Xususan, o'tgan vaqt davomida Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va yo'nalishlarda yuqori natijalarga erishildi. Quvonarlisi, qo'lga kiritilgan har bir natijalarni yurtdoshlarimiz bevosita o'z hayotlarida his qilib, o'zlari ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda. O'tgan besh yilda muammolarni tub mohiyatini o'rganish, uning yechimi yuzasidan chuqur o'ylangan va jamoatchilik bilan o'tkazilgan muhokamalar jarayonida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar orqali bartaraf etish tizimi yaratilgan bo'lsa, Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida o'tgan vaqt davomida to'plangan tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizning nafaqat kelgusi besh yilligi, shu bilan birga uzoq vaqtga qaratilgan strategik rivojlanish va maqsadlari belgilab berilmoqda.

Jumladan, kelgusi besh yilikka mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo'nalish belgilab berilmoqda. Bular, birinchi, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, ikkinchi, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, uchinchi, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasida ta'minlash, to'rtinchi, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, beshinchi, ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish, oltinchi, umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish hamda yettinchi, mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi yo'nalishlardan iborat.

Ushbu yo'nalishlarda belgilab olingan yuksak marralar 100 ga yaqin maqsadlar va 400 dan ortiq chora-tadbirlarda aks ettirilgan bo'lib, ularning barchasi xalqimiz hayoti, turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, aholini ijtimoiy himoyasini ta'minlashga oid barcha vazifalar Harakatlar strategiyasida to'rtinchi yo'nalishda aks ettirilgan bo'lsa, bugungi globallashuv jarayonlarida ma'naviy taraqqiyotning o'rni nechog'lik muhim ekanligi hisobga olinib, bu boradagi vazifalar taraqqiyot strategiyasida alohida beshinichi yo'nalishda aks ettirilmoqda.

Endilikda, fuqarolarning kasbiy ta'lim bilan tizimli ravishda shug'ullanishni ta'minlash maqsadida ushbu tizim nazorati to'liq ravishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ixtiyoriga o'tkazilmoqda, Natijada, kasbga o'qitish ko'lami 2 baravarga oshirilib, jami 1 million nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o'qitiladi.

Maktabgacha ta'limdagi qamrov darajasini oshirish hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, 2022/2023 yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o'quv yili yakuniga qadar esa 100 foizga etkazish, buning uchun  maktabgacha ta'lim tizimiga xususiy sektor mablag'larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini foydalanishga topshirish belgilanmoqda.

Ta'lim tarbiyadagi uzviylikni ta'minlash maqsadida, maktablarni rivojlantirish Milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta'limi tizimida qo'shimcha 1,2 million o'quvchi o'rni yaratiladi. 2022–2026 yillarda 217 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabini rivojlantirish bo'yicha dasturni amalga oshirish orqali yoshlarni san'at dunyosiga oshno etish, kompyuter va IT texnologiyalari sohasida bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishlari uchun zarur jihozlar bilan ta'minlangan 100 mingdan ortiq bepul to'garak faoliyatini yo'lga qo'yiladi. Eng muhimi, ertamiz egalar bo'lgan yoshlarga ta'lim tarbiya berib kelayotgan o'qituvchilarning oylik maoshlari bosqichma-bosqich 1 000 AQSH dollari ekvivalentiga yetkaziladi.

Barchamizga ma'lumki, Harakatlar strategiyasi doirasida ta'limning barcha yo'nalishida bo'lgani kabi oliy ta'lim tizimni isloh qilish borasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Natijada, yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajachi 2016-2021 yillarda 9 foizdan 28 foizga ko'tarildi. Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi orqali ushbu ko'rsatkichni 2022 yil yakuniga qadar 38 foizga, 2026 yilga kelib esa 50 foizga yetkazish maqsad qilinmoqda.

Natijada, oliy ta'lim olish istagida bo'lgan minglab yoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratiladi, ular qandaydir qiyinchiliklar, iqtisodiy xarajatlar qilib, oilasi va yaqinlaridan yiroqda emas, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan xabardor bo'lib Vatanmizda ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Ushbu jarayonlarda ta'lim sifati va kadrlar raqobatini ta'minlash maqsadida nodavlat oliy ta'lim muassasalari soni ham bosqichma-bosqich ko'paytirilib, 2026 yilga kelib ular soni 50 taga yetkaziladi.

Shuningdek, ushbu yo'nalishda aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va qulayligini oshirish maqsadida mamlakatimiz hududlarida tibbiyot klasterlarini tashkil etish, aholiga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablag'laridan samarali foydalanish va tibbiy xizmatlarni markazlashtirish hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish kabi bir qator ustuvor maqsadlar nazarda tutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasining har bir bandida belgilab berilgan chora-tadbirlarda yurdoshlarmizning ertangi farovon turmush tarzi, mamlakatimiz kelajagi aks ettirilgan. Galdagi vazifa esa, ushbu maqsadalarning yanada xalqchilligini oshirish va hayotiyligini ta'minlash uchun barchamiz o'z burchimiz va mas'uliyatimizni his qilgan holda o'z takliflarimiz bilan Farmon loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishimiz lozim.

Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati