Davlatimiz rahbarining jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ni shakllantirish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur masala yuzasidan Uychi tumani 4-sektorda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlar va ayollar daftariga kiritilgan fuqarolar bilan tushuntirish-targʻibot tadbirlari olib borilmoqda. Jumladan, roʻyxatga kiritilib hozirda ishsiz boʻlgan yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha Uychi tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari ham huquqiy maslahat va yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatmoqda.

Bu oʻzining natijasini berib, joriy yilda tumanda 49 ta tadbirkorlik subyekti davlat roʻhatidan oʻtkazilgan boʻlsa, shularning 18 tasi yoshlarni tashkil etadi. Quvonarlisi, roʻyxatdan oʻtgan ikkita yosh tadbirkor yoshlar daftaridagi ishsiz fuqarolardir.
Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan tumanda band boʻlmagan fuqarolar hamda maktab bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularni turli kasb-hunarga yoʻnaltirilish, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlarni huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida press-tur tashkil etildi. Dastlab, yoshlarga davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatilayotgan xizmatlardan masofadan turib foydalanish haqida maʼlumotlar berildi.
Shu bilan, birga tadbirkorlik sohasiga qiziqishi bor yoshlarga tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish va oʻz biznesini boshlash boʻyicha qanday ish tashkil etish lozimligi tushuntirildi. Shundan soʻng, yoshlar daftariga kiritilgan oʻgʻil-qizlar uchun tumandagi erkaklarga kastyum-shim tayyorlaydigan korxona faoliyati yaqindan tanishtirildi.

Mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyati 2019-yilda ish boshlagan boʻlsa, dastlab 3 nafar ishchi faoliyat olib borgan. Oʻtgan yilda esa, 40 nafar band boʻlmagan aholini ish bilan taʼminlagan. Bu yil yoshlar daftaridagi 7 nafar qizlarni ishga qabul qildi. Tashkil etilgan press-turda yana bir fuqaroning bandligi taʼminladi. Korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar 100 foiz chet davlatga eksport qilinadi. Bu yil ham tadbirkor tomonidan yana 40 nafar yoshlarni ish bilan band qilish nazarda tutilgan.
Uychi tumani 4-sektor hududida 14 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib unda, 53 752 nafar aholi istiqomat qiladi. Oʻrganishlar davomida, 616 nafari ayollar daftariga, 281 nafari yoshlar daftariga kiritilgan. Hozirda, 23 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlangan boʻlsa, 50 nafar yoshlar 1+1 tartibida tadbirkorlarga bogʻlangan. Shulardan, 27 nafari oʻzi xohlagan kasbi boʻyicha ishga joylashtirilgan.
Albatta, tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish orqali ayollar va yoshlar daftaridagi fuqarolarni ishga joylashtirish hamda huquqiy maslahatlar berish, shuningdek ularni kasbga yoʻnaltirishdan koʻzlangan maqsad aholi turmush darajasini yaxshilash va uyishmagan yoshlarni bandligini taʼminlashga qaratilgan.
DXA Namangan viloyat boshqarmasi matbuot xizmati