Imom Buxoriyning oʻn ikki asr avval “Dunyoda ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” degan fikri bugun ham dolzarbligini aslo yoʻqotgani yoʻq. Zero, ilm-fan har qanday davlatning iqtisodiy taraqqiyotida poydevoridir. Mamlakatning rivojlanishi ilm-fanning nechogʻli taraqqiy etayotgani bilan ham belgilanadi. Shu bois, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy ravnaq toptirishda ilm-fan va innovatsion taraqqiyotga, shuningdek, ilm-fanning taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini yanada chuqurlashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti ham ana shu rivojlanish jarayonida ishtirok etmoqda. Institut koʻz ilgʻamas mikroorganizmlarni har tomonlama oʻrganish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanish boʻyicha yirik va yuqori ilmiy salohiyatni jamlagan muassasadir.
Institut direktori, biologiya fanlari doktori, professor Qahramon DAVRONOV bilan suhbatimiz muassasaning ilmiy tadqiqot faoliyati, ishlanmalarni tijoriylashtirish jarayoni, Oʻzbekiston mikrobiologiya fanining dunyo miqyosidagi nufuzi xususida boʻldi.
— Ekologik toza biotexnologiyalar yaratishga asos boʻla oladigan mikroorganizmlarning mintaqaviy kolleksiyasini yaratish, tibbiyotda yangi, import oʻrnini bosa oladigan dori-darmonlar, biologik faol moddalar, qishloq xoʻjaligi amaliyoti uchun biologik oʻgʻitlar yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tuproq unumdorligini oshirish kabi masalalar yechimi aynan mikrobiologiya sohasi bilan bogʻliq. Bu borada institutda qanday ishlar qilinmoqda?
— Bugun institut olimlari qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, maishiy xizmat, hatto metan gazi chiqindisidan katta miqdorda biomassa toʻplaydigan koʻz ilgʻamas mikroorganizmlardan foydalanib, kelajak uchun xizmat qiladigan yangi, raqobatbardosh, import oʻrinini bosadigan, eksportga moʻljallangan biotexnologiyalarni yaratishga eʼtibor qaratmoqda.
Oldimizda yana bir oʻta muhim vazifa bor. Bu tuproq unumdorligini, qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarining hosildorligini oshirish imkonini beruvchi ekologik toza biologik preparatlar tayyorlash bilan bogʻliq.
Atrof-muhitning oʻzgarib borishi, Orol fojiasi, qurgʻoqchilik va suvsizlikning tobora kengayishi qishloq xoʻjaligi rivojiga, hosildorlik hamda sifatning tushib ketishiga sabab boʻlmoqda. Shunday murakkab sharoitda oʻsimliklar uchun foydali tuproq mikroorganizmlaridan oqilona foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Zero, oʻsimlikning muayyan darajada sogʻlom oziqlanishi tuproq tarkibidagi mikroorganizmlar bilan bogʻliq.
Tuproqshunos olim, akademik Yevgeniy Mishustinning fikricha, 1 gektar tuproqda yashaydigan mikroorganizmlarning faol yuzasi 500 gektarga toʻgʻri keladi. Ular shunday ulkan yuzadagi tuproqda kimyoviy reaksiyalarning oʻzgarishini taʼminlovchi biologik katalizator-fermentlarni sintezlaydi. Koʻplab yirik molekulali tabiiy moddalarni parchalab, ularni organik va mineral birikmalarga aylantiradi. Bu jarayon kecha-kunduz, qishin-yozin turli tezlikda toʻxtovsiz yuz beradi hamda tuproq unumdorligi oshishiga xizmat qiladi. Ekologik inqiroz bu jarayonni sekinlashtiradi, hatto toʻxtashiga olib keladi. Bunday sharoitda turli sabablar bilan tuproq tarkibida yoʻqolib ketgan mikroorganizmlarni qayta tiklash orqali tuproq “davolanadi”, unumdorligi oshiriladi.
