Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini taʼkidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga oʻrgatish, sportga jalb etish, gʻoya, loyiha hamda startaplariga koʻmak berish, ularni ishli va daromadli qilish boʻyicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni eʼtiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.

Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda oʻqiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi boʻldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez surʼatlarda rivojlanayotgan davlat deb eʼtirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti aʼzolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oʻtkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yilga borib, bu koʻrsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga oʻz imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini koʻrsatib oʻtdi.

Yoshlar oʻrtasidagi soʻrovnoma natijasiga koʻra, ularning uchdan biri tadbirkor boʻlish istagini bildirgan.

Oʻtgan yili yoshlar bandligini taʼminlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yoʻnaltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, 50 ming kishini ish bilan taʼminlagani ta’kidlandi.

Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshimcha 200 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi.

Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard soʻmgacha kredit ajratish mumkin boʻladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish oʻrni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.

Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million soʻmgacha, tadbirkorlik koʻnikmasiga ega boʻlib biznes boshlayotganlarga 300 million soʻmgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlganlarga 2 milliard soʻmgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard soʻmgacha kredit berilishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes koʻnikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka oʻqitish, gʻoyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish boʻyicha kompleks xizmat koʻrsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlar ilgʻor tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka oʻqitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga oʻrgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million soʻmgacha 7 foizli ssuda beriladi.

Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi oʻtkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamgʻarmasidan 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

1-martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bogʻliq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

Ijtimoiy tashabbuslar boʻyicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda oʻtkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.

“Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yoʻnalishlarida ham tanlov oʻtkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard soʻm ajratiladi.

Texnikumlarda taʼlim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual taʼlimning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, oʻquvchilarning startap loyihalariga 1 milliard soʻmgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum oʻquvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qoʻshimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yoʻlkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.

Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi samara bergani taʼkidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy oʻquv markazlarining soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshgan.

Xususiy oʻquv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, uyushma aʼzosi boʻlgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Bunday markazlar oʻqituvchilarini ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

“Koʻmak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til oʻquv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, oʻqituvchilar uchun daromad soligʻini 7,5 foiz miqdorida toʻlaydi (hozir 12 foiz).

Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul oʻqitadigan oʻquv markazlariga qoʻshimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, oʻqituvchilarga toʻlangan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.

Volontyorlik faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra koʻpayib, ekologiya, tibbiy xizmat, taʼlim, favqulodda vaziyatlarda koʻmaklashish yoʻnalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.

Volontyorlik harakatini rivojlantirish boʻyicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamgʻarmaga har yili budjetdan 20 milliard soʻm, qoʻshimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard soʻmdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.

Yigʻilishda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham koʻtarildi.

Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamgʻarmasi orqali eng isteʼdodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million soʻmdan haq toʻlash, eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.

Yangi oʻquv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat toʻplamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon oʻquvchilarni 10 million soʻmdan mukofotlash vazifasi qoʻyildi.

Kutubxona, “book cafe” va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi maʼlum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga oʻqitish orqali daromadli ishga ega boʻlishiga shart-sharoit yaratiladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.

Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.