Tadbirda qayd etilishicha. joriy yil 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan yoshlar va talabalar forumida hurmatli Prezidentimiz tomonidan yoshlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish, bu borada yangi tizim yaratish yuzasidan oʻta muhim vazifalar belgilab berildi.  Xususan, yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan yaxshilash, yoshlarni har tomonloma qoʻllab quvvatlash, ular bandiligini taʼminlash va tadbirkorlikka keng jalb etish, yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish, yoshlarni kasb hunarga oʻqitish, salomatligini asrash kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarni tahlil qilish orqali mutasaddi rahbarlar faoliyatini, shuningdek, hududlarni baholash zarurligi taʼkidlandi.

Ushbu masala dalatimiz rahbarining “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida oʻz ifodasini topdi. Farmonda yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish Senatga tavsiya etildi. Shu munosabat bilan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi Senat qarori, Nizom va reyting baholash tartibi loyihalari ishlab chiqilib, Senatning 17-yalpi majlisida muhokama etildi va tegishli qaror bilan tasdiqlandi.
Reyting tizimini ishlab chiqishda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asos qilib olindi.  Hujjatlarni tayyorlash jarayonida reyting baholashga doir amaldagi bir nechta meʼyoriy-huquqiy hujjatlar oʻrganib chiqildi.

Endilikda mutlaqo yangi tizim — yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimi joriy etilib, bunda quyidagilar reyting baholashning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi:
           ◼️ yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
           ◼️ yoshlar sogʻligʻini saqlash;
           ◼️ nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum va yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish;
           ◼️ yoshlar uchun zamonaviy va sifatli taʼlimni taʼminlash;
           ◼️ yoshlarni ishga joylashtirish va ularning tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
           ◼️ yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni ragʻbatlantirish;
           ◼️ yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya qilish;
           ◼️ yoshlar muammolarini hal etish va ularning murojaatlari yuzasidan choralar koʻrish;
           ◼️ Parlament va mahalliy Kengashlarning yoshlar bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish.

Shu oʻrinda hududlarni reyting baholash tizimi haqida atroflicha maʼlumot berib oʻtsam. Ishlab chiqilgan Nizomda bir nechta asosiy tushunchalarga izohlar keltirilgan. Jumladan:

reyting baholash — reyting koʻrsatkichlari va indikatorlari yordamida yoshlar bilan ishlash holatini baholash orqali hududlarni eng yuqori natijadan eng past natijagacha boʻlgan oʻrnini aniqlash;

indikator — hududlarning yoshlar bilan ishlash holatini reyting baholash uchun zarur boʻlgan asosiy ustuvor koʻrsatkich;

subindikator — indikatorlar boʻyicha baholarni shakllantirishda foydalaniladigan aniq soha boʻyicha koʻrsatkich;

hududlar — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda ularning tarkibiga kiruvchi tuman va shaharlar;

gʻolib hudud — yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholash natijalariga koʻra eng yuqori oʻrinni egallagan hudud.

Koʻrib turganingizdek, reyting baholash jarayonida qoʻllaniladigan har bilan tushunchaga atroflicha, tushunarli qilib izoh bkrilgan.

Nizomga asosan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishini reyting baholashda 9 ta indikator va 44 ta subindikatordan foydalaniladi. Bunda yuqorida qayd etilgan har bir asosiy ustuvor yoʻnalish oʻz navbatida baholash indektori hisoblanadi.

Senat huzurida reyting baholash boʻyicha tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilishi ushbu indikatorlar asosida baholanadi.