Institutimiz olimlari oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan yana biri oʻsimliklar uchun foydali mikroorganizmlarni sunʼiy sharoitda koʻpaytirish orqali tuproq unumdorligini oshiruvchi mikrob preparatlar yaratish va ularni hayotga tatbiq etishni nazarda tutadi. Bu borada oxirgi 6-7 yilda muassasamizda tarkibi, taʼsir mexanizmi, spetsifikligi hamda turgʻunligi turlicha boʻlgan, tuproq unumdorligini oshiruvchi mikrob preparatlar yaratildi. Tijoriylashtirish uchun baʼzilariga maxsus grantlar ham ajratildi. “Fitobiosol”, “Azos-uz”, “Ekobak”, “Mikrozim”, “Mikrooʻstirgich” va boshqalar shular jumlasidan.
Ushbu preparatlar turli ekologik sharoitda oʻsimliklarni azot, fosfor, kaliy, temir, oltingugurt va boshqa elementlar bilan taʼminlashga koʻmaklashadi. Organik moddalarni chiritib, gumusga aylantiradi. Tuproqni organik chirindi, mikroelement, ferment, vitamin, fitogormon bilan boyitib, unumdorligini oshiradi. Oʻsimliklarda stress omillarga nisbatan immunitetni shakllantiradi. Uzoq vaqt foydalanib kelingan kimyoviy oʻgʻit va pestitsidlarning zararli taʼsirini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va baliqchilikda qoʻllanadigan qimmatli ozuqa-yem qoʻshimchalar yaratish, tibbiyotda foydalanish uchun yangi biologik faol moddalar va dori-darmonlar ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlar ham tizimli olib borilyapti. Jumladan, institut olimlari yaratgan va ayni paytda ishlab chiqarish hamda qoʻllashga ruxsat etilgan “Baktovit” probiotikli ozuqa qoʻshimchasi chorva mollari va parrandalar immunitetini oshirish, oshqozon-ichak tizimida uchraydigan bakterial kasalliklarning oldini olish va davolash hamda ovqat hazmini yaxshilash xususiyatiga ega. “Baktovit”dan foydalanilganda ozuqaning energetik qiymati va jonivorlarning mahsuldorligi 18-22 foizgacha oshgani, ozuqadan foydalanish esa 17-20 foiz pasaygani, yaʼni tejamkorlikka erishilgani tasdiqlangan. Buning ustiga, ushbu probiotikli ozuqa qoʻshimchadan muqobil antibiotik sifatida foydalanish mumkinligi ilmiy va amaliy asoslangan. Ozuqa tayyorlashda “Baktovit”dan foydalanilganda jarayonda antibiotiklarni ishlatish holati qisqargan.
Yana bir misol: qishloq xoʻjaligi va chorvachilikda yem-xashakni qayta ishlash, silos va senaj tayyorlash uchun “Imbiokon” biokonservanti yaratilgan. Uning yordamida silos va senaj tayyorlanganda patogen mikrobiom hamda mikotoksinlardan xoli, himoyalangan mahsulot olish mumkinligi koʻplab tajribalar asosida isbotlangan. “Imbiokon” biokonservanti chorva mollari ozuqasini oqsil va vitaminlar bilan boyitadi, ovqat hazm boʻlishini yaxshilaydi, ozuqaning organizmga yengil singishini taʼminlaydi va natijada mahsuldorlikni oshiradi. Ushbu ishlanma Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan foydali model sifatida qabul qilingan va patentlangan.
— Tibbiy amaliyotda qoʻllash uchun institutda qanday yangi biologik faol moddalar va dori-darmonlar ishlab chiqish yoʻlga qoʻyilgan?
— “Laktoprolis-AWL” nomli biologik faol qoʻshimchaning dunyoda oʻxshashi yoʻq. U oshqozon yarasi hosil qiluvchi patogen bakteriyalarning rivojlanishini bostiradigan, mikroblarga qarshi oqsil birikmalarini sintezlovchi va shu orqali infeksiyani davolash samaradorligini oshiruvchi probiotik mikroorganizmlarning mahalliy noyob shtammlaridan tashkil topgan. Bu preparatning originalligi shundaki, uning tarkibiga kiradigan mikroorganizmlarning xususiyati Abu Ali ibn Sino davridan beri samarali biologik birikma sifatida tanilgan asalari propolisining biologik faol fraksiyalari bilan uygʻunlashtirilgan. Bu preparat oshqozon-ichak traktida sodir boʻladigan disbakteriozni meʼyoriga keltirish hamda kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalar toʻplanishining oldini olish uchun qoʻllanadi. Shuningdek, oshqozon yalligʻlanishini davolash uchun foydalanishga tavsiya etilgan va muvaffaqiyatli ishlatilmoqda.
