Uchrashuvda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumdan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda hamda yoshlarda huquqiy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishda hamkorlik qilish, talaba-yoshlarni qonun ijodkorligi jarayonlari va normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi borasida jamoatchilik monitoringini olib borishga jalb etish, seminar, konferensiya hamda davra suhbati kabi tadbirlarni muntazam ravishda birgalikda oʻtkazib borishdan iborat.
Memorandumda Yoshlar parlamenti Yoshlar ittifoqi bilan bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik olib borishi belgilab qoʻyildi.
Oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida huquqiy savodxonlikni oshirish, muammo va takliflarini masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish, siyosiy-huquqiy ruhdagi media loyihalarni ishlab chiqish shular jumlasidandir.
Uchrashuvdan soʻng ishtirokchilar Senat binosi va uning faoliyati bilan tanishib, Yoshlar parlamentining maqsad va vazifalari hamda tashkiliy tuzilmasi haqida atroflicha maʼlumot oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.