Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalar» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy maktabi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining ilmiy xodimlari, Institut huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi, Institut qoshidagi Yosh qonunshunoslar klubi va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning tadrijiyligini taʼminlashda Bosh dastur boʻlishini taʼkidlagan holda, Davlatimiz rahbarining “Davlat dasturidan asosiy maqsad qogʻoz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy oʻzgarishlar qilish, buning uchun har bir rahbar oʻz faoliyatida natija koʻrsatishi zarur va shart” ekanligi boʻyicha bildirgan fikrlarining hayotiy ahamiyati yuzasidan ishtirokchilarga tushuntirishlar berdi.

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining tuzilishi, unda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi salomatligini saqlash va parlamentning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish maqsadida belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirish mexanizmi hamda ulardan kutilayotgan natijalar haqida maʼruza qilib, Davlat dasturining ijrosini taʼminlashda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari ilmiy xodimlari, professor-oʻqituvchilarining roli haqida maʼlumotlar berdi.

Xususan, Davlat dasturida nazarda tutilgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, muhokama qilish va ularni qabul qilishdan boshlab, ularning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyatini aholi oʻrtasida tushuntirishgacha boʻlgan jarayonda olimlar, shu jumladan huquqshunos olimlar faol ishtirok etishlari zarur ekanligini qayd etdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin oʻzgarish boʻladi” – deb bildirgan fikrlari asosida Davlat dasturidagi har bir vazifani samarali amalga oshirishda, avvalo, ijrochilarning bugungi islohotlar mohiyatiga va davr talablariga mos ravishda zarur bilim va ish tajribasiga ega boʻlishlari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi, Davlat boshqaruvi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy maktabi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan 2021-yilgi Davlat dasturida belgilangan tegishli bandlarni amalga oshirish mexanizmlari xususida fikrlar bildirildi.

Davra suhbati yakunida 2021-yilgi Davlat dasturining mazmun-mohiyatini, unda belgilangan bandlarni amalga oshirishning mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalar haqida yil davomida keng jamoatchilikka tushuntirishlarni olib borish, bu boradagi targʻibot ishlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.