Yurtimiz ayollariga koʻz tegmasin!

    Hech bir joyda oʻzbekistonlik ayollarga yetadigani yoʻq. Qaysi millat vakilasi boʻlishidan qatʼi nazar, eng farishtali, samimiy, sadoqatli va goʻzal ayollarga boy mamlakat — Oʻzbekiston!

    Ijodiy faoliyatim boshlanganiga ham 60 yil boʻlyapti. Bu vaqtda “Yalla” ansambli bilan dunyoning hamma hududida boʻldim. Biz bormagan davlatlarni sanasangiz, barmogʻingiz ortib qoladi. Bu gapni maqtanish uchun aytmayapman. Demoqchi boʻlganim shuki, hech bir joyda oʻzbekistonlik ayollarga yetadigani yoʻq. Qaysi millat vakilasi boʻlishidan qatʼi nazar, eng farishtali, samimiy, sadoqatli va goʻzal ayollarga boy mamlakat — Oʻzbekiston!

    Ayollar azaldan Sharqda alohida ­eʼzozlangan, qadrlangan. Shoirlar ular taʼrifida ashʼorlar bitgan, shohlar esa ayol shaʼni himoyasi uchun oʻzaro jang­ga kirgan. Ularga atab obidalar bunyod etilgan, hofizlar madh etib, qoʻshiq kuylagan, kuy yaratgan. Kaminaning ijodida ham ona, ayol, muhab­bat va sadoqat mavzulari salmoqli oʻrin tutadi. Qoʻshiqlarimiz orqali oʻz hurmatimizni izhor qilishdan hech qachon charchamaganmiz.

    Ayol deganda har birimizning koʻz oldimizda, eng avvalo, onalarimiz namoyon boʻladi. Ona — hayotdagi haqiqiy ­yoʻlboshchi, insonning birinchi ustozi va yordamchisi. Uning muhabbati cheksiz, bagʻrikeng va mehri haddan tashqari mukammal. Ona — farzandining birinchi doʻsti, yolgʻizlikdagi hamrohi va qiyinchilikda quvvat manbai. Uning himoyasi va sabri har qanday ogʻirlikni yengishga yordam beradi.

    Onam Shoista Saidova musiqali drama teatrida faoliyat yuritgan, taniqli xonanda edi. Oilamizda ajo­yib muhit hukm surgan. Biz — aka-uka, opa-singillar ahil-inoq boʻlganmiz. “Farzandlarim, bizdan keyin ham shu fazilatingizni saqlab qoling”, deya koʻp nasihat qilardi onam. Eski shaharda — hamma bir jamoa boʻlib, muloqot qilib yashaydigan, shodlikni ham, qaygʻuni ham boʻlishadigan joyda ulgʻaydim. Hayotda ega boʻlgan barcha yaxshi jihatlarni ota uyida oldim. Xonadonimizda oʻz davrining ilgʻor ziyolilari, sanʼatkoru olimlar, davlat arboblari koʻp mehmon boʻlardi. Ularni kutib olish, osh-noniga qarash, mezbonlikni joyiga qoʻyish onamning zimmasida edi.

    Vaqti kelsa, onam erkaklar vazifasini ham bajargan, qattiqqoʻl — badiiy kengash rahbari kabi edi. Hamma narsa nazoratida boʻlgan. Axir olti farzandni voyaga yetkazish oʻzi boʻladigan ish emas. U toʻgʻrisoʻz, dangal, riyokorlik nimaligini bilmaydigan, oʻylaganini odamning yuziga aytadigan ayol edi.

    Oʻtgan yili poytaxtimizda milliy estrada sanʼati asoschisi Botir ­Zokirov haykali ochilish marosimi oʻtkazildi. Tadbirda davlatimiz rahbari ishtirok etib, 29 yoshida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan, 30 yil ogʻir dard bilan kurashgan va shu holatda ham kuylashdan, hayotni madh etishdan toʻxtamagan metin irodali sanʼatkor xotirasi abadiyatga muhrlangani bilan sanʼatsevar xalqimizni tabrikladi.

    Men oʻsha damda onam haqida oʻyladim. Akam Botir Zokirov va onam Shoista Saidovaning ruhi shodlanayotganini his qildim. Axir poytaxtimizning qoq markazida, Botir Zokirov koʻchasi yuzida, konservatoriya roʻparasida akamning haykali oʻrnatildi. Konservatoriya huzurida uning nomidagi institut ochilishi esa tarixiy hodisa boʻldi.

    Goʻzallik nafaqat tashqi koʻrinishda, balki insonning yuragi, aqli va ruhida ham mavjud. Goʻzallik siri, eng avvalo, insonning oʻzligi, haqqoniyligi va muhabbatida mujassam. Ona nafaqat farzandiga, balki butun oilaga begʻaraz muhabbat, gʻamxoʻrlik koʻrsatishi, mehri, farzandlariga hurmati va samimiyati dunyo­dagi eng qadrli va goʻzal tuygʻulardan biri ekanini onam timsolida koʻrganman. Bu mehr, insonlarga hurmat olamga nur bagʻishlaydi, oʻzidagi kuch va sabr bilan butun oila va jamiyatga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichida ayollar ulugʻlanib, huquqlarini taʼminlash, gʻoya va maqsadlari amalga oshishi, jamiyatda chinakam baxt­li yashashi uchun munosib sharoit yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

    Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki jamiyatimiz rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsata boshlagani, muhtarama ayollarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishi bugungi siyosatning ustuvor yoʻnalishi ekanini taʼkidladi.

    Ayollari qadrlangan xalqning ertangi kunidan koʻngli toʻq. Bugun xotin-qizlarga hurmatni har jabhada koʻryapmiz. Yuqorida aytganimdek, oʻzbek ayollari dunyoda tengsiz ekaniga qayta-qayta amin boʻlganman. Shunday ekan, ulardagi sami­miyat, goʻzallik, muhabbat va sadoqatga hech qachon koʻz tegmasin!

    Farrux ZOKIROV,

    Oʻzbekiston xalq artisti,

    “Yalla” ansambli rahbari