Bu preparat yalligʻlangan toʻqimani qayta tiklash xususiyatiga ham ega. Import mahsulotlarga nisbatan oshqozon yarasining ikki barobar tez bitishiga yordam beradi. Shuningdek, immunitet tizimining samarali ishlashiga koʻmaklashadi. Ushbu biologik faol qoʻshimchadan foydalanish oshqozon yarasining mavsumiy qaytalanishini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichak yalligʻlanishi kasalliklari koʻrsatkichi yildan yilga ortib bormoqda. U juda ogʻir asoratlarga olib keladi, hatto ichak saratoni paydo boʻlishiga sababchidir. Shuni eʼtiborga olgan holda institutda yana bir noyob preparat yaratilgan. “ProbioKolit” nomli probiotikli biologik faol qoʻshimcha aynan xavfsiz, samarador va yalligʻlanishga qarshi kuchli taʼsirga taʼsirga ega. “ProbioKolit” biologik faol qoʻshimchasi antimikrob va inson immun tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatish xususiyati yuqoriligi bilan ajralib turadi. Ichak yalligʻlanishining oldini olish va davolash maqsadida bemorlarga tavsiya etilgan “ProbioKolit” biologik faol qoʻshimchasi patentlangan hamda 2021-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligi roʻyxatiga kiritilib, ishlab chiqarishga ruxsatnoma olingan.
— Biologik faol moddalar olishning resurstejamkor hamda raqobatdosh texnologiyalarini yaratish borasida qanday ishlar bajarilmoqda?
— Biotexnologiya inson faoliyati uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni biologik tizimlar, yaʼni tirik organizmlar, hujayra va/yoki ularning metaboliti (ularda sintez boʻladigan faol moddalar) yordamida yaratish usulidir. Mikroorganizmlar yordamida biologik faol moddalar olishning resurstejamkor va raqobatbardosh texnologiyalarini yaratish, avvalo, muhandislik, texnologik va biologik tafakkurning eng ilgʻor, yangi yutuqlaridan foydalanishni talab qiladi.
Mana shular asosida texnologiyabop, chiqindi xomashyodan rivojlanib, istalgan narsani sintez qila oladigan, boshqa mikrob va viruslar taʼsiriga chidamli mikrob produtsentni yaratish ustida ishlayapmiz. Mikrob biotexnologiyasining asosiy jihatlaridan biri texnologik parametrlarni laboratoriya tadqiqotlari davridayoq aniqlash imkoniga ega boʻlish bilan bogʻliq. Shuning uchun ham institutimizdagi tadqiqotlar, avvalo, resurstejamkorlik, raqobatbardoshlik, import oʻrnini bosadigan va eksportga moʻljallangan texnologiyalarni yaratishga qaratiladi.
— Mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatdan samarali foydalanish asosida innovatsion texnologiyalar yaratish, ishlanmalarni tijoriylashtirish borasida qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalsangiz.
— Hozirgacha institutimiz olimlari qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, tibbiyot, sanoat uchun foydalaniladigan bir necha ilmiy ishlanma yaratgan hamda ular yurtimizning turli hududida amaliyotga joriy qilingan. Jumladan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini turli patogen mikroooganizmlardan himoya qiluvchi, shoʻrga, qurgʻoqchilikka chidamliligini oshiruvchi, hosilning erta pishib yetilishini taʼminlovchi, hosildorligini oshiruvchi biologik oʻgʻit, biostimulyator va biopreparatlar yaratilgan. Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik uchun ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va ularni turli yuqumli kasalliklardan himoya qiluvchi va davolash xususiyatiga ega ozuqa qoʻshimchalar ishlab chiqilgan. Farmatsevtikada qoʻllanadigan probiotik mikroorganizmlar asosida biologik faol qoʻshimchalar, baʼzi mikroorganizmlar hosil qilgan moddalar asosida yurak kasalliklarining oldini oluvchi, qandli diabetni davolashga yordam beruvchi ilmiy ishlanmalar mavjud. Ushbu ilmiy ishlanmalarning tarkibi oʻzimizning tuproqdan, tabiiy manbalardan ajratib olingan mikroorganizmlar hamda ular hosil qiladigan juda foydali moddalardan iborat.
