Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik kinostudiyasi” DUK tomonidan suratga olingan, “Debyut-2020” yoshlar kino almanaxidagi 18 ta filmlardan biri boʻlgan “Chana” qisqa metrajli filmi Buyuk Britaniyaning Buntingford shahrida oʻtkazilgan «Buntingford qisqa metrajli filmlar festivali»da hamda Rossiyaning Yaroslavl shahrida boʻlib oʻtgan «Svet miru» xalqaro yoshlar kinofestivalida maxsus diplomlar bilan mukofotlandi.
Film rejissyori Suhrob Qodirov yosh kinoijodkorlarga berilayotgan imkoniyatlarga toʻxtalar ekan, film muvaffaqiyati haqida ham gapirib berdi:
– Bundan bir necha yillar oldin yosh kinoijodkorlarning xalqaro kinofestivallarda ishtirok etishi imkonsizdek tuyulardi. Bugun esa nafaqat ishtirok etish, balki xalqaro kinomaydonlarda yosh rejissyor sifatida oʻz soʻzimizni ayta olish hamda gʻolibliklarni qoʻlga kiritish imkoniga egamiz. Bunda avvalo, ustozlar hamda Oʻzbekiston Kinematografiya agentligining hissasi katta. Ular yaratib bergan ijodiy muhit va moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashlar natijasida biz oʻz ijodiy qobiliyatimizni koʻrsata olyapmiz.
“Chana” filmini ikkita xalqaro festivalda maxsus mukofot bilan taqdirlangani shaxsan oʻzim va ijodiy jamoani quvontirdi. Eng quvonarlisi, yoshlarga katta imkoniyatlar berilmoqda. Agentlik soʻnggi yillarda yosh ijodkorlarga katta eʼtibor berib, “Debyut” kinofestivalini oʻtkazib kelmoqda. Jarayonda juda koʻp yangi isteʼdodli yoshlar kashf qilindi. Oʻylaymanki, ularning barchasi nufuzli xalqaro kino mukofotlarni qoʻlga kiritishga loyiq.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati