Endigina 19 yoshni qarshilagan SHahzod Qodirov ko'plab tengdoshlari qatori qat'iy harakati va mehnati bilan o'z biznesiga ega tadbirkorlar safiga qo'shildi. Toshkent tumanida istiqomat qiladigan bu yigit “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 150 million so'm miqdorda kredit olib, avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish shaxobchasini ochdi. 7 nafar yoshlarni ish bilan ta'minlab, ularga yaxshi oylik ish haqi to'lab kelmoqda.
Bugun mamlakatimizda ana shunday faol, g'oya va aniq maqsadiga ega, tadbirli, bilimdon yigit-qizlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyotining etakchi maqsadiga aylandi. Ayniqsa, Prezidentimizning topshirig'i asosida joriy “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da barcha davlat idoralari bu boradagi tadbirlarni samarali amalga oshirish, har bir yosh bilan alohida ishlab, ularning muammolariga echim topish, katta hayotga dadil qadam qo'yishida qanot bo'lishga faol kirishgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent tuman Xalq qabulxonasi ham fuqarolardan moddiy yordam, uy-joy, pensiya va nafaqa to'lovi, tadbirkorlikni rivojlantirishda banklar ko'magi va kredit olish bo'yicha tushayotgan ko'plab murojaatlarni ijobiy hal etish barobarida, sektor rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etib, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida boqimandalik kayfiyatining oldini olish borasida tizimli ishlar olib bormoqda.
Nihol unib-o'sishi uchun unga to'g'ri parvarish zarur. Voyaga etgach esa, qaddini mustaqil tutib keta olishi uchun kichikligidanoq poydevor hozirlash talab etiladi. Shu jihatdan, Toshkent tumanidagi “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar hamda ayollarni kasb-hunarga o'rgatish, bandligini ta'minlash, biznes tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va muammmolarini hal etishga qaratilgan tizimli ishlar o'z mevasini bermoqda.
Shundanmi, Toshkent tumani Xalq qabulxonasiga murojaatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. 2020 yil davomida jami 883 ta murojaat kelib tushgan bo'lsa, shundan 706 tasi, ya'ni 79,9 foizi qanoatlantirilgan. Bundan 128 tasi ijobiy echim topib, 578 ta murojaat huquqiy maslahat va ma'lumot berish orqali hal qilingan. Quvonarlisi, murojaatchilar orasida yoshlar ko'pchilikni tashkil etadi. Xususan, tuman qabulxonasiga qilingan murojjatlardan so'ng 2018—2020 yillar mobaynida “Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasi tomonidan hududdagi 11 nafar yigit-qizga 6 milliard 173 million so'm kredit mablag'lari ajratilib, 141 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.
Bir qator tashkilotlar ishtirokida 2021 yil “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligi yili” doirasida o'tkazilayotgan turli tadbirlar, haftada bir marotaba bo'lib o'tadigan yoshlar bilan uchrashuvlarga yuzlab kichik va o'rta yosh vakillari jalb qilinayotgani bejiz emas. Boisi, bu tadbirlar shunchaki o'tkazilayotgani yo'q. Ularda yoshlar tomonidan ko'tarilgan muammoli masalalar, murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida yo'l xaritasi ishlab chiqilib, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari ko'rilmoqda.
Jarayonlarda yoshlarning bilim olishi, kitobxonligiga ham alohida e'tibor qaratiladi. Ana shunday uchrashuvlar davomida yigit-qizlarga 1800 tadan ortiq badiiy va audio kitoblar sovg'a qilingan bo'lsa, tumanda elektron kutubxonaning tashkil etilishi bilimga chanqoq yoshlar uchun chinakam quvonchli voqea bo'ldi.
Barkamol avlodni tarbiya qilishning muhim shartlaridan biri sport yordamida sog'lom turmush tarzini olib borish, ekanini bugun hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. Toshkent tumanida ham sportsevar yoshlar talaygina. Shu bois, ularning o'z ustida ishlashi, o'zini muntazam sport mashg'ulotlarida toblab borishi maqsadida uchrashuvlarda yoshlarga mingdan ortiq futbol to'plari, 4 ta stol tennisi anjomlari, 100 ta jamlangan shaxmat-shashka doskalari, gimnastika inventarlari va boshqa sport turlari anjomlari sovg'a qilindi. Ayni paytda aholi ulardan faol foydalanib, iqtidorli yoshlar turli sport musobaqalarida qatnashib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritib kelmoqda. Bundan tashqari, Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatdan so'ng tumandagi Axborot-resurs markazidagi eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan kitoblar o'rnini to'ldirish maqsadida 700 dona yangi adabiyotlar, 4 ta stol tennisi anjomlari va sportning gimnastika turi bo'yicha inventarlar olib berildi.
Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan tumandagi 1-sektor xududida joylashgan Qizg'aldoq mahallasida istiqomat qiluvchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jismoniy nuqsoni bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj 24 nafar yosh tuman birlashmasiga qarashli ko'p tarmoqdi poliklinika shifokorlari tomonidan tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. Bemorlarni LOR, nevropotolog, terapevt va boshqa mutaxassislar ko'zdan kechirib, ularga kerakli tavsiyalarni berdi, zarur davo choralarini belgiladi.
Xalq qabulxonasi shuningdek, tumandagi bo'sh ish o'rinlari to'g'risidagi ma'lumotlarni doimiy ravishda sektor rahbarlari bilan hamkorlikda o'tkazilayotgan ommaviy sayyor qabullar va yoshlar bilan uchrashuvlarda aholi e'tiboriga yetkazib, band bo'lmagan yoshlarni ishga joylashtirish masalalariga e'tibor qaratgan holda, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, bugun Xalq qabulxonalarida Prezidentimiz ta'kidlaganidek, hech bir murojaat e'tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishga erishildi. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladigan kunlarga etib keldik. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bilan fuqarolar murojaatlarining o'z vaqtida o'rganilishi, muammolarga qonuniy yechim topilishi xalqning davlat va uning idoralariga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning o'zi davlat tashkilotlari oldiga yangi-yangi vazifalarni qo'ymoqda. Bu borada ayniqsa, Prezidentimizning talabi qat'iy. Bugun davlat idoralari avvalgidek beparvolik bilan ishlay olmaydi. Yangicha ishlashga moslashsakkina, taraqqiyotga erishamiz. Zero, oldimizga qo'yilayotgan vazifalar zamirida elu yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash, xalqimiz, xususan, qishloq aholisi farovonligini yanada yuksaltirish, hech kimdan kam bo'lmagan barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu niyatlar mujassam.
Shavkat UMIROV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
Toshkent tumanidagi Xalq qabulxonasi
etakchi mutaxassisi