Yoshlarga eʼtibor katta

    “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati oʻzining ishlab chiqarish va ilmiy salohiyati bilan Markaziy Osiyodagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

    Bugungi katta kombinat raqobat maydonida, sanoat va metallurgiya tarmoqlari orasida mustahkam oʻrin olish, shu bilan bir qatorda undan ham katta marralarni egallashdek muhim vazifalarni amalga oshirishga kirishgan. Buning uchun ilm, ilm va yana ilm bilan shugʻullanishni zamon shiddati talab qilmoqda. Ushbu maqsad yoʻlida “Oʻzmetkombinat” AJda yosh ishchi-xodimlarning zamonaviy bilimlari, ilmiy salohiyatlaridan samarali foydalanish uchun alohida eʼtibor berilmoqda. Kombinat boshqaruvi bu borada yoshlarning oʻz maqsadlariga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga va har tomonlama koʻmak berishga harakat qilmoqda.

    Yoshlar oyligi doirasida 27-iyun kuni Metallurglar madaniyat saroyida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi va “Yoshlar innovatsion konferensiyasi” tashkil etildi. Tadbirni “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor Rashid Pirmatov ochib, barchani kelayotgan “Yoshlar kuni” bilan tabrikladi. Kombinatimiz yanada taraqqiy etishida yoshlar munosib hissasini qoʻshishiga ishonch bildirib, ularga muvaffaqiyatlar tiladi. Noanʼanaviy, rasmiyatchilikdan holi oʻtkazilgan ochiq muloqotda yoshlar oʻz muammo, fikr-mulohazalarini bildirishdi. Oʻzlarini oʻylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollarni oʻrtaga tashladilar. Tadbirda yoshlarning maqsadlariga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilishiga har tomonlama koʻmak berish kombinat rahbarlarining eng ustuvor vazifasi boʻlib qolishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    “Yoshlar innovatsion konferensiyasida” 11 ta loyiha taqdimoti oʻtkazildi. Ekologiyani asrash, yoyli poʻlat eritish pechining (“YOPEP-100 UMK”) kichik gumbazini markazlashtirish uchun maxsus qurilmadan foydalanish, import oʻrni bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va poʻlat zoldirlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, “Ikkilamchiqorametallar” filiallari faoliyati tarixi va ularning texnik taraqqiyoti, Shixta oraligʻi kranlarining ishi kabi kombinatda bugungi kundagi dolzarb masalalar boʻyicha yoshlar oʻzlarining loyihalari bilan yigʻilganlarni tanishtirdi. Kombinat rahbariyati bu loyihalarni qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirish boʻyicha fikrlarini bildirib oʻtdi.

    Shundan soʻng taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 11 nafar loyiha mualliflariga, bir guruh yosh metallurglarga “Tashakkurnoma” va qimmatbaho esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, “Yosh kitobxon”, “Yosh laborant” koʻrik-tanlovida gʻolib va sovrinli oʻrinlarni egallagan tanlov ishtirokchilariga ham “Tashakkurnoma” hamda pul mukofotlari taqdim etildi.

    Tadbirdan soʻng ishtirokchilar “Baxt uyi”ga bayram dasturxoniga taklif etildi. U yerda Metallurglar madaniyat saroyining badiiy havaskorlari konsert dasturini namoyish etishdi. Yoshlar oyligi doirasida kombinatda oʻtkazilgan tadbirlar barchada katta taassurot qoldirdi.

    Ismadiyor MAMATQULOV.

    “Oʻzmetkombinat” AJ Axborot xizmati.