Rejaga koʻra, sportchilarimiz 12-18-yanvar kunlari Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida oʻtkaziladigan “Gran Prix Zagreb Open-2021” turnirida ishtirok etishadi. Bu yunon-rum kurashi boʻyicha terma jamoamizning bir yillik tanaffusdan soʻng qatnashadigan dastlabki xalqaro musobaqasi hisoblanadi.

Zagreb turniri yakuniga yetishi bilan Xorvatiyaning Porech shahrida xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻini boshlanadi. “Gran Prix Zagreb Open-2021” musobaqasida qatnashgan aksariyat terma jamoalar 18-29-yanvar kunlari oraligʻida oʻtkaziladigan ushbu xalqaro mashgʻulotlarda ham ishtirok etishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Zagreb Gran-prisida hamyurtimiz, Xalqaro toifadagi referi, “Oltin hushtak” sohibi Tohir Gʻulomov hakamlik qiladi.

Maʼlumot uchun, ayni paytda yunon-rum kurashchilarimiz tomonidan Tokio Olimpiadasiga 3 ta litsenziyasi qoʻlga kiritilgan. 2019-yil Qozogʻistonning Nur-Sultan shahrida oʻtgan jahon chempionatida Elmurat Tasmuradov, Jalgasbay Berdimuratov va Rustam Assakalov Olimpiada yoʻllanmasiga sazovor boʻlishgan edi.

Xorvatiyaga milliy terma jamoamiz quyidagi tarkib bilan yoʻl oldi:

-55 kg: Jasurbek Ortiqboyev, Ilhom Bahromov

-60 kg: Islomjon Bahromov, Feruz Toʻxtayev

-63 kg: Elmurat Tasmuradov

-67 kg: Mahmud Baxshulloyev

-72 kg: Aram Vardanyan

-77 kg: Jalgasbay Berdimuratov

-97 kg: Jahongir Turdiyev

-130 kg: Moʻminjon Abdullayev

Murabbiylar - Ravshan Roʻziqulov, Rustam Qudratov, Zaza Silagadze

Hakam - Tohir Gʻulomov

Massajchi - Uzrob Tursunaliyev

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati