Iyun juda katta tarixiy voqealarga boy boʻldi. Tabiat qonuniga koʻra, kunlar isiy boshlagan bu pallada mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy ­hayotida ham qaynoqlik kuzatildi. Oyning ilk haftasida mamlakatimiz musulmonlari Qurbon hayitini nishonladi. Davlatimiz rahbari bayram munosabati bilan ­Oʻzbekiston xalqiga tabrik yoʻlladi. Unda “Bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga uygʻun va hamohang boʻlib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotgani” alohida taʼkidlandi.

Yana bir quvonchli voqea — futbol boʻ­yicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan jahon chempionatiga saralash oʻyinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini koʻrsatdi. Futbolchilarimiz tom maʼnoda ulkan gʻalabaga erishib, Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani milliy futbolimizda yangi oltin sahifani ochib berdi. Shaharlar, uzoq qish­logʻu ovullarda sportsevar va tinchliksevar xalqimiz qalbida chinakam gʻurur tuygʻulari joʻsh urdi.

Davlatimiz rahbari futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga yoʻllagan tabrikka yurtimizdagi millionlab sport muxlislari joʻrovoz boʻldi. Milliy sportimiz solnomasidagi bunday yorqin tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtirdi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylandi, yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ­obroʻ-eʼtiborini yanada oshirdi.

Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: ushbu marraga yetishishimizga nimalar asos boʻldi? Maʼlumki, Prezidentimizning 2018-yil 16-martdagi qarori bilan 2018-2022-yillarda futbolni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Isteʼdodli yoshlarni tanlash, keyinchalik professional etib tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashgʻulot va musobaqalar sifati oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga eʼtibor kuchaydi.

2019-yil 4-dekabrda Prezidentimiz “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Unda klub­lar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar oʻtkazish maqsadlari belgilangan edi. 2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham bu yoʻlda katta ahamiyatga ega boʻldi.

Shunday eʼtibor va tizim tufayli birin-ketin natijalar kela boshladi. Mamlakatimiz nomini mundial yoʻllanmasiga yozib qoʻyishga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan bir guruh yurtdoshlarimizning davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi esa barchaning koʻnglidagi ish boʻldi. Davlatimiz rahbari “Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari va murabbiylaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi.

10-iyun kuni “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurgan koʻpmillatli xalqimizning minglab vakillari Prezidentimiz bilan birga futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Qatar jamoasiga qarshi oʻyinini tomosha qildi. Jahon chempionati saralash bosqichining soʻnggi uchrashuvi oddiy oʻyin emas, oʻzbek futbolining katta bayramiga aylanib ketdi.

Shu kuni davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizga “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Doʻstlik”, II darajali “Salomatlik” ordeni, “Sogʻlom turmush”, “Shuhrat” medallarini topshirdi. Shuningdek, terma jamoamiz aʼzolari va mutaxassislariga avtomobillar sovgʻa qilindi.

Doʻsting kimligini ayt...

Xalqaro hamkorlik bobida ham sermahsul uchrashuv va muloqotlar, kelishuv va oʻzaro sheriklik boʻyicha ilgʻor qadamlar tashlandi. “Al Mirqab Capital” kompaniyasi boshqaruvi raisi Hamad bin Jassim Ol Soniy, “Blackrock” investitsiya kompaniyasi katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi, Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan BRIKS Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen, “Euronews” media xoldingi direktorlar kengashi raisi Pedro Vargas boshchiligidagi nufuzli delegatsiyalar davlatimiz rahbari qabulida boʻldi.

“Doʻsting kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”, degan maqol bor. Shu ­maʼnoda, bir-birini doʻst deb qabul qilgan tomonlar oʻrtasidagi muloqotlar davomida har bir yoʻnalish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamda begʻaraz hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Oʻzbekiston bilan nufuzli xalqaro moliyaviy institutlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish va boshqa koʻplab muhim masalalar koʻrib chiqildi.

Masalan, “Euronews”dek yetakchi kompaniya bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, Oʻzbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, mamlakatda roʻy berayotgan muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, shuningdek, investitsion va turizm salohiyat toʻgʻrisida uning keng auditoriyasini kengroq xabardor qilish masalalari kelishib olingani, shu asosda ayni kunlarda Toshkent shahrida yangi vakolatxonasi ochilgani ikki tomon uchun ham birdek manfaatlidir.

Iyunning birinchi dekadasida Prezidentimiz taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi. Har ikki mamlakat yetakchilari bilan boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralarda koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ustuvor yoʻnalishlar — savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan, koʻp tomonlama maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, yetakchilarning muzokaralari, rasmiy va ishbilarmonlik tadbirlari, qator ikki tomonlama bitimlar imzolash marosimlari kun tartibidan joy oldi.

Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri va Bolgariya Prezidenti IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi. Mazkur tadbir hamda undan soʻng oʻtkazilgan Xorijiy investorlar kengashi majlisida davlatimiz rahbari nutq soʻzladi.

Har yerda milliy manfaat ustuvor

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qozogʻis­ton Respublikasi Prezidenti Qasim-­Jomart Toqayevning taklifiga binoan “Markaziy Osiyo — Xitoy” ikkinchi sammitida ishtirok etdi. Ostona shahrida boʻlib oʻtgan tadbir kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni ustuvor yoʻnalishlarda kengaytirish istiqbollari, dolzarb xal­qaro va mintaqaviy masalalar koʻrib chiqildi.

Aytish kerakki, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash haj­mi ortib borayotir, joriy yilda bu koʻrsatkich 100 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida 2023-yilda Sian shahrida oʻtgan birinchi sammitdan soʻng “Markaziy Osiyo — Xitoy” formatidagi hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

— Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning oʻzidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbogʻ va yoʻl” global konsepsiyasini ilgari surishga qatʼiy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Soʻng Prezidentimiz mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz nuqtayi nazarini bayon qildi. Avvalo, bu galgi uchrashuv xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan bir sharoitda oʻtayotgani taʼkidlandi. Raqobatning ortishi keskinlikning zoʻrayi­shiga, xavfsizlik va barqaror taraq­qiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo boʻlishiga olib kelmoqda.

— Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish oʻzini oqlamaydi va bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi deb hisoblaymiz, — dedi Prezidentimiz. — Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq meʼyorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik saʼy-harakatlar yoʻli bilan — muzokaralar stolida hal etilishi shart.

Shu munosabat bilan sammit davomida mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga umumiy hissa qoʻshadigan Abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Ushbu shartnomani rivojlantirish maqsadida aniq mexanizm va loyihalarni kiritgan holda Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Oʻzbekiston yetakchisi iqtisodiy salohiyat­ni samarali roʻyobga chiqarish uchun sanoat va infratuzilmaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish zarurligiga alohida toʻxtaldi. Shu maqsadda “Markaziy Osiyo — Xitoy” sanoat va infratuzilma makoni” uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Xitoy investitsiyalari, texnologik va ilmiy yechimlarini jalb qilgan holda, oʻzaro bogʻlangan sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika xablari tizimini yaratish shular jumlasidan.

Oradan hech qancha fursat oʻtmay, davlatimiz rahbari Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi. ­Moʻgʻuliston Davlat saroyida ikki mamlakat yetakchilarining tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi boʻlgan ushbu tashrif koʻp qirrali Oʻzbekiston — Moʻgʻuliston aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishini taʼkidladi. Doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga eʼtibor qaratdi.

Davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarga asoslangan, soʻnggi yillarda mazkur hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ikki oʻlka yetakchilarining intilishi mavjud aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, mintaqaviy hamkorlik va taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.

Xalqaro ekspertlar ham 24-25-iyun kunlari boʻlib oʻtgan mazkur tashrif yakunlari va Oʻzbekiston — Moʻgʻuliston munosabatlarining zamonaviy holati, istiqboli hamda ahamiyati xususida koʻplab chiqishlar qildi. Masalan, siyosiy tahlilchi Adiyakhuu Batbazar (Moʻgʻulis­ton) shunday deydi:

