Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etarkan, IT dasturchilar, sportchi va tadbirkorlar qatori biz, bir guruh ijodkorlar va kitobxonlar bilan ham koʻrishdi. “kitobxonlik” koʻshkida kechgan suhbat samimiyligi bilan esda qoldi. Muloqotning bosh mavzusi vatan va ijod haqida boʻldi.

Shu asnoda xayolimga bir voqea keldi. Bu yil iyun oyining birinchi oʻn kunligida Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy dunyo hikoyalar festivalida ishtirok etar ekanman, kunlar oʻtgani sayin koʻnglimdagi bir xijillik sira yozilmadi, qaytanga ortdi. Adabiyot va soʻzni naqadar qadrlamay, muhtasham davralardan naqadar zavqlanmay, oʻzimni erkin tutolmadim; ichimdagi boʻshliq toʻlmadi. Bu birinchi marta xorijga chiqishim va Vatandan uzoqda boʻlishim edi...

Yurtimning bir yosh ijodkor farzandi sifatida unga naqadar mahkam bogʻlanganimni, undan ayro tushishim bilan jismimda ham, ruhimda ham hech vaqo qolmasligini angl adim. Buni tasavvur qilish juda ogʻir edi. Men Vatanni boshqacha sevishimni tushundim. U menga naqadar zarurligini va biz uning ertasiga m asʼulligimizni chuqur his qildim. Davlatimiz rahbari kitobni, kitob oʻqiyotgan insonlarni, ijod qilayotganlarni yaxshi bilishini, kuzatishini va alohida qadrlashini aytdi.

“Yosh kitobxon oila”, “Mushoira”, “Zukko kitobxon”, “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob”, “Yosh kitobxon” tanlovi gʻoliblari, yosh ijodkorlar bilan suhbatlashib, yozilayotgan har bir asar millat tarixi va rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

— Bugungi yoshlarimizning salohiyati, dunyoqarashi, bildirgan taklif va tashabbuslari, mustaqil fikrlashi, kelajak va Vatan haqida, oʻzining jamiyatdagi oʻrni va masʼuliyati haqidagi qarashlari barcha ota-onalar, ustoz-murabbiylar qatorida meni ham cheksiz quvontiradi, — dedi Prezidentimiz tantanali tadbirda.

Muloqotda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim besh yildan beri oʻtkazilayotgan kitobxonlik tanlovining doimiy hakami sifatida bellashuvning borishi, “Yosh kitobxon”ning bolalarning kitobga va maʼrifatga oshno boʻlishidagi ahamiyati, tanlov shaffof va odilona tashkil etilgani, oʻgʻil-qizlar hayotida katta burilish yasayotgani, kitobxonlar safi keskin kengaygani va eng muhimi, mutolaa yoshlar orasida ommalashayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. “Elni maʼrifatli etish jadidlarning eng ulugʻ orzusi edi. Mana bugun bizning “Kitobxonlik” koʻshkimiz ham jadidlarimiz siymolari bilan bezangan.

Jadid bobomiz, otashin shoir Choʻlpon: “Kishan kiyma, Boʻyin egma, Ki sen ham hur tugʻilgʻonsen!” deya yoshlarga xitob qilgan. Mana bugun oldingizda turgan kitobxon, ijodkor yoshlar shunday hur va ozod yoshlardir. Ularning ijodi ham, dunyosi ham erkin”, dedi Bahodir Karim. Shu suhbat chogʻida xayolimdan oʻtgan asrning 20-yillarida Germaniyaga oʻqishga yuborilgan 70 talaba keldi. Ularning hayoti mashʼum xotiralar bilan yakunlandi.

Ammo ularning orzusini roʻyobga chiqarish imkoniyati bizda bor. Oʻqisak, oʻrgansak, intilsak, eng muhimi, Vatanga tirgak boʻlsak, bobolarning ruhi shod boʻladi. Oʻtgan oʻquv yilida birgina Prezident maktablarini bitirgan oʻgʻil-qizlarning 102 nafari yoki 24 foizi xorijdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgani chindan tahsinga sazovor. Endi ular soni ortishi va mamlakatimiz yoshlari toʻliq ilm yoʻliga kirishi kerak.

Mahmudxoʻja Behbudiy 100-yil avval millat yoshlariga murojaat qilib, shunday degandi: “Ey, gʻayratlik yoshlar! Bir-biringiz ila ittifoq etub, jamiyatlar barpo qilub, millat yoʻlida xizmat etingiz. Millat va xalq sizdan hurmat va yaxshilik talab etadur, nafsoniyat va gʻurur emas... Bizning harakatsizligimiz bizdan hurriyatni ketkurib, yana boshqalarga bizni asrlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyinda qolib ketarmiz!”

Bobomizning soʻzlari bugun ham oʻz dolzarbligini, ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Bu hikmatlarga amal qilsak, yuz yil ortda qolmaymiz, aksincha, yuz yil ilgarilab ketamiz. Bu yoʻlda, shubhasiz, ilm-maʼrifat qanotimiz, taʼlim esa najotimiz boʻladi.