Yurtimizda saratonni 99 foizgacha davolovchi preparat yaratilgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid

    Sogʻliqni saqlash vazirligi internet tarmogʻida “Oʻzbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqdi” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan xabarlarga munosabat bildirdi.

    Ushbu preparat tarkibi “lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” oqsil moddasidan iborat, deyiladi SSV xabarida.

    Maʼlum boʻlishicha, bu dori vositasi radiofarmpreparat sifatida AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida faqatgina prostata bezi va neyroendokrin oʻsmalar diagnostikasi va muolajasida qoʻllaniladi.

    — Xorijiy tajribaga asoslangan holda shuni aytish mumkinki, ushbu vosita prostata bezi saratonining 4-bosqichida suyakda metastazlanish jarayonidagina ishlatiladi. Bu preparat vaqtinchalik vosita hisoblanadi va bemorlarning hayotini uzaytirishga imkoniyat yaratadi. — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Doniyor Nishonov.

    Taʼkidlash lozimki, preparat shu kungacha mamlakatimizdagi bitta tibbiyot muassasasida faqat 3 nafar bemorda qoʻllanilgan hamda mutaxassislar fikriga koʻra, xasta insonlarda oʻsma oʻchoqlari (metastazlar) va ularni bezovta qilayotgan ogʻriqlar sezilarli darajada kamaygan.

    Afsuski, dunyoda barcha saraton kasalliklarini toʻliq davolay oladigan universal dori vositasi hozircha mavjud emas.