— Iqtisodiyoti boʻyicha mintaqada yuqori oʻrinda turuvchi Oʻzbekistonni ayrim tahlilchilar “Beshinchi Osiyo yoʻlbarsi” deb atayotgani bejiz emas. Olib borilayotgan islohotlar mamlakatni har tomonlama rivojlantirish, xalqaro maydondagi taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan. Qisqa vaqt ichidagi bu muvaffaqiyatlarning oʻz omillari bor, albatta. Inson resurslari salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng yuqori koʻrsatkichga ega. Shu bilan birga, rivojlanishga toʻsqinlik qiluvchi ayrim omillar ham mavjud. Mamlakat dengizga chiqa olmaydi, ikki-uch davlat hududi orqali dengizga chiqish imkoniga ega dunyodagi ikki davlatdan biri hisoblanadi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun transport tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish boʻyicha strategik siyosat ishlab chiqilib, mahalliy mahsulotlarni imkon qadar tezroq dengiz portlariga yetkazadigan transport yoʻlaklari yaratishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Masʼuliyatni oshirish — muvaffaqiyatga erishishning ishonchli yoʻli

Bugun Oʻzbekistondagi keng qamrovli islohotlar mamlakat taraqqiyoti, jamiyat farovonligi va fuqarolar hayotini yaxshilashga qaratilgan. Islohotlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishi esa, avvalo, ijro intizomiga bogʻliqdir. Shu jihatdan qaralganda, ijro intizomi islohotlarning muvaffaqiyatiga asos boʻlib xizmat qiladi.

Prezidentimiz raisligida 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyish masalalari diqqat markazida boʻldi. Endi ijro intizomiga Hisob palatasi masʼul boʻlishi, uning vakolatlari kengaytirilib, berilgan mablagʻlarning faqat toʻgʻri sarflanishi emas, balki nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi boʻlgani ham oʻrganilishi taʼkidlandi.

Qonun ijrosi bilan mukammal. Vazirlar, hukumatdagi masʼullar tartib-intizomga qattiq eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi choʻzilib ketayotgani tanqid qilindi.

Vaziyatni keskin ijobiy tomonga oʻzgartirish maqsadida Toshkent shahrida oʻzini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portali butun respub­likada ishga tushiriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi boʻladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi. Prezidentimiz aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini qayd etdi.

— Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, — dedi ­Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda hududlarda bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, inves­titsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga eʼtibor qaratildi. Soliq maʼmurchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligi va ish oʻrni yaratishni qoʻllab-quvvatlash zarurligi taʼkidlandi.

Mahallalarga suv olib borib, meva-sab­zavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiya­lar orqali eksportni koʻpaytirish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi. Oʻrmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, goʻsht va sut ­mahsulotlarini koʻpaytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilandi.

Shaharlarda jamoat transportini rivoj­lantirish, yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil qilib, tirbandlik va avtohalokatlarni kamaytirishning ahamiyati qayd etildi. Odamlar sayr qiladigan joylar, yashillik va bolalar maydonchalarini koʻpaytirib, xalqni rozi qilish talabi qoʻyildi.

Hududlar islohotlarimiz koʻzgusidir

18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif davomida davlatimiz rahbari aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishdi. Dastlabki manzil “Parkentsoy” turar joy massivi boʻldi. Ekoshahar sifatida qaralayotgan va umumiy maydoni olti gektarni tashkil etuvchi hududda jami 5200 xonadonli 125 ta koʻp qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiyatejamkor texnologiyalar bilan taʼminlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geliokollektorlar oʻrnatilib, suv isitishda foydalaniladi. Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi, tannarxi xalqimizga mos.

Davlatimiz rahbari tumanni yanada rivoj­lantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Bu boradagi muhim loyiha — “Baytqoʻrgʻon — Parkent” elektrlashtirilgan temir yoʻli. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yoʻl foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi, tumanning xushmanzara goʻshalariga sayohatga kelish osonlashadi.

Prezidentimiz parkentlik faollar bilan dildan suhbatlashdi. “Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror boʻlsa, mana shunday bunyodkorlik boʻladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini koʻrib, xursand boʻldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib”, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatida ham boʻldi. Hududdagi islohotlar, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishilgach, Koʻkdala tumanida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivoj­lantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi. Unda viloyatda ulkan oʻzgarishlar boʻlayotgani, islohotlar odamlar hayotiga kirib borayotgani qayd etildi.

