Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi belgilandi

    Ta'lim 6 Dekabr 2023 1474

    Adliya vazirligi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Vazirlik axborot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu Nizomda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi stipendiyasini tayinlash va toʻlash tartibi belgilandi.

    Stipendiya har oylik toʻlov shaklida Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy yoki zaxira tarkibiga kiritilgan hamda belgilangan mezonlarga mos keluvchi sportchilarga tayinlanadi.

    Stipendiya Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligida tuziladigan Stipendiya komissiyasi tomonidan tayinlanadi.

    Sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari hamda Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasi har chorak birinchi oyining 5-sanasiga qadar belgilangan mezonlar asosida sport terma jamoalari tarkibidagi sportchilardan stipendiyaga nomzodlar roʻyxatini tuzadi va Stipendiya komissiyasiga taqdim qiladi.

    Stipendiya komissiyasi masʼul ijrochilar tomonidan taqdim qilingan stipendiyaga nomzod sportchilar roʻyxatini va ularning musobaqalarda erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlarni 15 kun ichida koʻrib chiqadi.

    Stipendiya komissiyasi yigʻilishida umumiy ovoz berish yoʻli bilan stipendiya tayinlash va toʻlash toʻgʻrisida yoki stipendiya tayinlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.

    Stipendiya bir yil muddat davomida har oy mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 baravari miqdorida toʻlanadi.

    Stipendiya harbiylar oʻrtasidagi va talabalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida sovrindor boʻlganlar uchun ham tayinlanadi.