Mazkur qoʻlyozma eski oʻzbek tilida yozilgan boʻlib, har satr ostida matnning forscha tarjimasi berilganligi bilan ahamiyatli.
Zahiriddin Muhammad Bobur «Mubayyin» asarini 1521-yil Hindistonga yurishlari davrida yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid oʻsha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar ham jamlangan.
Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida moʻljallangan «Mubayyin»da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati toʻgʻrisida ham sharʼiy mezonlar bayon qilingan.