“Yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimi joriy qilinadi

    Hukumat 11 Aprel 2023 1696

    Prezident raisligidagi yigʻilishda viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan «Kreativ park» tashkil etish topshirildi.

    2021-yilda 25 yoshgacha boʻlgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga toʻlangan ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan edi. Bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalandi, ularga 150 milliard soʻmlik ijtimoiy soliq qaytarildi, 100 ming yoshlar bandligi taʼminlandi. Shu bois, ushbu tajribani yana 2 yilga uzaytirishga qaror qilindi.

    1-iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimini joriy qilish topshirildi.

    Yoshlar oʻrtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandchilik, rassomchilik kabi yoʻnalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil etish topshirildi. Ularda IT park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʻllanadi.

    Bu maqsadlar uchun “Yangi Oʻzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʻarmasi va elektron platformasi tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻlar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʻoya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur boʻlsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.