Biroq bu ish osongina koʻchmasligi ham koʻpchilikka yaxshi ayon. Eng muhimi, bu munosabatlarda oʻziga xos yuksak diplomatiya talab etiladi. Bunga Nyu-York shahridagi BMT qarorgohida oʻtkazilgan Assambleyaning 80 — yubiley sessiyasi va unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ishtiroki, shu munosabat bilan Amerikada Oʻzbekiston rahbari tomonidan oʻtkazilgan muzokaralar, imzolangan shartnomalar, uning otashin nutqi tevaragidagi faol munosabatlar ham yaqqol misol boʻla oladi.
Birinchidan, mamlakatimiz rahbariga shunday nufuzli anjuman minbarida nuqt soʻzlash uchun eng oldingilardan boʻlib oʻrin berilishi;
Ikkinchidan, uning muzokara soʻzida nafaqat malakatimiz yoki markaziy Osiyo, balki Afgʻoniston, Gʻazo sektori, Ukraina timsolida butun dunyoning hal qilinishi lozim boʻlgan dolzarb muammolari qamrab olinishi;
Uchinchidan, Yangi Oʻzbekistonimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ularning samaralari haqidagi jahon hamjamiyati oʻrgansa arzigulik ibratli jihatlardan sessiya ishtirokchilari timsolida butun olamni xabardor qilinishi, insoniyat oldida turgan, oʻz yechimini kutayotgan global muammolarda navqiron Oʻzbekistonning nuqtayi nazari va bu muammolarni bartaraf etish borasida Oʻzbekiston rahbari tomonidan gʻoyat darajada joʻyali takliflar oʻrtaga tashlanishi;
Toʻrtinchidan, hamkorlikdagi muayyan ishlarni amalga oshirishda Prezidentimiz tomonidan bevosita Oʻzbekistonda oʻtkazilishi taklif etilayotgan bir qator oʻzaro manfaatli anjumanlarni BMT shafeʼligida oʻtishiga daʼvat qilinishi juda katta umumbashariy ahamiyatga molikdir. Bugina emas, nutq va unda ilgari surilgan har bir mulohaza insoniyat taqdiriga daxldor masalalar ekanligi bilan nafaqat anjuman ahli, balki butun jahon mutasaddilari eʼtiborini oʻziga qaratgani nafaqat Prezident, balki uning oqilona rahbarligida qisqagina fursatda shakllangan Yangi Oʻzbekiston diplomatiyasi ishidagi samaradorlikning yorqin namunasi, desak bu borada aksioma yangligʻ isbot talab qilmaydigan teoremaga asos solgan boʻlamiz
Bu esa mamlakatimiz rahbarining har galdagidek, mazkur tarixiy anjumanga ham oʻta puxta tayyorgarlik koʻrgani, Sharqona bilimdonlik, oʻzbekona donishmandlik asosida magʻzi toʻq fikrlarni bayon qilganining hayotbaxsh natijasi boʻlsa kerak.
Eng muhim jihatlardan biri shuki, Prezidentimizning mashvarat ahli eʼtiborini qozongani, xuddi shuningdek uncha muncha davlat rahbariga pinagini buzmaydigan AQSHday davlat yetakchisining yuksak bahosiga muyassar boʻlgani nainki yurtimiz fuqarolari, qolaversa jahon hamjamiyatini ham befarq qoldirmay, bu quvonchli holat hamon butun dunyo boʻylab keng omma eʼtiborini bamisoli ohanraboday oʻziga tortmoqda, jahondagi eng nufuzli davlatlarning ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek qilni qirq yoradigan ekspertlari tomonidan qizgʻin va atroflicha muhokama qilinmoqda. Xuddi shundan kelib chiqib, baralla aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekistonimizning shaxdam qadamlari, Prezident iborasi bilan aytganda, ortga qaytmas islohotlari samarasi oʻlaroq bu olamshumul ajoyib tarixiy voqea dunyo boʻylab har qanday sof vijdonli kishiga, jumladan iymon-diyonatli, yakdil va oʻzaro hamjihat malakatimiz ahliga beqiyos huzur, iftixor-gʻurur bagʻishlashi, oʻz ishi va umum ishi boʻlmish Yangi Oʻzbekistonimizni bunyod etishga masʼuliyat bilan yondoshishga, Prezidentimiz atrofida uning olijanob gʻoyalarining muqarrar amalga oshirishida kamarbasta boʻlishga ruhlantirishi tabiiy, albatta!
Umuman olganda, BMTning 80-yubiley sessiyasi, unda erishilgan marralar, qabul qilingan rejalar dunyo hamjamiyatini hamkorlikning bosqichlariga olib chiqishiga umid uygʻotgani yangligʻ, Oʻzbekiston Prezidentining bu nufuzli anjumandagi tarixiy nutqi, unda ilgari surilgan umumbashariy gʻoyalar barcha davlat yetakchilari, anjumanda ishtirorok etgan jamiki rahbarlar uchun yuksak diplomatiyadan mahorat darsi boʻldi, desak nutqni toʻgʻri tushunib yetgan, xolisona idrok etgan va undan odilona xulosa chiqargan boʻlamiz.
Ziyoviddin MANSUR,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.