Oldinlari viloyat sanoatining yarmidan koʻpi neft-gaz va kimyo tarmogʻiga toʻgʻri kelardi. Soʻnggi yillarda elektr texnikasi, qurilish materiallari, toʻqimachilik, mebelchilik sohalarida “katta sakrash” boʻldi. Hozir bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54 foizni tashkil etyapti.

Tahlillarga koʻra, Qashqadaryoda ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning uchdan biri loyihaga aylantirilsa ham, viloyat yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkin. Davlatimiz rahbari viloyatni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.

— Qarang, eng katta zaxira qishloq xoʻjaligi yerlari, — deydi mehnat faxriysi, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Shodiyor Xoʻjanazarov. — Ha, viloyatimizda ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻp. Koʻkdaladagi yigʻilishda Qashqadaryo ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyatga ega ekani taʼkidlandi. Yaylov va oʻrmon yerlaridan samarali foydalanish fursati yetdi. Endi boʻsh turgan 1,3 million gektar yaylov va oʻrmon yeri ishga solinadi. Inves­titsiya jalb qilinib, loyihalar moliyalashtiriladi. Shuning hisobiga ikki yilda viloyatdagi kamida 200 ming gektar yer lazerli tekislanib, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.

— Qashqadaryoda rejalashtirgan ishlarimiz koʻp. Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bagʻrikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va olijanob viloyat ahli bilan oldimizga qoʻygan ulkan marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fikr aytish va yetkazish masʼuliyati bilan...

27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni mamlakatimiz qalam ahli oʻz kasb bayramini nishonladi. Sana arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik tamoyilini mustahkamlashga qoʻshayotgan munosib hissasi, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yangi Oʻzbekistonda erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targʻib etishdagi katta xizmatlari uchun soha fidoyilaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʻldi.

Anʼanaga koʻra, Prezidentimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yoʻlladi. Unda qalam ahli faoliyati yuksak baholanib, “Hech shubhasiz, ommaviy axborot vositalari xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash, ijodiy jamoalarni qoʻllab-quvvatlash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bundan buyon ham yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi”, deya tilak bildirildi.

Mamlakatimiz jurnalistlari va ijodiy jamoalari tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olib, bu yil “Oltin qalam” milliy mukofoti birinchi marta 27-iyunda — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunida topshirildi. Xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlari nomini eʼlon qilish hamda taqdirlash marosimi muhtasham “Oʻzbekiston” forumlar saroyida yuksak saviyada tashkil etildi.

Gap matbuot va ommaviy axborot vositalari haqida borar ekan, davlatimiz rahbarining “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yoʻnalishda aynan sizlardek jasur va dov­yurak, Vatanni chin dildan sevadigan, oʻz kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora koʻproq boʻlishini taqozo etmoqda”, degan fikrlarini keltirib oʻtish joiz.

Darhaqiqat, yangi Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar sabab jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirishda OAVlariga jiddiy eʼtibor berildi. Natijada davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish borasida milliy matbuotimiz muhim oʻringa ega boʻldi.

Yangi tarix yaratayotgan oltin avlod

30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi va ushbu qutlugʻ ayyom bilan ularni tabrikladi, yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

— Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan boʻlsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtarishga qodirsiz. Sizlar — yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, — deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini xalqaro hamjamiyat ham keng eʼtirof etmoqda. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar — 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz bu borada eng tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan davlat deb topildi.

Buxoro shahri — Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri — Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi yoshlari poytaxti maqomini oldi.

Shu kunlarda yurtimizda Global yoshlar fes­tivali boʻlib oʻtmoqda. Ushbu forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo yoshlari uchun samarali hamkorlik va oʻzaro tajriba almashish maydoni boʻlishi qayd etildi.

Prezidentimizning 28-iyundagi farmon va qaroriga muvofiq, yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida bir guruh ilgʻor yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Uchrashuvda ana shu mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

Davlatimiz rahbari yoshlarning bilim va iqtidorini eʼtirof etib, ular bilan gʻururlanishini taʼkidladi: “Sizlarning har bir yutugʻingiz — butun xalqimizning yutugʻidir. Azmu shijoatingiz, sogʻlom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz — millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir”.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri