Moskva sogʻliqni saqlash boshqarmasi tibbiyot tashkilotlarini muvofiqlashtirish direksiyasining direktori, yuqori toifali shifokor Aleksey Bezimyaniy shu mavzuda soʻz yuritarkan: “Inson koʻp mehnat qilganda intellektual salohiyati va jismoniy holatini saqlab qoladi” dedi.
Pensiyadan keyin ishlaydigan odamlar koʻproq umr koʻrishadi, degan tushuncha bor. Ammo ish xotirjamlik va aqliy mehnat bilan bogʻliq boʻlishi maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, muntazam tibbiy koʻrik, turli xil kasalliklarning dastlabki bosqichlardayoq oldini olish va xavf tugʻdirsa, uni davolash muhimdir», — dedi shifokor.
Uning soʻzlariga koʻra, sogʻligʻingiz uchun qaygʻurishingiz, oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilishingiz uchun hech qachon kech boʻlmaydi, ammo buni hoziroq boshlashingiz zarur. Inson organizmining holatini nazorat qilmasdan qancha koʻp yashasa, ahvolining yomonlashishiga olib keladigan kasalliklarga chalinish xavfi shunchalik katta boʻladi.
“Inson hamma yaxshi va yomon narsalarga juda tez koʻnikadi. Agar odamda noqulaylik, charchoq, stress paydo boʻlsa va u shu holatda bir oy yashasa shunga koʻnikib qoladi va keyinchalik bunga ahamiyat bermay qoʻyadi. Bu uning hayot sifatini buzadi, oʻz-oʻzini tanqid qilish yoʻqoladi, odam oʻzi bilan nimadir notoʻgʻri ekanligini tushunishni toʻxtatadi”, deya qoʻshimcha qildi mutaxassis.
Shifokorning aniqlik kiritishicha, odam “yoshni aldashi” mumkin, ammo siz oʻzingizni aldamasligingiz kerak. «Oʻy-xayollarimizda yosh boʻlib qolishni istaymiz, ammo oʻzingizni qancha aldamang — juda qisqa vaqt ichida keksayib qolish hech gap emas. Shunday ekan, yogʻli, uglevodlarga boy, tez tayyorlanadigan zararli ovqatlardan tiyiling, tutun, stresslardan yiroq boʻling.
Baʼzida 27 yoshida odamlar hissiy va jismoniy jihatdan chuqur qariyaga aylanadi. Aksincha, yoga bilan shugʻullanadigan, sogʻlom turmush tarziga rioya etadigan, istirohat bogʻlariga borishni odat tusiga kiritgan keksalar soni juda koʻp. Ularning ichki tuygʻulari, tashqi qiyofasi va koʻzlaridagi tabassumni koʻrib, 35-40 yoshdan ortigʻini berolmaysiz», deya taʼkidladi mutaxassis.