Biz bugun mamlakatimizni intellektual transformatsiya qilish va strategik rivojlantirishning tarixan yangi sifat bosqichiga kiryapmiz. Bu jarayon esa yangicha qarash va ilmiy-innovatsion yondashuvlarni taqozo etadi. Binobarin, yangi O'zbekiston islohotlari o'ziga xosligi ilmiylik va ilg'or xorijiy tajribalarga asoslanganligida ko'rinadi. Davlatimiz rahbarining siyosiy liderlik va islohotchilik fenomeniga oid eng yorqin jihati ham aslida ana shunday ilmiylik va global e'tirofga loyiqligida.
Mamlakatimizning buyuk kelajagi zamirida ajdodlarimiz yaratgan va bizga meros qilib qoldirgan yuksak tsivilizatsion kapital yotadi. Uni asrab-avaylash va keyingi avlodlarga yanada samarali qilib etkazish nihoyatda muhim.
Asosiy omil
Bugun biz beqaror, ham iqtisodiy, ham siyosiy turbulent dunyoda yashayapmiz. Mana shunday sharoitda davlatning ochiqlik siyosati milliy bozorimizga global kompaniyalarning jadal kirib kelishiga yo'l ochib berdi. Ichki raqobat darajasini keskin oshirishga imkon yaratdi. Natijada raqobatbardoshlik iqtisodiy taraqqiyotning bosh drayveriga aylandi. Milliy raqobatbardoshlik mazmun-mohiyati tubdan o'zgardi.
Ma'lumki, sanoat davrida davlatlarning iqtisodiy qudrati asosan, tabiiy resurslar, kapital va ishlab chiqarish quvvatlari bilan belgilanadi. Bugungi bilimlar iqtisodiyoti esa raqobatbardoshlikning asosiy manbalari inson kapitali, professional kompetentsiyalar, sun'iy intellekt, innovatsiya va texnologiyalar, mehnat mahsuldorligi, infratuzilma, institutlar sifati hamda strategik boshqaruv qobiliyati kabi drayverlarga tayanmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Daniya, Finlyandiya dunyo iqtisodiyotining eng raqobatbardosh mamlakatlari qatoriga kiradi. Vaholanki, ular tabiiy resurslarga boy emas. Aksincha, katta tabiiy boyliklarga ega ayrim mamlakatlar esa hali ham yuqori daromadli iqtisodiyot qatoriga qo'shila olmayapti. Shu ma'noda, Global raqobatbardoshlik indeksida ishtirok etish O'zbekiston uchun ham eng muhim masalalardan biri bo'lib qolmoqda.
Fikrimizcha, raqobatbardoshlik haqida gap ketganda, ushbu kategoriyaning asosiy omili sifatida faqat iqtisodiyotni emas, balki millat raqobatbardoshligini ham tushunish lozim. CHunki raqobatbardoshlik, avvalo, inson kapitali bilan izohlanadi. Ishchi kuchining bilimi, salomatligi, tajribasi va professional kompetentsiyalari iqtisodiy raqobatbardoshlikni yaratuvchi eng asosiy omillar. Global raqobatbardoshlik indeksida qayd etilgan etakchi davlatlarda ta'lim, sog'liqni saqlash va inson kapitaliga investitsiyalar darajasi nihoyatda yuqoriligi buning yaqqol tasdig'idir.
Raqobatbardoshlikdan rezilyentlik sari
Global pandemiya yangi ilmiy-amaliy qarashni — rezil`entlik kontseptsiyasini shakllantirdi. Mazkur atama davlatlarning tashqi shok va inqirozlarga chidamliligi, iqtisodiyoti hamda inson faoliyati tez tiklanishini anglatadi. Bu borada mamlakatimizda juda katta amaliy tajriba to'plandi. Shundan kelib chiqib, bizda bugungi kunda milliy raqobatbardoshlikning ikki asosiy mezoni — raqobatbardoshlik (competitiveness) va rezilyentlik (resilience) shakllandi deyish mumkin.
Yuqorida qayd etilgan holat iqtisodiy fanning eng muhim bahslaridan birini yana kun tartibiga olib chiqmoqda. Ya'ni nega ayrim davlatlar boy va raqobatbardosh, boshqalari esa katta imkoniyatlariga qaramay ortda qolmoqda?
So'nggi uch asr davomida ushbu savolga javob izlash iqtisodiy nazariyaning asosiy vazifalaridan biri bo'lib keldi. Ayrim iqtisodchi olimlar mehnat mahsuldorligini millatlar boyligining manbai sifatida ko'rsatsa, boshqalari nisbiy ustunlik nazariyasi orqali xalqaro
ixtisoslashuv ahamiyatini asoslab berdi. Keyinroq innovatsiyalar iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi sifatida talqin qilindi. Inson kapitali nazariyasi shakllandi, institutlar sifatining hal qiluvchi ahamiyati ilmiy jihatdan asoslandi. Global dunyoda kompaniyalar va millatlar qanday qilib raqobatbardosh bo'lishi tadqiq qilindi.
Ratsionallik, ma'naviyat va gumanizm
Raqobatbardoshlik nafaqat iqtisodiy, balki nihoyatda muhim ijtimoiy-siyosiy tugallikka ega tushuncha hamdir. Sharq tsivilizatsiya maktabida iqtisodiy boylik yaratishning o'zi yakuniy maqsad emas. Unda yuksak insoniy-axloqiy normalar orqali adolatli jamiyat va xalq farovonligiga etishishga alohida e'tibor qaratiladi. Jumladan, Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida adolatli davlat boshqaruvi va xalq farovonligiga erishishning yuksak tamoyillari ilmiy-uslubiy tahlil etilgan. “Temur tuzuklari”da esa yuksak axloq adolatli davlat va xalq birligining mustahkam tayanchi ekanligi har tomonlama tahlil etilib, tegishli strategik tavsiyalar berilgan.
Shuningdek, bugungi kunda faqat raqobatbardosh iqtisodiyotni gapirishning o'zi etarli emas. Chunki global taraqqiyot ehtiyojlari davlatlardan iqtisodiyot va ijtimoiy-siyosiy sohalarning o'zaro uyg'unlashgan strategik yondashuvlarini talab qilmoqda. Raqobatbardosh millatni shakllantirish uchun G'arbning iqtisodiy ratsionalizmi va SHarqning ma'naviy-gumanistik merosi birlashishi lozim. Hech mubolag'asiz ta'kidlash mumkinki, XXI asrda haqiqiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot aynan shu ikki intellektual an'ana uyg'unligida vujudga keladi.
O'zbekiston uchun muhim masalalardan yana biri bu — ajdodlarimiz yaratib ketgan sivilizatsion (madaniy-tarixiy) kapitaldan unumli foydalanish masalasi. Turizm iqtisodiy rivojlanishning eng muhim drayveri, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimiz esa iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi kapital markazlari hisoblanadi. Millatimizning boy tarixi, milliy madaniyati, urf-odat va an'analari, ota-bobolarimiz yaratgan, biz e'zozlab, asrayotgan ajoyib arxitektura durdonalari bugun iqtisodiyotimiz uchun boylik yaratishning salmoqli manbaiga aylanib bormoqda.
Prezidentimizning strategik iqtisodiy siyosati bois, so'nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy liberallashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xususiy sektor rolini kuchaytirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholi soni o'sib borishi, mehnat resurslari ko'payishi va mintaqaviy integratsiya jarayonlari jadallashuvi yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Biroq iqtisodiy o'sishning o'zi raqobatbardoshlikni anglatmaydi. Haqiqiy savol boshqacha: O'zbekiston qanday qilib iqtisodiy o'sish barqaror bo'lishini ta'minlaydi? Bu masala nafaqat bugungi iqtisodiy siyosatimizning, balki keyingi yillarda davlatni strategik rivojlantirishning bosh yo'nalishi bo'lib bormoqda.
Amaliy takliflar va uyg'unlik
Bugun el-yurt obodligi, xalq farovonligi va vatan ravnaqi kabi milliy g'oyalar qurshovida yashayapmiz. Shu bois, ushbu ezgu milliy g'oya va orzu-umidlar ushalishining siyosiy-huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy asoslari olimlar tomonidan turli yo'nalishlarda tadqiq qilinyapti. O'zbekistonni strategik rivojlantirish, iqtisodiyotni transformatsiya va modernizatsiya qilish kontseptsiyalariga, ularning asosiy maqsadi, tarkibiy qismlari hamda drayverlariga turli qarash va yondashuvlar mavjud. Bular umummilliy ochiq muloqot mexanizmlari orqali mamlakatni strategik rivojlantirish dasturlarida e'tiborga olinishi kerak bo'lgan jihatlar.
Ilmiy tadqiqotlar va amaliy tajribalarga tayangan holda O'zbekistonning kelgusi o'n yillikdagi muvaffaqiyatining mantiqiy ketma-ketligini ta'minlashga doir bir qator jihatlarga e'tiboringizni qaratmoqchimiz.
Sivilizatsion kapital va milliy qadriyatlar. Millatning tarixiy taraqqiyoti davomida shakllangan ma'naviy, madaniy, axloqiy va intellektual merosi hamda uning milliy o'zligi, umumiy maqsadlari, rivojlanish falsafasini belgilab beruvchi fundamental strategik resursdir. Bu qatlam milliy taraqqiyotning ma'naviy-sivilizatsion poydevorini tashkil etadi. Mazkur qatlamning tarkibiy tuzilishiga milliy g'oya, milliy qadriyatlar, milliy identifikatsiya, tarixiy xotira, madaniy meros, ma'naviyat, ijtimoiy ishonch va milliy maqsadlar kabi komponentlarni kiritish mumkin. Uning asosiy drayverlari oila, mahalla, ta'lim, madaniyat, ilm-fan, diniy-ma'rifiy institutlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari bo'ladi.
Inson kapitali va ijtimoiy taraqqiyot. Bu aholining bilim, sog'liq, kasbiy kompetentsiya, ijodiy salohiyat, ijtimoiy faollik va innovatsion qobiliyatini rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual hamda mehnat resurslarini shakllantiruvchi asosiy strategik omili. Shuning uchun yuqori bilimli, raqobatbardosh, sog'lom va ijtimoiy mas'uliyatli inson kapitalini shakllantirish zarur. Bundan olinadigan natija esa yuqori malakali kadrlar, professional, ijodkor va samarali inson kapitalidir. Uni harakatga keltiruvchi kuch, avvalo, insonning intilishi, shuningdek, ta'lim tizimi, ilm-fan, innovatsiyalar, davlat siyosati, xususiy sektor va jamoat institutlari hisoblanadi.
Milliy iqtisodiy ekotizim — iqtisodiy sub'ektlarning samarali faoliyat yuritishi, investitsiyalar jalb qilinishi, innovatsiyalar rivojlanishi va milliy boylik yaratilishi uchun zarur institutsional, huquqiy, moliyaviy, infratuzilmaviy, energetik, texnologik va raqobat sharoitlarining o'zaro bog'liq yaxlit tizimi. Mazkur qatlam faoliyatining asosiy maqsadi milliy boylik yaratish uchun qulay va barqaror iqtisodiy muhitni shakllantirishdan iborat. Uning tarkibiy qismlari sifatida iqtisodiy institutlar, qonun ustuvorligi, xususiy mulk himoyasi, raqobat, moliya tizimi, infratuzilma, energetika, transport va logistika, raqamli infratuzilma va innovatsion ekotizimni kiritish mumkin.
Milliy iqtisodiy ekotizimni harakatga keltiruvchi asosiy drayverlar sifatida samarali institutlar, davlat siyosati, xususiy sektor, investitsiyalar, texnologiyalar va raqobat muhitini qayd etish lozim. Natijada iqtisodiy boylik yaratish uchun mustahkam tayanch yaratiladi. Yuqori samaradorlikka ega iqtisodiy muhit shakllanadi, investitsiyaviy jazibadorlik ortadi.
Milliy boylik yaratish. Inson kapitali va milliy iqtisodiy ekotizimning samarali o'zaro ta'siri natijasida yuqori qo'shilgan qiymat, mehnat unumdorligi, innovatsiyalar hamda iqtisodiy o'sish orqali mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlash jarayoni. Ushbu tizimni harakatga keltiruvchi kuchlar sifatida tadbirkorlik, xususiy sektor, innovatsiya, investitsiya, texnologiya va bozor mexanizmlarini keltirish mumkin. Kutiladigan natija esa barqaror iqtisodiy o'sish, yuqori qo'shilgan qiymat, milliy daromad va farovonlikning oshishi hisoblanadi.
Global raqobatbardoshlik va integratsiya — mamlakatning jahon iqtisodiyotiga samarali integratsiyalashishi, tashqi bozorlarda raqobat ustunliklarini qo'lga kiritishi, investitsiyalar, texnologiyalar, bilimlar va global qiymat zanjirlarini jalb qilish qobiliyatidir. Ushbu qatlam faoliyatining asosiy maqsadi O'zbekistonning jahon iqtisodiyotida munosib o'rin egallashi va tashqi raqobat ustunliklari mustahkamlanishi hisoblanadi. Pirovardida mamlakat global iqtisodiyotda yuqori raqobatbardosh bo'ladi, xalqaro iqtisodiyotda ta'siri kuchayadi.
Milliy xavfsizlik va rezilyentlik. Mamlakatning ichki va tashqi tahdidlarga qarshi turish, strategik resurslarini muhofaza qilish, inqirozlarga tez moslashish va milliy taraqqiyot uzluksizligini ta'minlash qobiliyatini ifodalovchi kompleks tizim. Bugungi global turbulentlik va strategik noaniqliklar davrida ushbu qatlam faoliyatining asosiy maqsadi milliy taraqqiyot natijalarini muhofaza qilish va barqarorligini ta'minlashdan iborat.
Strategik salohiyatga ega davlat. Inson kapitali, milliy iqtisodiy ekotizim, milliy boylik yaratish, global raqobatbardoshlik va milliy xavfsizlikni yagona strategik maqsadlar sari uyg'un rivojlantira oladigan, yurtning obodligi, xalq farovonligi va mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotini ta'minlash qobiliyatiga ega davlat. Bu yuqorida keltirilgan olti qatlamning integral natijasi hisoblanadi. Shuning uchun uning tarkibi alohida sektorlar emas, balki davlatning integral qobiliyatlari bilan ifodalanadi. Bu o'rinda strategik davlat boshqaruvi barcha qatlamlarni birlashtiruvchi mexanizm sifatida namoyon bo'ladi.
O'zbekistonni rivojlantirishning muhim drayverlaridan biri — mamlakatni strategik pozitsiyalashdir. Asosiy maqsad O'zbekistonni global taraqqiyotga o'z hissasini qo'shuvchi va sivilizatsion hamda intellektual ustunliklarga ega bo'lgan mustaqil rivojlanish modeli sifatida shakllantirishdan iborat.
Bu borada geostrategik joylashuv, global mehnat taqsimotidagi o'rin, inson resurslari sifatini oshirish kabi drayverlardan samarali foydalanish kerak. Jumladan, O'zbekiston Buyuk ipak yo'li markazida joylashgan. Geografik nuqtai nazardan mamlakatimiz Sharq va G'arb, Shimol va Janubni bog'lovchi tabiiy ko'prik vazifasini bajaradi. Global iqtisodiyotda ta'minot zanjirlari qayta shakllanayotgan hozirgi sharoitda mazkur geostrategik ustunlik yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro transport yo'laklari, logistika markazlari va savdo platformalarini rivojlantirish orqali O'zbekiston tovarlar, xizmatlar, kapital va bilimlar harakatining muhim markazlaridan biriga aylanishi mumkin.
XXI asrda inson kapitali davlatlarning eng muhim strategik resursiga aylanmoqda. O'zbekiston aholisi o'rtacha yoshi nisbatan yoshligi, mehnat resurslari muntazam o'sib borishi va ta'lim qamrovi jadal sur'atlarda kengayishi mamlakat uchun muhim demografik dividend yaratmoqda. Shunday ekan, bugungi vazifa mazkur demografik resursni yuqori malakali inson kapitaliga aylantirishdan iborat.
Bundan tashqari, global iqlim o'zgarishi sharoitida barqaror rivojlanish va ekologik transformatsiya davlat raqobatbardoshligining muhim mezonlaridan biriga aylanmoqda. Orolbo'yi fojiasi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik inqirozlardan biri sifatida tan olingan bo'lsa-da, aynan shu hudud bugun global ekologik tiklanish va “yashil” taraqqiyot laboratoriyasiga aylanish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda ushbu masala davlat siyosatining markazidan joy olib ulgurdi. Prezidentimiz so'nggi yillarda “yashil” energetika, suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho'llanishga qarshi kurashish va ekologik innovatsiyalar sohasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Kelgusida mamlakat ekologik transformatsiya va iqlimga moslashuv sohasida xalqaro tajriba markazlaridan biri sifatida shakllanishi mumkin.
Davlatimiz rahbari siyosati nuqtai nazardan qaraganda, yangi O'zbekistonning strategik maqsadi faqat iqtisodiy o'sish emas, balki Uchinchi Renessans g'oyasi asosida mamlakatni ilm-fan, innovatsiyalar va ma'rifat markaziga aylantirishdan iborat. Renessans merosi mamlakat uchun nafaqat ma'naviy qadriyat, balki intellektual va iqtisodiy kapital vazifasini ham bajaradi.
O'zbekiston islom sivilizatsiyasining eng yirik ma'rifiy va ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi. Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Marg'inoniy va Naqshband kabi buyuk allomalar merosi mamlakatimizning ulkan tsivilizatsion kapitali.
Zamonaviy dunyoda diniy bag'rikenglik, ma'rifat va dunyoviy taraqqiyot uyg'unligi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. O'zbekiston ana shu progressiv tamoyillarga asoslangan holda ma'rifiy islom, madaniyatlararo muloqot va diniy bag'rikenglik sohasida xalqaro ahamiyatga ega intellektual platformalardan biriga aylanadi. Bu mamlakatning xalqaro nufuzini va “yumshoq kuch” salohiyatini mustahkamlaydi.
Raqobatbardoshlikning zamonaviy drayverlari orasida bilimlar iqtisodiyoti, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar alohida ahamiyat kasb etadi. Xalqaro universitetlar, tadqiqot markazlari, tahlil institutlari, sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi ekotizimlarni rivojlantirish orqali O'zbekiston mintaqa uchun bilimlar, innovatsiyalar va strategik g'oyalar eksport qiluvchi mamlakatga aylanadi. Bu esa mamlakatning uzoq muddatli raqobat ustunligini ta'minlaydi. To'g'ri, bu yo'nalishda qilinayotgan ishlar kam emas. Ammo ishlarga yanada strategik ruh va ahamiyat berish talab etiladi.
O'tgan asrning oxiri va asrimizning boshida ro'y bergan qator global inqirozlar global raqobat kontseptsiyasi mohiyati hamda uning drayverlarini tubdan o'zgartirib yubordi. O'tgan asrda asosan iqtisodiyotlar raqobat qilgan bo'lsa, XXI asrda, hech shubhasizki, millatlar raqobatlashmoqda.
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, raqobatbardosh millat va strategik salohiyatga ega davlatni shakllantirish uchun G'arbning iqtisodiy ratsionalizmi va Sharqning ma'naviy-gumanistik merosi birlashishi lozim. Davlatning raqobatbardoshligi faqat iqtisodiy samaradorlik va barqarorlik bilan emas, balki millatning ijtimoiy qadriyatlari hamda ijtimoiy drayverlari bilan ham o'lchanadi. Raqobatbardosh millat mazkur tizimning institutsional va ijtimoiy ifodasi bo'lsa, yuqori daromadli iqtisodiyot uning natijasi hisoblanadi. Milliy raqobatbardoshlik drayverlari sifatida sun'iy intellekt yoki raqamli transformatsiya bilan birga ilmiy-texnologik taraqqiyot, demografik o'zgarishlar, ekologik barqarorlik va “yashil iqtisodiyot” hamda geoiqtisodiy, geosiyosiy o'zgarishlarni ta'kidlash joiz.
Prezidentimizning 2025-yil 30-oktabrdagi “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonida strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish hamda samaradorligini baholashning barqaror mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari belgilangan. Hech mubolag'asiz ta'kidlash mumkinki, ushbu tadbirlarni sifatli va samarali amalga oshirish ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha jabhalarida raqobatbardosh muhitni shakllantirish imkonini yaratadi.
Adham BEKMURODOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Bekzod MAMATQULOV,
mustaqil ilmiy tadqiqotchi