Bugunga kelib isloh etilmayotgan tizimning, eʼtibor qaratilmagan sohaning oʻzi qolmadi. Biroq yoshlar masalasi Prezidentimizning doimiy diqqat markazida ekani hamda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani barchamizga ayon. Aziz farzandlarimizning kamoli, maʼnaviy yetuk, jismonan baquvvat boʻlib ulgʻayishi, isteʼdodi va intellektual salohiyati yuzaga chiqishi, zamonaviy kasb egasi boʻlishi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Prezidentimiz yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalasiga bot-bot toʻxtalib oʻtadi. Mutasaddilar oldiga yangi talablar qoʻyadi va ijrosini nazorat qiladi. Chunki hozir yoshlar qalbini egallash, muayyan mamlakat yoki mintaqadagi biror millat yoxud xalqning ongiga, tuygʻulariga taʼsir oʻtkazish, uni oʻz dunyoqarashiga boʻysundirish, maʼnaviy jihatdan zaif va tobe qilish, fikr qaramligi, tafakkur qulligini singdirish xavfi bilan yonma-yon yashayapmiz. Kerak boʻlsa, bu xatar farzandlarimiz orasida izgʻib yuribdi.

Bizga esa bu yoʻlda qalqon va qoʻrgʻon vazifasini oʻtaydigan kuchli maʼnaviy immunitet zarur. Shu orqali oʻgʻil-qizlarimizni halol, vijdonli, masʼuliyatli insonlar etib kamolga yetkazamiz. Davlatimiz rahbari yaqinda yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari boʻlgan yoshlar bilan ishlash — biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi Oʻzbekistonni qanday barpo qilamiz?” deya yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini yaratish boʻyicha amaliy takliflarini ilgari surdi.

Yigʻilishda mamlakatimiz aholisining 55 foizini tashkil etgan yoshlar taqdiri, bugungi hayoti, ijtimoiy himoyasi, ish bilan taʼminlanishi boʻyicha muhim topshiriqlar berildi. Oʻgʻil-qizlarning gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorligini rivojlantirish, boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishiga koʻmaklashish, chet tillarni va kasb-hunar oʻrganishi uchun sharoit yaratish yuzasidan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Kelgusida iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʻoya, startap va loyihalarini rivojlantirish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʻarmasi va elektron platformasi tashkil qilinadi.

Oʻgʻil-qizlarimiz uchun IT-parklar qatorida “Kreativ park”lar, “Yoshlar sayilgohlari”, ijod koʻchalari, oliy oʻquv yurtlarida sport ligalari, kovorking va teatr studiyalari ochiladi. Shuningdek, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularga sogʻlom fikr beradigan manbalarni koʻpaytirish borasida davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari” dasturini ishlab chiqish koʻzda tutildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga yoshlarning haq-huquqlarini muhofaza etish, jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, sifatli taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy xizmatlardan foydalanishi, uy-joyli, ishli boʻlishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga doir normalar kiritilayotgani nihoyatda katta voqeadir. Davlat bu orqali oʻz zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqda. Ularning hayotimizda tasdigʻini topishi nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun gʻoyat muhim.

Shu bois, bugun har bir yigit-qizning qulogʻida Prezidentimizning “...Sizdek bilimli, faol va azmu shijoatli oʻgʻil-qizlarim bor ekan, biz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib oʻtamiz”, degan soʻzlari olgʻa undovchi daʼvat sifatida jaranglaydi. Oliy taʼlim muassasalarining mamlakatimiz kelajagi uchun munosib kadrlarni tayyorlab berishdagi oʻrni tobora mustahkamlanmoqda.

Xususan, Prezidentimizning “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari qatori Fargʻona davlat universiteti faoliyatida ham yangi oʻzgarishlar davrini boshlab berdi. Oliygohimizda yoshlar bilan ishlash, ularning iqtidori va salohiyatini yuzaga chiqarish, ilm-fanga ragʻbatini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi, oʻtgan uch yilda bunday saʼy-harakatlar yangi bosqichga koʻtarildi.

Universitetning bugungi faoliyati, oldiga qoʻyilgan reja va maqsadlar ham Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlari, yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi prinsiplariga uygʻundir. Xususan, oliygohning bakalavriat, magistratura bosqichlari hamda sirtqi taʼlim boʻlimida 30 mingdan ortiq talabaga taʼlim berayotgan 900 nafarga yaqin tajribali va yuqori salohiyatli professor-oʻqituvchining saʼy-harakatlari yangicha dunyoqarash va tafakkur egalarini, malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Kafedralarda iqtidorli talabalar bilan “ustoz-shogird” tizimi asosida olib borilayotgan namunali faoliyat natijasida ilm-fan bilan shugʻullanayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Talabalarimiz turli stipendiyalar, xalqaro va mahalliy fan olimpiadalari, tanlovlar hamda sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallab, oʻqituvchi va murabbiylari ishonchini oqlayotir. Qariyb bir asrlik tarixga ega universitetda talabalarning oʻqishi va olgan bilimini amaliyotda qoʻllashi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda.

Jumladan, Fargʻona tumanining Oqbilol, Doʻstlik mavzelari hududida oliygohga ajratilgan dasht va toshloq yer oʻzlashtirilib, yoshlarning bilim va koʻnikmasini amalda mustahkamlashi uchun oʻquv-tajriba uchastkalari sifatida tashkil qilingan. Ayni vaqtda agrouchastkalarda chorvachilik, asalarichilik, gulchilik, anorchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik hamda biogumus tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Ishchilar ham begona emas, asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarimiz bu tarmoqlarda ishlab kelmoqda.

Bugun Fargʻona davlat universitetida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan, chin yetim talabalar ham tahsil olmoqda. Ular har oyda moddiy ragʻbatlantirilib, zarur adabiyotlar, ehtiyoji uchun kerakli vositalar bilan taʼminlanmoqda. Shuningdek, nogironligi boʻlgan hamda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari boʻlmish talabalarga moddiy yordam berilmoqda.

Universitetda bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida “aʼlo” baholarga oʻqiyotgan hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oila sifatida eʼtirof etilgan xonadonlarning talaba qizlariga umumiy shartlarda beriladigan stipendiya saqlab qolingan holda qoʻshimcha tarzda bazaviy stipendiyaning (517 ming 880 soʻm) bir barobari miqdorida oyma-oy beriladigan maxsus stipendiya taʼsis etilgan.

Oʻtgan yili 13 nafar talaba qizga mazkur stipendiya tayinlandi. Yana 981 nafariga bazaviy stipendiyaning 50 foizigacha miqdorda moddiy yordam berildi. Shuningdek, fan olimpiadalari, koʻrik-tanlov va turli sport musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 17 talaba qiz bazaviy stipendiyaning 5 barobari (2 million 589 ming 400 soʻm) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildi. Bugungi talaba nafaqat mutaxassis, balki iqtidor, isteʼdod, kerakli hunar egasi hamdir. U oʻz qiziqishini namoyon qilishni, yuqori marralarni egallashni va erkin ijod bilan shugʻullanishni istashi tabiiy.

Shu bois, universitetda muntazam faoliyat yuritib kelayotgan “Nilufar” talabalar teatr studiyasi, “Yosh talabalar mediaguruhi”, “Zakovat” intellektual klubi, “Inspire-U Academy” xorijiy tillar oʻquv markazi, Yosh suxandonlar, Yosh kitobxonlar, Yosh aktyorlar, Yosh dasturchilar, Yosh rassomlar, Yosh tarjimonlar markazi, “FarDU ekovolontyorlari” koʻngilli guruhi, “Bolajon” innovatsion tajriba markazi, Gender tenglik tadqiqotlari markazi, sport majmuasi tarkibidagi professional futbol klubi, shaxmat, shashka, kurash, yengil atletika, suzish kabi toʻgaraklar yuzlab yigit-qizlar bilan gavjum.

Yoshlar bilan ishlashga munosib hissa qoʻshayotgan professor-oʻqituvchilarimiz bugun nafaqat talaba, balki mahalla yoshlari bilan hamnafas ishlamoqda. “Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” loyihasi asosida universitet jamoasidan tarkib topgan targʻibotchilarimiz mahallalarda oʻgʻil-qizlar maʼnaviyatini, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ilm-maʼrifatga intilishini kuchaytirish kabi muhim yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Yurtimizda keng quloch yozayotgan islohotlar zamirida, avvalo, yoshlarimizning yorqin kelajagi, taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash, orzuumidlarini ushaltirish, ularga har jabhada koʻmaklashish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, hayotda oʻz oʻrnini topishiga yordam berish kabi ezgu maqsad mujassam. Bugun kamolga yetayotgan farzandlarimiz ertaga Vatanimiz va xalqimiz kelajagida muhim ahamiyat kasb etuvchi katta kuchga aylanadi.