Oybek Qosimov safar davomida dastavval ROQ Bosh direktori Vladimir Sengleyev bilan uchrashdi. Suhbat davomida terma jamoalarimizni ham yozgi, ham qishki Olimpiya o'yinlariga tayyorlash borasida hamkorlikni yanada chuqur yo'lga qo'yish kabi masalalar muhokama qilindi.
Sentyabr oyida MDH va Boltiqbo'yi davlatlari Olimpiya qo'mitalarining navbatdagi forumi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif davomida mazkur tadbirni O'zbekistonda tashkil qilish orqali unga xorijlik martabali mehmonlar va rasmiy shaxslarni yurtimizga taklif qilish bo'yicha ijobiy kelishuvga erishildi. Muzokarada tomonlar bo'lajak forum dasturini uning doimiy koordinatori Yuriy Yurev shakllantirishi borasida kelishib oldi. Shuningdek, rossiyalik mutaxassis MOQ rahbarlarining O'zbekiston poytaxtida bo'lib o'tadigan sammitini moliyaviy qo'llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish uchun XOQning Olimpiya birdamligi loyihasi bilan muzokara olib boradi.
Oybek Qosimov Rossiya Qishki sport turlari assotsiatsiyasi raisi Vladimir Kojin bilan uchrashuv davomida O'zbekiston tomonining yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirish bilan jiddiy shug'ullanish niyatida ekanligi, buning uchun hukumatimiz tomonidan katta e'tibor qaratilayotganini ma'lum qildi. Bu borada avvalambor, xokkey, short-trek, figurali uchish va tog' chang'isi sport turlarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Ma'lumki, 2025-yil O'zbekistonda yoshlar Osiyo o'yinlari bo'lib o'tadi. Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida ko'p tarmoqli sport inshootlarini qurish dasturi ishlab chiqilgan.
Rossiyalik mutasaddilar qishki sport turlarini mamlakatimizda rivojlantirish bo'yicha o'zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar bilan tajriba almashish, keng qamrovli amaliyotni tashkil yetish, vakillarimizni Rossiya Xalqaro Olimpiya universitetida o'qitish orqali yordam ko'rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Do'stona o'tgan uchrashuv yakunida Oybek Qosimov mutasaddilarga samimiy qabul uchun tashakkur aytib, o'zaro sovg'a almashishdi.