Yurtga daxldorlik hissi har birimizni fidoyilikka, jonkuyarlikka undaydi

    Fikr 21 Dekabr 2022 4679

    Ona Vataniga muhabbati va sadoqati cheksiz boʻlgan har bir fuqaro uchun mamlakat taqdiri oʻz taqdiridanda ustun turadi. Yurtga daxldorlik hissi har bir vatandoshimizni fidoyilikka, jonkuyarlikka undaydi. Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasini kuzatib, barcha yurtdoshlarimiz qalbida ana oʻsha daxldorlik va fidoyilik hissi yana bir karra ortgan boʻlsa, ajab emas.

    Aytish joizki, oʻtgan davrda yurtboshimiz rahnamoligida koʻplab keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, qisqa fursatda yurtimizning barcha jabhalarida tub burilishlar yasaldi va misli koʻrilmagan ishlar qilindi. Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qoʻydi.

    “Inson qadri ulugʻ boʻlgan diyor – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi” dadil qadamlar, buyuk tashabbuslar ushbu Murojaatnomada aks ettirilib, mamlakatimizni yanada rivojlantirish, uni taraqqiy ettirish, jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan yuksak loyihalar, barcha ezgu saʼy-harakatlarni inson qadri va uning manfaatlari uchun yoʻnaltirish, yurtimiz istiqboli, ertamiz egalari – yosh avlod taʼlimiga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish yoʻlidagi yangi istiqbollar oʻz ifodasini topdi.

    Prezidentimiz tomonidan 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilishi, yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining yana bir namunasi boʻldi. Bejizga emas, mamlakatimizda inson qadr-qimmatini ulugʻlash, xalq manfaatlarini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilishi lozim boʻlgan barcha saʼy-harakatlarga eng ustuvor vazifa sifatida qaralib kelinadi. Murojaatnomada Prezidentimizning “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak”, degan daʼvati xalqimiz hayotining yanada farovon va mazmunli boʻlishi uchun xizmat qilishi shubhasiz.

    Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” degan tamoyil har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini yaratishni nazarda tutadi. Jumladan, oʻtgan davr mobaynida ushbu tamoyil asosida barcha sohada tub oʻzgarishlar qilindi. Yurtimizda har bir sohada roʻy berayotgan yangilanishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir. Zero, bugun odamlarni rozi qilish kelajagimizning goʻzal, betakror, ulkan salohiyat va qudrat kasb etishini taʼminlaydi. Bu inkor qilib boʻlmas haqiqat. Baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, oʻzgartirishga qodir.

    Parlamentga yoʻllangan Murojaatnomada Davlatimiz rahbari keyingi yili qoʻshimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishini maʼlum qildi. Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha uch yillik katta dastur amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgani ayniqsa quvonarlidir. Bu jamiyatimiz gultoji boʻlgan ayollarimiz, opa-singillarimiz hamda ertamiz egalari boʻlgan farzandlarimizning salomatligini mustahkamlash yoʻlidagi xayrli tashabbuslardan biri boʻladi.

    Vatan taqdiri bilan chambarchas bogʻliq masalalar, ayniqsa, xalqimiz manfaatlarini taʼminlash, yoshlar tarbiyasi, aholini ijtimoiy himoyalash yoʻnalishlaridagi muhim vazifalar Murojaatnomada aniq belgilab berilgan boʻlib, bu har birimizning faoliyatimizda dasturilamal vazifasini oʻtaydi.

    Yangicha qarash, yangi gʻoya va yangi rejalargina davlatning istiqboliga, vatan ravnaqi va xalqimizning farovonligiga daxldor harakatlarni, amaliy natijalarni belgilab berishi aniq. Murojaatnomada aks etgan yangidan-yangi tashabbus va maqsadlar bizni ulkan marralarni zabt etishga undashi shubhasiz!

    Gulsara Qurbonboyeva,

    Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari

    Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi.