Bir yil avval poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtgan “Sraft Fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandlik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasida ishtirok etib, inson qoʻli gul ekaniga yana bir karra amin boʻlgan edik. Allaqachon unut boʻlayozgan loydan yasalgan hushtaklar-u, daraxtga oʻyib ishlangan soatlar, ayniqsa, andijonlik Abdumalik aka Qosimov yasagan yogʻoch mashinalar hech kimning eʼtiboridan chetda qolmadi.

Oʻtgan ham, ketgan ham loaqal bir marta koʻz tashlab, “qoyil-e, barakalla”, derdi. Yogʻochdan yasalganiga ishongingiz kelmaydigan, nihoyatda silliq ishlangan turli rusumdagi bu mashinalarning narxiga qiziquvchilar ham koʻpaydi. Hunarmandning “narxlarimiz toʻrt milliondan boshlanadi”, degan gapiga javoban “vooy, bu pulga “Spark” beradi-yu”, deb labini burganlar ham boʻldi. Narxlarni eshitib, biz ham qimmatbaholikning siri nimada ekani-yu, yogʻoch mashina ustasining faoliyatiga qiziqib qolgan va keyinroq batafsil gaplashamiz degan maqsadda uning tashrif qogʻozini olgandik.

Toʻgʻri, yogʻochdan mashina yasalishi olamshumul voqea emas. Bu masalaga qiziquvchilar internet orqali allaqachon koʻplab maʼlumotlarni olib boʻlishgan. Zero, 2011-yilda Xitoyda shunchaki maket emas, chinakamiga minib yursa boʻladigan, ogʻirligi 1,5 tonna, uzunligi 4,5 metrlik yogʻoch mashina — “Axilles” ishqibozlarni hayratga solgan edi. Shuningdek, oddiy bolgʻa va qirqqichlar yordamida 30 kunda mashina yasaydigan vyetnamlik usta ham koʻpchilikka tanish. Biroq oʻzbek duradgorlari yasayotgan yogʻoch mashinalarga asosan chetdan buyurtma boʻlayotgani eʼtiborimizni tortdi. 

— Hozirgi faoliyatimiz avvalambor ijtimoiy tarmoqlardan video yuklash bilan boshlangan. Chunki biz asosan You Tube dan daromad topardik, — deydi Abdumalik Qosimov. — Qoʻl mehnati bilan yasagan buyumlarimizni foto, videoga olib, jarayondan lavhalar bilan internetga joylardik. Asta-sekin Tailand, Malayziya, Xitoyda yogʻochdan mashina yasaydigan kanallarni koʻrdik. Oʻzimiz ham shularga oʻxshagan kanal ochib, yogʻochdan mashina yasashni boshladik.

Birinchi yasagan mashinamizning kamchiliklari koʻp boʻlsa-da, Oʻzbekistonda odamlar ilk bor yogʻoch mashinani koʻrgani uchun iliq munosabatda boʻlishgan. Ayniqsa, oʻrtoqlarim “bu ishingni toʻxtatma, qaytanga rivojlantir, hali juda yaxshi natija boʻladi, hech kimning xayoliga kelmagan ish boʻlibdi”, deb motivatsiya berishgan. Shu gaplar taʼsiridami, oʻzimizda ham qiziqish kuchayibmi, hozirgacha yogʻochdan turli xil mashinalar yasashda davom etyapmiz.

Hunarmand oʻz mahsulotlari bilan koʻrgazmalarda ishtirokini kanda qilmayapti. Hatto Abu-Dabidagi koʻrgazmada ham muvaffaqiyatli qatnashib, shartnomalar tuzishga, yangi hamkorlar topishga erishdi. Hunarmanddan yogʻochdan mashina yasash jarayoni haqida soʻradik.

— Bu juda qiziq va uzoq davom etadi, 15–20 kun, baʼzida 1 oyga ham choʻziladi, — deydi u. — Mahsulotning 97 foizi yogʻochdan. Amartizatorlariga yoki prujina balon aylanishiga podshipnik ishlatamiz. Qolgan hamma detallari yogʻoch. Buning uchun zarur boʻladigan chinor, bugʻ, yasin, yongʻoq kabi mahsulotlar — xomashyoni Fargʻona, Qoʻqon, Namangan, Toshkentdan olib kelamiz. Asosan chinor yogʻochini ishlatamiz. Albatta, buyurtma asosida ham ishlaymiz. Ularni mijozning koʻngliga yoqadigan koʻrinishda — oʻzi aytganday qilib yasab berishga harakat qilamiz. Oʻzimizda asosan “GM” mashinalariga, keyin “07”ga qiziqish katta boʻlsa, chet eldagi mijozlar koʻproq “Mercedes”, “BMW”, tarixiy, antikvar mashinalarga buyurtma berishadi.

Oʻzbekistonda bizga oʻxshab yogʻochdan mashina yasaydigan hunarmandni hali uchratmadik. Lekin yuqorida aytganimdek, Tailand, Malayziya va Xitoyda bu hunarning mohir ustalari bor. Menga koʻproq tailandlik ustalar ishi yoqadi. Ular oʻta silliq hamda chiroyli, odamga yoqadigan darajada ishlashadi. Nasib qilsa, biz ham mahsulotlarimiz soni va sifatini oshirib, ijtimoiy tarmoqdagi muxlislarimizga yangi-yangi modellarni taqdim etish uchun bor kuchimiz, imkonimizni ishga solamiz. “Oʻzbekistonda ham yogʻoch mashinaning ustalari bor ekan-ku”, degan eʼtirofning oʻzi bizga katta kuch beradi.

***

Ha, oʻzidan kuchlilarga havas qilish eng yaxshi fazilatlardan biri. Ularga oʻxshashga intilish esa, undan-da yaxshi. Ayni paytda diliga shu maqsadni jo aylab 5–6 shogirdni yetaklayotgan, yogʻoch oʻymakor ustalarni hamkorlikka taklif qilayotgan Abdumalik aka oʻz ustida tinimsiz ishlaydi. Oʻta sabrlilikni talab qiladigan mashaqqatli mehnat esa beiz qolmaydi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri