Forumda Britaniya tomonining taklifi bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari boshchiligidagi Xalq ta'limi vazirligi, Prezident ta'lim muassasalari agentligi rahbariyati vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Tadbir Buyuk Britaniya Ta'lim vazirligi tomonidan mamlakatning boshqa davlat idoralari, jumladan Tashqi ishlar va Hamdo'stlik masalalari vazirligi, Britaniya Kengashi ko'magida tashkil etilmoqda.
Butunjahon ta'lim forumi – butun dunyodagi ta'lim vazirlari va xalqaro tashkilotlar vakillarining yirik xalqaro yig'ilishi hisoblanib, har yili Londonda o'tkaziladi va yuzdan ortiq davlatlardan ta'lim vazirlarini bir joyga jamlaydi.
Forum davlatlar o'rtasida ta'limni rivojlantirish bo'yicha fikr almashish va ta'lim sohasidagi umumiy muammo va masalalarni, shuningdek, ta'lim sohasidagi istiqboldagi strategik qadamlarni muhokama qilish uchun o'ziga xos platforma bo'lib xizmat qiladi.
Bu galgi Forum “Ta'lim: birgalikda kuchliroq, dadilroq, yaxshiroq oldinga intilamiz” mavzusida bo'lib, 25 may kuniga qadar davom etadi.