Unga koʻra, respublika boʻyicha tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda oʻrmon fondining suv tanqis yoki tuprogʻi shoʻr boʻlgan yerlarida sinov tariqasida 2020–2024-yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalari tashkil etiladi. Qaror bilan plantatsiyalarni barpo etish hamda uning uchun talab qilinadigan koʻchatlar miqdorining prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari talabgorlarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqsiz boʻlgan yerlar yoxud qishloq xoʻjaligining sifati yomon yerlari hamda oʻrmon fondiga qarashli yerlardan – oʻrmon bilan qoplanmagan yer uchastkalari pavlovniya yetishtirish uchun ijara huquqi asosida ajratilishini taʼminlaydi. Yogʻoch va yogʻoch qirindili xomashyo ishlab chiqarishni yetarli xomashyo bilan taʼminlash, mebel va pellet ishlab chiqarish sanoati samaradorligini oshirish maqsadida pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun har bir loyihaga 100 gektardan kam boʻlmagan yer maydoni ajratiladi.