Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda rangli metallarning katta zaxirasi mavjud. Oltinning tasdiqlangan zaxiralari 6,4 ming tonna, kumush 24,6 ming tonna, mis 21,3 million tonnani tashkil etadi.
Soʻnggi 6 yilda ishlov berish sanoatida metallurgiya sanoatining jismoniy hajmi ulushi 11 foizdan 24 foizga oshgani alohida eʼtiborga molik. 2022-yilning 11 oyi davomida ishlab chiqarish hajmi 97,8 trillion soʻmni tashkil etdi. Bu 2016-yilga nisbatan 10 baravar koʻpdir.
Tahlilchilarning hisob-kitobiga koʻra, 2030-yilga borib misga boʻlgan talab 45 foizga oʻsib, yiliga 38 ming tonnaga yetadi. Bu esa elektromobillarga boʻlgan talabning ortishi va «yashil» tarmoq uchun infratuzilmaning rivojlanishi bilan bogʻliq boʻladi.
Umuman, respublika boʻyicha mis va ruxni chuqur qayta ishlash evaziga yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot turlarini ishlab chiqarish oʻsishi kutilayotgan boʻlib, xususan, mis va rux asosida tasma, simlar va boshqa mahsulotlar tayyorlash koʻpayadi.