Balki tuzalarmi bu xasta dunyo,
Balki ishq soʻzini unutgan ul yor.
Qalbga malham boʻlsin mumtoz ohanglar,
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Yurt sultoni aytar: “Maqomni anglang,
Komiljon, Maʼmurjon hofizni tinglang.
Shunda el boʻlamiz, ketib gʻaflatdan”,
Yunus Rajabiyning torini chaling!
“Shashmaqom”, “Choʻli irogʻ”u “Chorgoh”lar
Ayting qaysi gʻamdin urar faryodlar,
Asrlar yukini men ham ortmoqlay,
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Nyu-Yorkdan nido qilar Bosh kotib:
“Millatlar birlashing, yurakni yoqib,
Faqat Mehr bizni qutqarar, yo rab!”
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Tabiat isyonda, qalblar pajmurda,
Ona oʻz bolasin sotar qay elda.
“Tangrimga aytaman!”- der goʻdak zada,
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Ne ummon, ne sahro, ne samo soʻzlar,
Qiyomatda ayon bari yozmishlar.
Qilmishlar, urushlar, ne yuz burishlar...
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Chaling, kuygan dilim kuy istar bu dam,
Yetti iqlim aro harorat, alam,
Ey Odam! Ey Havvo! Yo Rasul akram!
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Axir, bu kuylarda salovotlar bor,
Alloh ishqidagi halovatlar bor.
Munojat, hidoyat, himoyatlar bor,
Yunus Rajabiyning torini chaling!
Balki tuzalarmi bu xasta dunyo,
Balki ishq soʻzini unutgan ul yor,
Koʻhna Oqsaroydan bir sado kelar:
Yunus Rajabiyning torini chaling!!!
Muxtasar Tojimamatova
15.07.2020y.