash xususiyatini paydo qilish lozim. Loyiha mualliflari tasvirlarni chizishda Respublika onkologiya markazi mutaxassislari bilan hamkorlik qilmoqda.

Hozir loyihaning “Packs” va “Image viewer” dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha jamoa a'zolari tomonidan faol ishlar olib borilmoqda. Uni yanada takomillashtirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga moliyalashtirishga ko'maklashish bo'yicha hujjatlar topshirish ko'zda tutilgan. Rejaga ko'ra, 2020 yilning 31 dekabriga qadar dastur sinov tekshiruvlari uchun  Respublika onkologiya markaziga topshiriladi.

Ayni damda Turin politexnika universitetida tahsil olayotgan bu yoshlar yana bir yirik loyihaga qo'l urgan. Jamoa a'zolari tomonidan ishlab chiqilayotgan universitet tizimini to'liq avtomatlashtirish dasturi oliy o'quv yurtining barcha jabhalarini o'z ichiga qamrab oladi. Bunda talabalarning universitetga hujjat topshirishidan boshlab, ta'lim tizimi, sport, kutubxona, mutaxassislikka yo'naltiruvchi to'garaklar bilan ishlash jarayonlarining barchasi avtomatlashtiriladi. Loyiha nafaqat talabalar, balki universitetning professor-o'qituvchilari va barcha xodimlar uchun qulay tizimga aylanishi kutilmoqda.

— Biz ushbu zamonaviy dastur orqali tizimga ulanadigan har bir kishining ma'lumotlari daxlsizligini ta'minlash, foydalanuvchilarga qo'shimcha qulayliklar yaratish hamda universitet hayotini yagona manbada qamrab olishni maqsad qilganmiz, — deydi Muslimbek Pirnazarov. — Hozir dasturni takomillashtirish ishlari olib borilyapti va rejaga ko'ra, loyiha 2021 yil sentyabr oyida ishga tushishi mo'ljallangan.

Yosh dasturchilar turli korxonalar, ishlab chiqaruvchilar uchun biznes jarayonlarni avtomatlashtiradigan “ERP” tizimini yaratish ustida ham ish olib bormoqda. Aslida jahonda bunga o'xshash tizimlar ko'p, ammo narxi balandligi bois, ulardan foydalanish ko'rsatkichi bizda u qadar yuqori emas. Loyiha mualliflari ishlab chiqqan tizim esa “Software As a Service” shaklida ish yuritishga mo'ljallangan bo'lib, unda yaxlit bir tizim ishga tushishi hisobiga korxonalar alohida dastur yaratish uchun katta mablag' sarflashlariga to'g'ri kelmaydi. 2021 yilning fevral` oyida ishga tushishi kutilayotgan mazkur tizim dasturiy ta'minotning tannarxini kamaytirish imkonini yaratish bilan bir vaqtda korxonalarga kerakli bo'ladigan ko'plab servislarni ko'rsata oladi.

Rag'bat va motivatsiya — yoshlarni yuksak marralar sari ruhlantiradi

Yoshlar akademiyasining har bir a'zosi ana shunday iqtidor egalari. Bugun respublikamizning har bir viloyatida akademiyaning etakchisi saylanib, iqtidorli yoshlar jamoalari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar saralab olinyapti. O'tgan qisqa vaqt ichida ana shunday yigit-qizlarni qo'llab-quvvatlash, akademiya a'zolarini rag'batlantirish, istiqbolli ishlanmalarga ega yoshlarga motivatsiya berish maqsadida bir qator yo'nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalar tanlovlari o'tkazib kelinyapti. Xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan tadbirlarda akademiya a'zolari faol ishtirok etib, ixtirochilik, zamonaviy kashfiyotlar qilishda hech bir rivojlangan mamlakatlardan qolishmasligini namoyon etyapti.

2019 yilning 29—31 oktyabr kunlari “O'zekspomarkaz” milliy ko'rgazmalar majmuasida  “InnoWeek — 2019” innovatsion g'oyalar haftaligi doirasida  o'tkazilgan Xalqaro robototexnika musobaqasida ham Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo 25 ta mamlakatdan kelgan 500 nafar ishtirokchi orasida yurtimiz yoshlari umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.

Pandemiya sharoitiga qaramay, ana shunday yoshlarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish maqsadida joriy yilning o'zida O'zbekistonda koronavirus infektsiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan “Covid-19 challenge 2020” innovatsion vositalar va echimlar onlayn tanlovi, innovatsion g'oyalariga ega talabalar, yosh olimlar, tashabbuskor fuqarolarni izlab topish va rag'batlantirish maqsadida “Innovatsion g'oyalar etakchisi” ko'krak nishoni uchun hamda eng yaxshi 20 ta startap loyihalar tanlovi bo'lib o'tdi.

Bugun Yoshlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning aksariyati hududlarda o'g'il-qizlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ularni jamiyatda olib borilayotgan islohotlarning faol etakchilariga aylantirishga qaratilgan. Ana shu maqsadda hukumat qarori bilan bugun respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Yoshlar texnoparklari tashkil etilyati. Chekka hududlarda istiqomat qiladigan yigit-qizlarni mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo'lgan soha va yo'nalishlar bo'yicha o'qitishga qaratilgan “Texnobus” innovatsion ta'lim avtobusi faoliyati yo'lga qo'yildi. Undagi ilk mahorat darslari Toshkent viloyati Ohangaron shahri hamda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi iqtidorli yoshlari uchun tashkil etildi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 40 yoshgacha bo'lgan olimlarni rag'batlantirish, ularning ilmiy faoliyatlariga ko'maklashish maqsadida yangi tizim ishlab chiqildi. Unga ko'ra, “Scopus” xalqaro ilmiy ma'lumotlar bazasida eng yuqori Xirsh indeksiga ega olimlarni yil yakunida erishgan natijalari asosida 100 mln so'm pul mukofoti bilan moddiy rag'batlantirish ko'zda tutilgan.