Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash masalasi muhokama etildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya aʼzolari ishtirok etdi. Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan tadbirda, shuningdek, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy sud va Bosh prokuratura, vazirlik va tashkilotlar, agentlik va muassasalar rahbarlari, oliy oʻquv yurtlari rektorlari hamda ommaviy axborot vositalari namoyandalari qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha
Milliy komissiya raisi A.Saidov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan ikkita muhim hujjat – Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanganiga eʼtiborni qaratdi. Ushbu hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida, toʻliq va samarali tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K.Karimov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari D.Kattaxonova va boshqalar soʻzga chiqdi. Ishtirokchilar Prezidentimizning tegishli qarori ijrosi doirasida 2023-yil 20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni oʻtkazish boʻyicha Dastur loyihasi haqida toʻxtalib, haftalikni yuqori saviyada tashkil etish borasida oʻz takliflarini bildirdilar.
Yigʻilish yakunida “Inson huquqlari haftaligi”ni oʻtkazish boʻyicha Dastur tasdiqlandi. Dastur 22 ta banddan iborat boʻlib, jumladan, brifing, matbuot anjumani va davra suhbatlari, turli tanlov va taqdimotlar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar, ekspertlar muloqoti va ilmiy-amaliy konferensiyalarni oʻzida jamlagan.
Inson huquqlari haftaligi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkaziladi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda boʻlib oʻtadi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.