Joriy yilning 11-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida yoshlar masalalari doirasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan soʻng, unda koʻtarilgan masalalarning nechogʻli katta ahamiyatga egaligi, yoshlarning tinch va farovon hayotimizni taʼminlashdagi oʻrni, ularning bu boradagi qarashlari haqida oʻyga toldim.
Oʻz faoliyatimda nimalarga diqqat qaratishimiz lozimligi borasida rejalar tuzib oldim. Buning uchun yoshlarga yaqin borib, ularga quloq tutish lozimligini his qilgan holda harakat boshladim. Shu oʻyda, oliygoh hovlisida yurarkanman, bir guruh yoshlarning oʻzaro qizgʻin suhbatiga guvoh boʻlib qoldim.
Ularga yaqin kelib bildimki, tengdoshlariga murojaat qilayotgan yigit universitetimizda ikkinchi mutaxassislikda oʻqiyotgan yosh rejissyor Muzaffar Fayziyev ekan. U shu jarayonda yonidagi yigit-qizlar bilan teatr truppasi tuzish borasida maslahat qilayotgan edi.
Qizigʻi, yoshlarning maslahatlashuvi biroz muddat oldin men ham rejalashtirib oʻtirgan teatr-studiya tuzish gʻoyasiga mos edi. Sekin ular suhbatiga qoʻshilib, yoshlarga quloq tutib, keyin men ham oʻz gʻoyamni ularga aytishim bilan mamnunlik ila qabul qilishdi.
Oʻsha yerning oʻzida teatr-studiyaga nom qoʻydik: “Qaqnus”! Yoshlar ham anoyi emas. Ular allaqachon birinchi spektakl uchun hamma tayyorgarlikni koʻrib yurishganini aytishdi: “Qobil ila Hobil”. Dekoratsiya va kostyumlarni tayyorlashda koʻmaklashsak, spektaklni tezda tayyorlab berishar emish. Meni bu yoshlik shijoati zavqlantirdi.
Spektakl tayyor boʻldi. Talabalardan nega bu asarni sahnalashtirishgani haqida soʻrashim bilan har birlari oʻz fikrlarini ravon ifoda qilmoqda. Bilishimcha, repetitsiyalarda ularning hamma fazilatlari, jumladan, nutqlari ham tarbiyalanibdi.
Eng muhimi, ular asarni bizga kerak talqinda – zoʻravonlik, tahdidlarga qarshi kurash talqinida ijro qilishgan. Talabalar teatr-studiyasi respublikamizdagi, hatto chet ellarda ham qoʻyilgan bu sahna asariga qoʻl urar ekan, tajribalarni oʻzlashtirishga harakat qilgan.
Asar qahramonlari oʻrtalaridagi muhabbat va gʻazab, mehr va nafrat, havas va hasad ziddiyatlari orqali hayot va turmush mazmun-mohiyatiga toʻgʻri munosabat shakllantiriladi. Bu orqali bugungi dunyoda mavjud ziddiyatlarga toʻgʻri baho berish, birodarkushlikning har qanday koʻrinishiga, uni keltirib chiqaruvchi omillariga nafrat tuygʻusini kuchaytirishda bu spektaklning oʻrnini beqiyos hisoblaydi talabalar.
Asar voqeasi ming yillardan buyon turli koʻrinishida xalqlarni jaholat va qabohatga qarshi maʼrifat bilan kurashib kelishiga yordam beradi. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning saodati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻliqdir” deya taʼkidlagan.
Qolaversa, “Talabalarning boʻsh vaqtlari qanday oʻtyapti?» degan savolga teatr-studiyalar yaxshi javob boʻlar ekan degan xulosaga keldim. Shuningdek, “Yoshlar bugun kitob va badiiy asarlarni mutolaa qilyaptimi?» “Talabalarning “oltin davr” ruhi qanday kechayotgani” xususidagi savollarga ham teatr-studiyalarning javobi hozir deyish mumkin.
Chunki unda spektakl orqali bir asar bir necha yuzlab yoki minglab tomoshabinlarga ommaviy oʻqib beriladi. Oʻz talqini bilan esa har qanday terroristik guruhlarning yot gʻoyalariga qarshi immunitetni mustahkamlaydi. Shuning uchun uni yoshlar orasida koʻproq namoyish qilishga kelishib oldik.