Oʻzbekistonda shoʻrlangan yer kengayib borishi yangi mikrob texnologiyasiga asos boʻladigan mikroorganizmlar paydo boʻlishiga olib keldi. Fan tilida mikroblar yordamida kuchayadigan (indutsirlanadigan) kalsiyni choʻktirish, yaʼni oʻzidan oʻzi biokalsiylanish tabiiy jarayon boʻlib, koʻplab amaliy ahamiyatga ega boʻlgan, istiqbolli biotsementlanish texnologiyasining yaratilishiga tamal toshi qoʻydi. Bu biotexnologiya uchun eng mos keladigan manba ureaza faolligiga ega, kalsiylantiruvchi bakteriyalar (urobakteriyalar)dir. Ular shoʻrga chidamli galofil mikroblar orasida rivojlanadi. Biz Orol dengizining qurigan tubidan shunday bakteriyalardan oʻnga yaqinini ajratib olishga erishdik va ulardan baʼzilari yaqin kelajakda qurilish biotexnologiyalari uchun asos boʻladigan samarador xususiyatga ega ekanini aniqladik.
Eng faol bakteriyalardan uchtasi AQSHdagi Xalqaro mikroorganizmlar (NSBI) bazasidagi maʼlumotlarga kiritildi. Rossiyaning foydali mikroorganizmlar kolleksiyasiga topshirildi. Bu bakteriyalarni oʻrganish orqali ularda qumli tuproq (grunt)ni barqarorlashtirish, shikastlangan betonli konstruksiyalarni qayta tiklash, yangi qurilish materiallari tayyorlash, ogʻir metall bilan ifloslangan tuproqni bioremediatsiya qilish (biologik qayta tiklash) xususiyati borligi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston iqlim sharoitiga moslashgan yangi shtamm (bakteriya)lar yaqin kelajakda biotsementlash texnologiyalarining yanada istiqbolli variantini yaratishda muhim manba boʻlib xizmat qilishi mumkin. Buning uchun yangi topilgan bakteriyalarni koʻp hajmda koʻpaytirib, biomassasini ajratib olishni yoʻlga qoʻyish hamda yaratilgan yangi texnologiyali mahsulotlarga kafolatli xaridor topish ustida izlanishlar olib boryapmiz.
Institutdagi ishlanmalarning baʼzilari tijoriylashtirilgan, baʼzilari esa tijoriylashtirishga tayyorlanmoqda. Xususan, “Yer malhami”, “Fosstim”, “Rizokom” biooʻgʻitlari, “Serhosil”, “Mikrooʻstirgich” biopreparatlari, “Trixostim” ozuqa-yem qoʻshimchasi, “Microzyme-1” va “Microzyme-2” enzimli organik oʻgʻitlari, “Laktopropolis”, “Probiokeyr” biologik faol qoʻshimchalari, “Imbiokon” biokonservanti tijoriylashtirilgan. Ushbu ilmiy ishlanmalar Intellektual mulk agentligining patenti bilan himoyalangan va guvohnomalarga ega.
— Soha oldida turgan muammolar nimalardan iborat?
— Oʻzbekistonda mikrobiologiya va mikrob biotexnologiyasi sohasida keng koʻlamli ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda olinadigan natijalar asosida iqtisodiyotning bir qancha tarmoqlari (farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, kimyo sanoati, ekologiya, gidrometallurgiya va boshqalar) uchun yangi innovatsion biotexnologik ishlanmalar yaratish mamlakat ilm-fanini rivojlantirish hamda dunyo reytingida yuqori pogʻonalarni egallash kafolatidir. Chunki mikrob biotexnologiyasi XXI asr fani va jahon ilm jamoatchiligi tomonidan shunday tan olinmoqda.
