“Yuksalish” harakati Jalaquduqdagi “Gʻalaba” mahallasi aholisini maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlashga koʻmaklashdi

    Mamlakatimizda 5 Aprel 2022 1586

    “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi bilan “Oʻzbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda ehtiyojmand aholi qatlami ishtirokini oshirish” loyihasi amalga oshirilyapti.

    Loyiha doirasida Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining 6 ta olis tumanlaridagi 12 ta mahallaning kichik infratuzilmasini yaxshilashga koʻmaklashish koʻzda tutilgan.

    Joriy yil 4-aprelda Andijon viloyatining Jalaquduq tumani “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻinida ushbu mahalla aholisiga 90 million 420 ming soʻmlik 165 dona maishiy gaz ballonlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda loyiha tashkilotchilari, tuman hokimligi, tuman gaz taʼminoti idorasi vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi.

    Hozirda “Gʻalaba” mahallasida aholi soni 3 ming 400 dan ziyodni tashkil etadi. Mingdan ziyod oila, 740 ta xonadon mavjud. Ushbu mahallaga tabiiy gaz yetib kelmagan, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Biroq xonadonlarni gaz ballonlari bilan toʻliq taʼminlashda muammolar bor.

    Oʻtgan yilning yozida loyiha ishchi guruhi tomonidan ushbu mahalla faollari ishtirokida oʻtkazilgan maslahat uchrashuvlari davomida ham aholining maishiy gaz ballonlariga boʻlgan ehtiyoji kattaligi aniqlangan edi. Shundan soʻng, Yevropa Ittifoqining loyiha uchun ajratilgan mablagʻlarining maʼlum qismi “Gʻalaba” MFY aholisini maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladigan boʻldi. Endilikda Haqiqat, Kunchiboq, Dilkash, Doʻstlik koʻchalarida yashovchi aholi aholini oʻn yildan beri qiynab kelayotgan masalaga yechim topildi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, har bir mahallaning ijtimoiy, infratuzilmaviy muammolarini aniqlash, yechimiga taklif berish, mahalliy qarorlarni qabul qilish jarayonlarida bevosita aholining oʻzi, faol fuqarolar ishtirok etdi. Bunda muammoni yaqqol tasavvur qilish imkoni boʻldi, chunki qaysi uyda kim qanday yashashini, ularga nimalar kerakligini shu yerlik odamlarning oʻzi yaxshi biladi.

    Bu kabi yoʻnalishlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro donorlarni jalb qilgan holda amalga oshirayotgan loyihalari hukumatga koʻmak boʻladi, aholi farovonligini yanada yaxshilaydi.

    Maʼlumot uchun: Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari orqali COVID-19 pandemiyasining taʼsirini kamaytirishga oid qiymati 1 million yevro boʻlgan Dasturni ishga tushirgan. Ushbu Dastur doirasida “Yuksalish” harakatining “Oʻzbekistonning chekka qishloq hududlarida pandemiya sharoitida qarorlar qabul qilishda ehtiyojmand aholi qatlami ishtirokini oshirish” loyihasiga 400 ming yevroga yaqin miqdorda mablagʻ ajratilgan.

    Mazkur loyiha ish boshlagan vaqtdan buyon (2021-yil, aprel) respublikamizning 6 ta hududi – Paxtachi, Qoʻshrabot, Qarshi, Chiroqchi, Jalaquduq tumanlaridagi va Xonobod shahridagi jami 12 ta chekka mahallalarda yashovchi 350 ta ehtiyojmand oilaga 1,3 milliard soʻmlik bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi hamda 12 ta tibbiyot muassasasiga jami 280,5 million soʻmlik zarur tibbiy buyum va uskunalar taqdim etildi.

    Loyiha davom etyapti. Oldinda yana 11 ta mahallaning infratuzilmasini takomillashtirish (jumladan, koʻchalarga shagʻal yotqizish, elektr ustunlari, transformator oʻrnatish va boshqa) ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.