Yaxshi tushunishimiz lozimki, yoshlar ongi, tafakkuri olamni tanish, anglash jarayonida koʻp bilimlarga, shuningdek, dunyoda oʻzlarining borligini koʻrsatib qoʻyishga ehtiyoj sezadi. Bunda boʻshliqqa yoʻl qoʻyish mumkin emas, ularga oʻzlari tanlagan yoʻnalish fanlaridan tashqari koʻproq sodda koʻrinishdagi bilimlar, sanʼat, adabiyot va sport yordamchi boʻla oladi. Teatr-studiyaning va spektakl yoshlarning oʻz iqtidor va talantlarini namoyish etishlariga ham imkon yaratadi. Chunki unda bir necha sanʼatlar: rassomlik, musiqa, liboslar dizayni va hokazolar birlashadi.
Teatr ishqibozlari bilan kelishib olgach, videoselektordan keyingi rejam boʻyicha “Yoshlar sport klubi”ni tashkil qildik. Shu kunning oʻzida stol tennisi, voleybol, basketbol, vorkaut, badminton toʻgaraklari oʻz ishini boshlab yubordi. Shu bilan birga mamlakat chempionatining ikkinchi ligasida ishtirok etishi uchun talabalar oʻrtasida “Lochin” futbol jamoasi tashkil qilindi. Jamoa bahslarga tayyorgarlikni qizgʻin boshlab yubordi.
Talabalardagi joʻshqin kayfiyat, sanʼat va sportga boʻlgan kuchli qiziqishni hisobga olib, tezda Kinematografiya agentligi Qashqadaryo viloyat boʻlimi va viloyat musiqali drama teatri jamoalari bilan shartnomalar imzolandi. Ularga koʻra, 6000 talaba “Oʻzbekkino” tomonidan moʻljallangan badiiy filmlar namoyishiga, 5000 talaba spektakllar tomoshasiga jalb etiladi. Kinolar va spektakllar tomoshalari boshlab yuborildi.
Videoselektorda taʼkidlanishicha, yaqinda 100 mingdan ortiq yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada ular mahallasida sport bilan shugʻullanishga sharoit hamda koʻngilochar maskanlar yetishmasligini bildirgan.
Shundan kelib chiqib, Qarshi shahridagi 10 ta yondosh mahallalar oqsoqollari bilan suhbatlashib, ularda mavjud muammolarni oʻrganish va koʻmak koʻrsatish chora-tadbirlarini belgilab oldik. Kelishuvlarimizga koʻra, mahallalardagi uyushmagan yoshlar orasida bir qator ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, Maqom ansamblining konsertlari, “Qaqnus” teatr-studiyasi spektakllari namoyish etiladi va ijodiy jamoalar ishtirokida madaniy hamda koʻngilochar tadbirlar, sportning futbol, mini-futbol, basketbol, voleybol (xotin-qizlar), shaxmat-shashka, badminton, stol tennisi, kurash va kibersport turlari boʻyicha “Rektor kubogi”, “Universitet kubogi” kabi musobaqalar, kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida tanlovlar va intellektual oʻyinlar, onlayn viktorinalar, IT-musobaqalar oʻtkaziladi.
Videoselektorda koʻrilgan muhim masalalar qatorida har bir vazir, vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan eʼtiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.
Hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyatining Kitob, Yakkabogʻ va Kasbi tumanlarida istiqomat qilayotgan nogironligi boʻlgan, notinch oila farzandi, surunkali kasali mavjud hamda xorijiy migratsiyadan qaytib kelgan 54 nafar yoshlar Qarshi davlat universiteti rektoriga biriktirilib, ular bilan manzilli va maqsadli ishlash yuzasidan amaliy ishlar boshlandi, yoshlarning yashash joylariga borilib muammolar oʻrganilmoqda.
Umuman, videoselektorda oʻrtaga qoʻyilgan muammolarni yechishda biz, rektorlar, prorektorlar, umuman oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va ziyolilari jonbozlik koʻrsatishimiz lozim boʻladi.
Yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi ekan, bu ishda hammamiz kamarbasta boʻlsak, kelajagimiz barqaror taraqqiyotga erishishi shubhasiz.
Dilmurod NABIYEV,
Qarshi davlat universiteti rektori