Yurak nuqsoni bor bolalarga tashxis bepul qoʻyiladi

    Salomatlik 30 Oktabr 2020 1471

    Dunyo statistikasi boʻyicha yangi tugʻilgan chaqaloqlarning 0,8−1,2 foizi yurak nuqsoni bilan dunyoga keladi. Oʻzbekistonda yiliga 600 ming chaqaloq tugʻilsa, ularning 5000−5500ga yaqini mazkur tugʻma xastalikka chalingan boʻladi.

    Respublikada uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barcha viloyat va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tugʻma yurak nuqsoni bor bolalarni bepul diagnostika qilishini maʼlum qildi. Ushbu xayriya aksiyasi 2-noyabrdan 8-noyabrgacha oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda.

    Akademik V.Vohidov nomidagi RIXIATMda tugʻma yurak nuqsonlari boʻlimi mavjud boʻlib, 50 oʻringa moʻljallangan. Har yili ushbu boʻlimda 750 ga yaqin tugʻma yurak nuqsoni bor bolalarda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazib kelinmoqda.

    “Aksiyadan maqsad, tugʻma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan bolalarning sogʻligʻini tiklashga koʻmaklashish”, — deya maʼlum qildi akademik V.Vohidov nomidagi RIXIATM tibbiyot markazi maʼmuriyati.