Ramazon hayiti kunlari Prezidentimiz ushbu markazga borib, bemor bolalar holidan xabar oldi. Ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, yuragiga quvvat, kelajakka ishonch beruvchi so'zlarni aytdi. Muborak kunlarda davlatimiz rahbarining bemorlar bilan shaxsan uchrashib, dildan suhbatlashgani dard bilan olishayotgan bolalar, ularning ota-onalari ko'ngliga xursandlik bag'ishladi, katta taskin bo'ldi. Davlatimiz rahbarining har bir bemorni shaxsan o'zi nazoratga olishi haqidagi so'zlari ota-onalarning farzandi tez orada sog'ayib ketishiga ishonchini yanada oshirdi, ko'nglini tog'dek ko'tardi.
— Qizim Hamidabonu 4 yoshda, oqqon kasaliga yo'liqqan. Bolam tez-tez charchardi. SHundan boshqa asoratlarini sezmadik. Bir kuni to'satdan oyog'i ko'karib, qovog'i shishgandan so'ng, do'xtirlar leykoz tashxisini qo'yishdi, — deydi uchqo'rg'onlik Jamila Husanova. — Hayit kuni edi. Prezidentimiz palata eshigidan kirib kelganida ko'zlarimga ishonmay, o'zimni yo'qotib birpas qarab turdim. Ochig'i, hech kutmagan edik. Shunday qutlug' kundagi ulug' yo'qlovdan nihoyatda xursand bo'ldik. Qizim dardmandligi sabab dunyo ko'zimga qorong'i bo'lib, yupanch topolmay turgandim. U kishining biz bilan samimiy suhbatlari o'ksik ko'nglimga dalda bo'ldi. Ayniqsa, bolalarimizga qaratib, “Sizlar hammangiz — mening farzandlarimsiz. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad bo'lishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz bo'lishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitni yaratishga harakat qilamiz”, deganlarida yig'idan o'zimni tiyolmadim. Bu erda davolanish uchun katta mablag' kerak. Muttasil muolajalardan so'ng moddiy jihatdan qiynalib turgan paytimizda davlatimiz rahbarining bu so'zlaridan boshimiz osmonga etdi. Biz yolg'iz emasmiz, bolalarimiz davlat e'tiborida, degan o'y necha kunlar tark etmagan bezovtaligimizni aritdi. Bolalarimizga yashashga umid bergani, bizni suyagani uchun Prezidentimizdan nihoyatda minnatdormiz.
Inson uchun farzandining sog'lom, el-yurtga kerakli inson bo'lib ulg'ayishini ko'rishdan ortiq baxt yo'q. Ammo hayot sinovlardan xoli emas. Og'ir dard qarshisida sabrdan o'zga chora topa olmagan inson holidan xabar olish, unga ruhan dalda berish, qo'llab-quvvatlash yuksak fazilat.
— O'g'lim Ismoil 13 yoshda, o'tkir leykoz kasalligiga chalingan. Hozir shu erda davolanyapti, kimyoterapiya olyapti. Farzandingiz kasal bo'lsa, kun emas, soat, daqiqalar o'tishi ham qiy in bo'larkan. Ertaga nima bo'ladi? Bolam shifo topadimi? Qanday chorasi bor? Shunday o'ylar bilan siqilib turgan paytimda eshik ochilib, kutilmaganda Prezidentimizning kirib kelishi barcha-barcha xayollarimni ostin-ustun qilib yubordi, — deydi namanganlik Iroda Yunusova. — Davlatimiz rahbari biz bilan chin dildan gaplashdi. Sharoitlar, davolanish jarayoni haqida so'radi. O'g'lim o'qishda tengdoshlaridan ortda qolayotgani haqida aytdi. Prezidentimiz o'g'limga tengdoshlariga albatta etib olishini, buning uchun barcha shart-sharoit yaratilishini ta'kidladi.
Bemorlar bilan muloqotda davlatimiz rahbari: “Ko'ngillaringiz bo'linmasin. Bir o'zlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U erda onalar uchun ham, bolalarning o'qishi uchun ham sharoit bo'ladi, davolash ham o'zgaradi. eng katta niyatimiz — tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag'riga qaytishingiz”, dedi.
Bu umidbaxsh so'zlar ertaga yurt koriga yarayman, degan orzuli xasta ko'ngillarga dalda bo'ldi, shifokorlarga quvvat berdi.
— Prezidentimizning tashrifi hammamiz uchun kutilmagan holat bo'ldi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 1-bolalar bo'limi boshlig'i Nargiza Boboxonova. — Bu tashrifdan so'ng markazimizda katta o'zgarishlar kutilyapti. Avvalo, yangi binoga ko'chib o'tadigan bo'ldik. U erda bemor bolalar, ularning ota-onalari, tibbiyot xodimlari uchun barcha sharoit yaratiladi. Davlatimiz rahbari tashrif chog'ida “Onalar qaerda yotadi?” degan savolni berdi. YAshirishning hojat yo'q, onalar ko'pincha bolasining yonida, bitta karovatda siqilib yotardi. Yangi binoda esa ular uchun alohida joy bo'ladi.
Shuningdek, laboratoriya-diagnostika sohasi kuchaytiriladi. Chunki leykozda birinchi o'rinda laboratoriya tekshiruvi turadi. U to'liq amalga oshirilishi zarur. Agar tashxis yuz foiz to'g'ri qo'yilsa, bolalarni davolashda yo'nalish avval-boshdan to'g'ri olinsa, bemorlarning sog'a yish imkoniyati ortadi. Hozirgi kunda kasal bolalarning sakson foizi butunlay tuzalib ketyapti. Biz bu ko'rsatkichni 90-95 foizga etkazishimiz zarur.
Shu o'rinda bu erda ishlayotgan tibbiy xodimlar hayotida kutilayotgan o'zgarishlarni ham aytishni istardim. Ularning maoshi oshiriladi. Gematologiyada ham telemeditsina yo'lga qo'yiladi. Rivojlangan davlatlarning etuk olim va shifokorlari bilan aloqa o'rnatish, ularni yurtimiz shifoxonalariga jalb etish, mahalliy shifokorlarni tajriba almashish, malaka oshirish uchun yuborish tizimi yo'lga qo'yiladi.
Prezidentimiz tashrifi davomida bolalar bilan birga suratga tushdi. Bu ularga katta ruhiy madad bo'ldi, tuzalishga ishtiyoqni oshirdi.