— Namuncha chiroyli boʻlmasa bular. Koʻzni oladi-ya. Qayerdan oldilaring, chet elnikimi, necha pul turarkan, — deya turfa savollar bilan qoʻshnisiga yuzlandi.
Aziza opa mahalladagi mebel doʻkondan xarid qilgan buyumlari koʻpga maʼqul kelganidan quvonib gap boshladi.
– Oʻzimizda, mahalladoshimiz Abrorjon tayyorlab berdi bularni. Chiroyli, pishiq-puxtaligini qarang. Narxi ham hamyonbop. Ishlab chiqarish sexiga borib, tanlab oldim. Ilgari bitta mebelni xarid qilish uchun shaharga borib, doʻkonma-doʻkon yurishga majbur boʻlganmiz. Endi hammasi oʻzimizda ishlab chiqarilyapti. Ishchi-xizmatchilar ham mahalladoshlarimiz. Qoʻllari dard koʻrmasin, bejirim, chiroyli va qulay qilib ishlashibdi.
Bagʻdod tumanida mebelchilik yoʻnalishida sanoat korxonasi tashkil etilganiga yarim asrdan oshdi. Ammo eski korxona ish faoliyatini bugungi ishlab chiqarish jarayonlari bilan taqqoslab boʻlmay di. Faqat ichki bozor uchun barmoq bilan sanarli turdagi mahsulot ishlab chiqargan korxonaning imkoniyati ham shunga yarasha boʻlgan.
Bugun tumanda mebelsozlik yoʻnalishida oʻndan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat koʻrsatmoqda. Bunday korxonalar koʻpaygani oʻzaro raqobatni shakllantirish, mahsulotlar turini koʻpaytirish, sifatini yaxshilash imkoniyatini bermoqda.
“Samandarak” mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan “Anvarbek” xususiy korxonasida tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki va tashqi bozorda xaridorgir. Bu yerda uy-joy, ofis, taʼlim va tibbiyot muassasalariga mos yuzga yaqin turdagi mahsulot tayyorlanmoqda. Mahalla markazida korxona savdo doʻkoni ishga tushirildi.
— Keyingi yillarda sanoat usulida mebel ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor oshdi, —deydi korxona rahbari Abrorjon Yigitaliyev. — Ishlab chiqarish tarmogʻini kengaytirish, mahsulotlar turini koʻpaytirish, sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor beryapmiz. Shu maqsadda umumiy qiymati 8,5 milliard soʻm boʻlgan loyiha doirasida xorijdan zamonaviy jihozlar olib keldik. Bu nafaqat yogʻoch, balki mebelsozlik uchun zarur temir buyumlarga mahalliy sharoitda shakl va bezak berish amallarida qoʻl keladi. Mahsulotlarimiz yurtimiz bozorlariga kirib borgan. Bundan tashqari, shu kunga qadar yaqin qoʻshni mamlakatlarga 1 million dollarlikdan ortiq mahsulot eksport qildik.
Aholi turmush darajasi va yangi qurilayotgan uy-joylar soni oshishi natijasida mebelsozlik mahsulotlariga talab ham ortib bormoqda. Bu mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xalqaro standartlarga javob beradigan hamda ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mebel ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirishni talab etmoqda. Shu maqsadda hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish yoʻnalishidagi istiqbolli loyihalar qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Bagʻdod tumani “Guliston” MFY hududida 6,4 gektar maydonda shu maqsadda “Muruvvat” kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda 29 ta tashabbuskor tadbirkor tomonidan sanoat usulida mebel ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar bu yoʻnalishda korxona tashkil etish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan jami 3 milliard soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, 100 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
“Maxwood Business” MCHJ tomonidan 4,5 milliard soʻm sarmoya jalb etilishi hisobiga 45 ta yangi ish oʻrni ochildi. Bu yerda yiliga 3,5 ming ta turli mebellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
“Grand omad” xususiy korxonasi tashabbusi bilan qiymati 1 milliard soʻm boʻlgan loyiha foydalanishga topishirilib, 10 ta ish oʻrni yaratildi.
— Prezidentimizning “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish imkoniyatini bermoqda, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi Kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiya mutaxassisi Abbosxon Mamajonov. — Endilikda mebelsozlik tarmoqlari uchun import qilinayotgan xomashyolar transport xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilangan. Bu mebelsozlikdagi subsidiyalardan biri. Oʻz navbatida, eksport qilinadigan mebel mahsulotlari transport xarajatlarining 50 foizini ham davlat qoplab beradi. Bu imtiyoz avval yoʻq edi. Tumanda mebel ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan birgalikda klaster tashkil qilish ustida ish olib borilmoqda. Bunday samarali tizim orqali ishlab chiqarish hajmini 10 barobar oshirish mumkin. Mazkur jarayon ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar keskin kamayishiga olib keladi. Hisob-kitoblarga koʻra, klaster tizimida ishlash orqali mebellar narxi 20-25 foiz arzonlashadi.
Muhim jihatlardan yana biri, mebelsozlik sohasi uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishga boʻlgan eʼtibor oshdi. Bu ortiqcha ovoragarchiliklarsiz xomashyo yetkazib berish, ish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilashda qoʻl kelmoqda.
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “KHAT DECOR” MCHJ tomonidan melamin qogʻoz ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi respublikamizga, xususan, Fargʻona viloyatiga chetdan qimmat narxlarda kirib kelayotgan laminat doskalar importi keskin kamayishiga sabab boʻldi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 30 million kvadrat metr boʻlib, import oʻrnini bosish qiymati qariyb 16 million dollarni tashkil qiladi. Mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati va tannarxi arzonligi bilan ajralib turadi.
— Melamin qogʻoz qoplami, laminat doskalar mebelsozlik sanoatidagi asosiy xomashyolardan biri, — deydi Bagʻdod tumani “Muruvvat” mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasida ish boshlagan “Abror” xususiy korxonasi rahbari Elyorjon Ermatov. — Ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan laminat doskalarni, asosan, Rossiyadan import qilar edik. Xomashyo qimmat va turgʻun emasligi turli uzilish va yetishmovchiliklarga sabab boʻlgan. Kerakli xomashyolar mahalliy korxonalar tomonidan oʻzlashtirilgani mebelsozlik sanoatida oʻziga xos qulayliklar yaratdi. Ayni kunda qiymati 5,5 milliard soʻm boʻlgan loyiha doirasida 20 ta yangi ish oʻrni yaratdik. Oʻtgan yilning oʻzida bir million dollarlikdan ortiq mahsulot eksport qilganmiz. Joriy yilda esa bu ishlar hajmini ikki hissa oshirish choralarini koʻryapmiz.
Sirasini aytganda, mebelsozlik tarmogʻi rivojlangani har kim mahsulotni imkoniyati va didiga moslab tanlashga yoʻl ochdi. Avvallari uchraganini xarid qilgan xaridor endi bejirim, qulay va sifatli sanoat mebellarini sotib olishi, buyurtma berishi mumkin.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Sherzod Qoraboyev olgan suratlar.