2022-yil mart oyida Urugʻchilikni rivojlantirish markazi ishchi guruhi urugʻchilik sexlarini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish boʻyicha Turkiya tajribasi bilan tanishdi. Xizmat safari sifatli va raqobatbardosh urugʻlik yetishtirishni kengaytirish, mamlakatimiz urugʻchiligini xalqaro standartlar darajasiga koʻtarish maqsadida tashkil etildi.
Adana shahrida (Turkiya) ishchi guruh “Atlas Tohum Ziraat Ltd.” kompaniyasi direktori Serdar Mard bilan uchrashdi. Urugʻchilikni rivojlantirish markazi va kompaniya oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasida sinash va tajriba almashish boʻyicha hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum asosida mamlakatimizga soyaning “Arisoy” navi keltirildi. Urugʻlar Jizzax viloyatidagi Paxtakor elita urugʻchilik xoʻjaligiga, Namangan viloyatidagi Uychi elita urugʻchilik xoʻjaligiga, Samarqand viloyatidagi Pastdargʻom elita urugʻchilik xoʻjaligiga, Xorazm viloyatidagi Bogʻot elita urugʻchilik xoʻjaliklarida ekildi.
Serdar Mard bilan uchrashuv chogʻida ishchi guruh korxonaning ishlab chiqarish sexlari va laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv doirasida kompaniya tomonidan yaratilgan soya va yeryongʻoq navlarini Oʻzbekistonda sinash hamda ularni urugʻchiligini tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Kompaniya olimlari tomonidan yaratilgan paxta, bugʻdoy, soya va yeryongʻoq navlari xususiyatlari boʻyicha fikr almashildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Bundan tashqari: quyidagilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi:
– Turkiya urugʻchilar uyushmasi “TURKTOB” boshqaruv direktori Savash Akchan,
– “AKYUREK” kompaniyasi rahbari Umutbek Akyurek,
– Xalqaro iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urugʻchilik uyushmasi “ECOSA” ijrochi direktori Ali Ustun hamda boshqa urugʻchilik sohasida faoliyat olib boradigan yirik kompaniyalar va birlashmalar.
Taʼkidlash joizki, “Arisoy” navi Turkiya davlatida oxirgi 5 yilda eng koʻp ekilgan va eng yaxshi hosil bergan ekin navlaridan biri. Shuningdek, kasallik va zararkunandalarga chidamli, hosil donalari toʻkilib ketmaydigan, ertapishar ekin turi hisoblanadi.