Shu bois, mamlakatimizda istiqlolning dastlabki kunlaridanoq Qurolli Kuchlarimizni davr talablariga hamohang shakllantirish kun tartibidagi bosh masala etib belgilandi.
Ayniqsa, keyingi yillarda milliy armiyani isloh qilish jarayonida, avvalo, uni zamonaviy qurol-yarogʻ, texnika bilan jihozlash va har qanday ogʻir sharoitda jangovar vazifalarni bajarishga qodir, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Ikkinchidan, harbiy sohadagi xalqaro va mahalliy yutuqlar hamda ilgʻor tajribalardan keng foydalanilmoqda.
Uchinchidan, harbiy xizmatchilarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash, harbiy xizmat sifati, askarlarning kasbiy mahoratini oshirish eng muhim vazifa etib belgilangan.
2017-2025-yillarda mamlakatning mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi, huquqiy baza yangilandi. Xususan, 2018-yil 9-yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. U bilan Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi, jangovar kuchi va tayyorgarligi, shuningdek, mamlakatning mudofaa qobiliyati mustahkamlandi.
Shartnoma boʻyicha xizmat qiladigan askarlar ulushi 2016-yilda 37 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib, bu raqam 70 foizga yetdi. Qoʻshinlarni zamonaviy qurol-yarogʻ bilan jihozlash darajasi esa besh baravar oshdi.
Bugun dunyoda sodir boʻlayotgan harbiy toʻqnashuvlarda gibrid qurollardan foydalanilyapti. Bu esa qoʻshinlarimizning ham jangovar harakatlar paytida bunday qurollardan foydalanish malakasiga ega boʻlishini talab qiladi. Buni bugungi vaziyat, davrning oʻzi taqozo etyapti. Milliy armiyamiz hozir ushbu turdagi qurollardan foydalanish boʻyicha katta salohiyatga ega.
Yangi Oʻzbekistonni har jihatdan taraqqiy ettirishga doir strategik hujjatlarda yurtimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini saqlash, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni taʼminlash, Vatanimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangan. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 64-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburdirlar”, deb yozilgan.
Xalqaro Global Firepower Index reytingida Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi, MDH mamlakatlari orasida toʻrtinchi va dunyoning 162 davlati orasida 58-oʻrinda qayd etilgani bilan faxrlansak arziydi. Ushbu indeks mutaxassislari armiyalarni baholashda oltmishdan ortiq mezonni hisobga olgan. Xususan, mudofaa xarajati summasi, texnik qoʻllab-quvvatlash, armiya soni, tanklar, kemalar, samolyotlar va boshqa harbiy texnikalar soni, mamlakatda neft mahsulotlarining mavjudligi va geografik joylashuvi xususiyatlari, ishlab chiqarish hamda isteʼmol hajmi, maʼlum resurslar va logistika imkoniyatlari kabi koʻplab mezonlar oʻrganib chiqilgan.
Bugun yoshlarimiz mustaqil yurtimizning tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xotirjamligimiz posbonlaridir. Shu maʼnoda, navqiron avlod vakillarini qanchalik barkamol, yetuk qilib voyaga yetkazsak, ularning har birida or-nomus, milliy gʻururni izchil shakllantirib borsak, Vatanimiz shunchalik qudratli davlatga aylanadi.
Ona Vatanni, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar boʻlish, sodiqlik, fidoyilik tuygʻularini his etib yashash yoshlarimiz uchun vijdon ishiga aylanmogʻi shart.
Yurtimizda Vatan himoyasiga oʻzini bagʻishlagan harbiylarimiz alohida qadrlanib, har yili 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni katta bayram sifatida keng nishonlanadi. Bu kabi eʼtibor va eʼtirof masʼuliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlari yuqori baholanishini namoyon etib, ularga kuch-quvvat, yurt himoyasi borasidagi faoliyatiga shijoat bagʻishlaydi.
Gʻaybulla ALIMOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
yuridik fanlar doktori