Mikrobiologiya instituti 1977-yilda tashkil etilganiga qaramay, hanuzgacha oʻz binosiga ega emas. Institutning ilmiy yoʻnalishi koʻproq qishloq xoʻjaligi, tuproq muammolari yechimiga qaratilgan. Shuning uchun ham tajriba ishlab chiqarish bazasi hamda olingan ilgʻor natijalarni sinovdan oʻtkazish uchun tajriba uchastkasi zarur. Bu kabi muammolarni mustaqil hal qilish uchun klasterlar, ishbilarmonlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda. Yaqin kelajakda bu muammo ham ijobiy yechimini topib qolsa, ajab emas. Oxirgi 2-3 yilda koʻplab zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilishga erishildi.
Faqat muammolarga toʻxtalmay, yaratilgan imkoniyatlar haqida ham aytish oʻrinli, albatta. Mikrobiologiya instituti laboratoriyalari uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan ilmiy laboratoriya uskunalarining roʻyxati shakllantirilgan hamda 1 million 361 ming 900 AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilishi belgilangan. Hozirgacha amalda qiymati 800 ming AQSH dollari miqdoridagi 8 turdagi laboratoriya uskunalari xarid qilinib, ishga tushirildi.
Shuningdek, institutda bajarilayotgan 1 ta fundamental, 12 ta amaliy, 4 ta xorijiy qoʻshma, 1 ta tijoriylashtirishga tayyorlash loyihalarida belgilangan topshiriqni oʻz vaqtida sifatli bajarish va koʻzlangan natijalarni olish maqsadida davlat xaridlari maxsus axborot portalida ilmiy tadqiqot loyihalari doirasida xarid qilinadigan zamonaviy ilmiy laboratoriya uskunalariga nisbatan cheklov qoʻllamaslik yuzasidan takliflar qoʻllab-quvvatlangani faoliyatimizni yanada jadallantirishga undayli.
— Oʻzbekiston mikrobiologiya fanining dunyo ilm-fani rivojiga taʼsiri qanday? Xalqaro hamkorlik xususida gapirib bersangiz.
— Mamlakatimiz iqlimi, ekologik holati hayratomuz darajada turfa. Bu oʻrinda Orol dengizining qurigan tubidagi xilma-xil tuzga boy tuprogʻi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarida jazirama issiq boʻlayotgan bir vaqtda Koʻkabuloq togʻida, Maydanakda odamlar choponda yuradigan darajada salqin boʻlishi, yurtimizning turli joyida otilib turgan qaynarbuloqlaru shoʻrkonlarni nazarda tutyapman. Bularning hammasi mikroorganizmlarning xilma-xilligi nuqtayi nazaridan oʻrganilmagani sababli ham jahon mikrobiologiya fani uchun oʻta qiziqarli yangilik manbai boʻlib xizmat qiladi. Biz har yili 10-15 ta yangi mikrob shtammini AQSHning Xalqaro mikroorganizmlar bazasi bazasiga kiritamiz. Bu bazaga faqat yangi xususiyatlarga ega shtammlargina qabul qilinadi.
Bugun institutimizda 5 yoʻnalishda xalqaro grantlar ustida tadqiqot olib borilmoqda. Xususan, Belarus mikrobiologlari bilan uch, armanistonlik hamda rossiyalik hamkasblarimiz bilan ikki yoʻnalishda ilmiy ish qilyapmiz. Muassasamiz hamda Ozarbayjonning oʻsimlik viruslari bilan ishlaydigan instituti oʻrtasida memorandum tuzildi. Xitoy mikrobiologlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan laboratoriya tashkil qilinib, ishga tushirildi.
Har bir laboratoriyaning ilmiy tadqiqotida zamonaviy usullar va yangi texnologiyalarni joriy qilish maqsadida Yevroosiyo mamlakatlaridagi jamoalar bilan ham aloqa oʻrnatganmiz. Hozirgacha Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Armaniston ilmiy-tadqiqot institutlari bilan 13 ta memorandum imzolangan. Bundan tashqari, institutimizda Rossiya, Belarus va Armaniston institutlari bilan hamkorlikda 4 amaliy va fundamental loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ham Oʻzbekiston mikrobiologiya fanining bugun dunyo ilm-fani rivojiga qoʻshadigan hissasi, qolaversa, koʻrsatadigan taʼsiri inʼikosi, deb bilaman.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.









