“Gʻijduvon shashlik” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan

    Ijtimoiy tarmoqlarda Gʻijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurovning kimdir Gʻijduvon shashliklarini pishirib, sotmoqchi boʻlsa, tuman hokimligiga toʻlov toʻlashi kerakligi haqida tumanda boʻlib oʻtgan tadbirda aytgan gaplari aks etgan videoxabar tarqaldi.

    Adliya vazirliginng taʼkidlashicha, muayyan tovarning geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshimcha majburiyatlarni yuklamaydi, geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    Taʼkidlanishicha, Adliya vazirligi geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

    Buxoro viloyat adliya boshqarmasining koʻmagi bilan joriy yilning 24-avgust kuni “Gʻijduvon shashlik” geografik koʻrsatkich sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Buxoro viloyatida birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ushbu geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, yaʼni Gʻijduvon tuman hokimligiga guvohnomada koʻrsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi.

    Mazkur geografik koʻrsatkich guvohnomasi viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sh.Bahronov tomonidan davlatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami tadbirlari doirasida Gʻijduvon tuman hokimi Sh.Ashurovga tantanali ravishda topshirildi.