Maʼlumki, Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan. Institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etilgan boʻlib, hozirda ushbu institutda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish borasida bir qator ilmiy izlanishlar olib borilyapti.

Institutga Xitoyning “Henan Suda Electric Vehicle Technology Co., Ltd.” kompaniyasining texnik koʻmagida 20 dona elektromobil ajratilgan boʻlib, ular asosida ilmiy tadqiqot tahlillari olib boriladi. Qayd etish kerakki, elektromobillar yurtimizda joriy etilayotgan “yashil” iqtisodiyot, xususan “yashil” energetikani rivojlantirishning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.

Hozirda, institut hududida umumiy quvvati 48 kVt/soatga teng quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatilgan boʻlib, ular asosida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi institutni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlanyapti.

Institut olimlari tomonidan soha rivojlanishini jadallashtirish maqsadida bir qator tijoratlashtirish ilmiy-tadqiqot loyihalar amalga oshirildi.

Birinchi loyiha: Quyosh texnologiyalarini qoʻllagan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalarini yaratish va ishlab chiqish loyihasi amalga oshirildi.

Bunda Oʻzbekiston iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega boʻlgan quyosh fotoelektr tizimi orqali mahalliy elektr tarmogʻi bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez zaryadlash qurilmasi ishlab chiqilyapti va barcha hududlarda joriy etiladi.

Buning natijasida, respublikamizda oʻrnatilgan har bir tizim yiliga 32 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobillarni zaryadlash imkoniyati yaratiladi hamda 11,2 ming kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 19,8 tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Ikkinchi loyiha: Markaziy elektr tarmoqlariga quyosh fotoelektr tizimlarini joriy etishni amalga oshirish yoʻnalishlari va texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, hamda tayyorlash loyihasi amalga oshirilyapti.

Loyiha respublikamiz hududlarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni umumiy elektr tarmogʻiga ishonchli ulash boʻyicha aniq yechimlar, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va ularning xavfsiz ishlash mezonlarini yaratishni nazarda tutadi.

Fotoelektr tizimlar umumiy elektr tarmogʻiga ulangan iqtisodiyotimizning barcha sohalari obyektlarida, aholi yashash joylarida, xususiy va davlat korxonalari obyektlarida qoʻllaniladi.

Afzalliklari shundaki, fotoelektr ishlab chiqargan elektr energiyasi elektr tarmoqqa minimal yoʻqotishlar bilan uzatiladi. Hududlar iqlim sharoitini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni tarmoqqa ulash va tarif mexanizmlar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Uchinchi loyiha: Quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi va yoʻnalishi, havo harorati, yogʻingarchilik miqdorini oʻlchab borish meteostansiyalarini kichik hajmlarda ishlab chiqarish loyihasi.

Loyiha “Oʻzgidromet”, Energetika vazirligi, Oliy taʼlim, sanoat korxonalari, va tadbirkorlar, fermer xoʻjaliklarida qoʻllaniladi.

Bu esa, meteostansiyada olingan maʼlumotlar bazasi asosida respublikamizda quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish, ularning samarali ishlashini taʼminlash, metrologik oʻzgarishlarni oldindan bashorat qilish imkonini beradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohani yanada rivojlantirish maqsadida, institut yangi kadrlar, ilmiy xodimlarni ishga qabul qiladi. Ushbu sohada ilmiy ishlar olib bormoqchi boʻlgan izlanuvchilar institut maʼmuriyati bilan bogʻlanishlari mumkin.