Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori rahbarlarining uchrashuvi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tashkil etgan yigʻilishda yuz kun ichida oʻrganilishi kerak boʻlgan ustuvor masalalar bayon qilindi, deb xabar beryapti markaz axborot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining farmoyishi bilan qator vazifalar tasdiqlandi. Birinchidan, fuqarolarning davlat tashkilotlari koʻrsatadigan xizmatlardan qoniqish darajasini baholash mezonlarini shakllantirish lozim. Hozir fuqarolar bilan ishlaydigan vazirlik va idoralar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan fuqarolarning qoniqish darajasini baholash mezonlari mavjud emas.

Bu masalani ijobiy hal etish uchun Birlashgan Arab Amirliklari tajribasidan foydalangan holda “Happiness Metrics” tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Ushbu tizimga muvofiq, barcha fuqarolar oʻziga koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini emotikonlar (aʼlo, qoniqarli va yomon) orqali baholashi mumkin. Yil oxirida uchta eng yaxshi va uchta samarasiz faoliyat koʻrsatadigan vazirlik va idoralar aniqlanadi. Past natija koʻrsatgan vazirlik yoki idoralardagi ishlarning holati chuqur oʻrganiladi va ularni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, ushbu tizim orqali tegishli vazirlik va idoralar faoliyatining yakuniy natijalariga erishish uchun xodimlar masʼuliyati oshirilib, ish samaradorligini yaxshilash maqsadida davlat organlari orasida raqobat muhiti yaratiladi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining energetika statistikasini BMT standartlariga muvofiq shakllantirish zarur. Mamlakatimizda BMTning Statistika tashkiloti va Xalqaro energetika agentligi standartlari asosida yoqilgʻi-energetika manbalaridan oqilona foydalanish va samaradorligini taʼminlash imkoniyatini beruvchi yagona yoqilgʻi-energetika balansi mavjud emas.

Shu munosabat bilan yurtimizda shakllanayotgan energetika statistikasi maʼlumotlarini inventarizatsiya qilish va yetishmayotgan maʼlumotlarni qamrab olish uchun mavjud statistik hisobotlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, natijada kiritilgan oʻzgarishlar asosida energiya balansini ishlab chiqish taklif etiladi.

Uchinchidan, tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun reyting yuritish tizimini joriy etish darkor. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentyabrdagi “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vazifalaridan biri isteʼmolchilarga tovar (ishlar), xizmatlar, ularning ishlab chiqaruvchilari, pudratchilari va sotuvchilari toʻgʻrisida, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish toʻgʻrisida ishonchli va toʻliq maʼlumot olish imkoniyatini berishdir.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda isteʼmolchilarning tovar va xizmatlar toʻgʻrisida xabardorligini oshirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyati boʻyicha reyting baholarini oʻtkazish tizimini yaratish hamda ularning sifatini oshirish taklif etilmoqda.

Uch yoʻnalishning har bir sohasi uchun jalb etilgan vazirlik va idoralarning masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ular akselerator koordinatorlari bilan har 25 kunda amalga oshirilgan ishlar natijadorligini koʻrib chiqadi.

Yuz kunlik ish yakunlariga koʻra, yakuniy bosqichda akselerator rahbarlarining yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Unda har bir muammoni hal qilishda erishilgan yakuniy natijalar koʻrib chiqiladi.