“Zamin” fondi Vasiylik kengashining raisi Koxlear implantatsiya dasturi doirasida 36 nafar bolalar, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan uchrashdi

    Ijtimoiy hayot 18 Dekabr 2020 2685

    Koxlear implantatsiya dasturi doirasida Pediatriya markazi bilan birgalikda eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 200 nafar oʻquvchilariga kompleks tashxis koʻrigi oʻtkazildi.

    Kompleks tashxis koʻrigining natijalari asosida jami 36 ta jarrohlik amaliyotini oʻtkazish rejalashtirilgan edi – 33 tasi koxlear implantlarni, 3 tasi esa suyak oʻtkazuvchanligini taʼminlab beruvchi implantlarni oʻrnatish boʻyicha. 2020-yilning noyabr oydan sentyabr oyigacha 23 nafar bolalar uchun jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi va ularning eshitish qobiliyati tiklandi. 19-20-dekabr kunlari qolgan 13 ta jarrohlik amaliyoti yetakchi otojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Vladislav Yevgenevich Kuzovkov boshchiligida amalga oshiriladi.

    Dastur, shuningdek, implantlarning keyingi bosqich sozlanishi hamda bolalarning logopedlar va surdopedagoglar bilan shugʻullanishini nazarda tutuvchi dastlabki reabilitatsiya bosqichini ham oʻz ichiga oladi.

    2020-yilning 18-dekabr kuni “Zamin” fondi Vasiylik kengashining raisi Ziroat Mirziyoyeva dasturda ishtirok etayotgan 36 nafar bolalar, ularning ota-onalari va shifokorlar bilan uchrashdi. Ishtirokchilar jarrohlik amaliyotining natijalari va taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

    Fondning dasturiga koʻra, kelgusi yilda ham ixtisoslashtirilgan maktab-internat oʻquvchilari uchun 30 dan ortiq koxlear implantatsiya boʻyicha jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.