Amir Temur! Buyuk ajdodimizning bemisl zafarlari, el-ulus farovonligi yoʻlidagi ulkan ishlari, bugun ham hayrat bilan boqadiganimiz yodgorliklar — mahobatli binolaru bunyod etilgan bogʻ-rogʻlar haqida qancha gapirsak, iftixor qilsak kam. Ayni vaqtda Sohibqirondan meros maʼnaviy xazina, adolat qomusi — “Temur tuzuklari” ham xalqimiz va vatanimiz uchun yuqoridagi sanalgan barcha ishlardan hech kam boʻlmagan ahamiyat kasb etadi.

Biz milliy davlatchiligimiz dasturi deya eʼtirof etilayotgan asarning asl maz­mun-mohiyati hamda tarixiy ahamiyati haqi­da qiziqib soha mutaxassisiga yuzlandik. Savollarimizga javob berar ekan, “Temur tuzuklari”ning milliy davlatchiligimizda tutgan oʻrni beqiyos, — deydi suhbatdoshi­miz, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid FAYZIYEV. — U zotning qomusiy asarida bayon etilgan davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat va bunyodkor­lik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmor­likka oid qarashlar, insonni ulugʻlaydigan ezgu ishlar, jiddiy va xolisona, adolatli, ishonchli kengash va tadbirlar hamda ular qonun doirasida ado etilgani, bajarilishi aniq yoʻlga qoʻyilgani haqidagi hikoyalar, dinu diyonat va maʼnaviy barkamollikni koʻz­lab yuritilgan siyosat, el manfaatini oʻylab ish tutish bilan bogʻliq noyob fazilatlar alo­hida eʼtiborga loyiq. Eng muhimi, mazkur asar tufayli temuriylar sulolasi dunyoda Ikkinchi Uygʻonish davrini yuzaga keltirdi. Ular qoldirgan ulkan ilmiy va madaniy me­ros, xususan, “Temur tuzuklari” asari hamon jahon ahlini hayratga solib kelmoqda”.

— “Temur tuzuklari”ning hayotiy aha­miyati va mohiyatini qanday tushunmogʻi­miz kerak? Harbiy qoʻllanmami, ijti­moiy-iqtisodiy yoxud siyosiy asarmi?

— Mazkur savolni juda koʻp takrorlasha­di. Gap shundaki, “Temur tuzuklari”ga qizi­qish bugungi kunda ham tobora ortib bormoq­da. Joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bi­lan “Temur tuzuklari” Prezidentimizning asarga yozgan soʻzboshisi bilan uch tilda nashr etildi. Oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur yangi nashr Sohibqiron ilga­ri surgan davlat va jamiyat boshqaruvidagi tamoyillarni chuqur oʻrganish, ularni dunyo hamjamiyati eʼtiboriga yetkazish, shuning­dek, uni targʻib va tashviq qilishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Sohibqiron Amir Temur jahon hukm­dorlari orasida davlatchilik tamoyilla­rining oʻziga xos jihatlarini ishlab chiq­qan shaxs sifatida maʼlum va mashhurdir. U shohona taxtda tugʻilmadi. Moʻgʻullarning jabr-zulmi tufayli turli bekliklarga boʻ­lingan tarqoq jamiyatda tavallud topdi va voyaga yetgach, xalqining ogʻir sharoitda kun kechirayotganini koʻrib, javonmard bek si­fatida oʻzini ulardan qarzdor deb bildi. Amir Temur siyosat maydoniga kirib kel­gan paytda Movarounnahr moʻgʻullar istib­dodi ostida ingramoqda edi. Darhaqiqat, Chingizxon va Botuxon bosib oʻtgan yerlar­ning kuli koʻkka sovrulgan, shahar va qish­loqlar vayronaga aylangan, suv inshootla­ri buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan edi. Amir Temur balogʻatga yetgach, vatanni moʻgʻul istibdodidan xalos qilish yoʻllarini qidira boshlaydi. 1357-yillardan boshlab qariyb 13-14 yil davo­mida yurt ozodligi uchun qattiq va keskin kurash olib bordi.

Movarounnahrda hukm surayotgan ogʻir siyo­siy, iqtisodiy sharoitda moʻgʻul istibdodiga qarshi ozodlik bayrogʻini baland koʻtarib maydonga chiqqan va xalqning asriy ezgu niya­ti — mustaqillikni qoʻlga kiritgan yetuk ta­rixiy shaxs Amir Temurdir.

Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxonga Movarounnahrdagi soʻnggi voqealar, yaʼni ma­halliy aholining hokimiyatga intilib, joy­larda vujudga kelayotgan xalq harakatlari tinchlik bermay qoʻygandi. Tugʻluq Temurxon Chigʻatoy naslidan Duvaxonning nabirasi boʻlib, Movarounnahr — Chigʻatoy ulusini oʻz tasarrufiga kiritishni rejalashtirgandi. Oʻsha paytda oʻlkada kechayotgan siyosiy jarayon­lar uning rejalarini amalga oshirishi uchun turtki boʻladi. U 1359-yilda katta qoʻshin bilan Movarounnahrga bostirib kiradi. Kesh viloyati hukmdori Hoji Barlos Tugʻluq Temurxonga bardosh bera olmasligini fahm­lab, oʻz yaqinlari bilan Xurosonga chekinadi. Tabiiyki, amakisi Hoji Barlos bilan birga 24 yoshli Amir Temur ham safar taraddudi­da edi. Ammo javonmardlik ruhida tarbiya­langan Amir Temurda oriyat, hamiyat kuchli boʻlib, vatani, xalqi boshiga ogʻir kunlar soya solib kelayotgan bir paytda yurtni dush­man irodasiga tashlab, oʻzi chetda tomoshabin boʻlib turolmasdi. U qatʼiy fikrga kelib, “Siz boravering, qiyin kunda men el ichida boʻlishim kerak”, deya amakisi Hoji Barlos­ni Xurosonga kuzatib, oʻzi Keshga qaytib ke­ladi.

Amir Temurning mazkur mardona ishi bu­tun bir yurtni vayron boʻlishdan, aholining jabr-zulm koʻrishidan asrab qoldi.

Sohibqiron Amir Temur 1370-yilda chaqirilgan katta qurultoyda hukmdor etib saylanganida davlatchilik, moliya, soliq tizimlari barbod boʻlgan, na iqtisodiy oʻsish, na maʼnaviy barkamollik va na xalq­ning beklarga ishonchi, na biror sohada olgʻa siljish boʻlmagan. Sohibqiron ana shunday murakkab va ogʻir sharoitda qanday yoʻl tutgan deb oʻylaysiz? U, birinchi nav­batda, adolatga tayangan qonunlarni hayotga joriy etdi.

Bu qonunlar adolat va ishonch bilan yoʻgʻ­rilgan koʻrsatmalardan iborat edi. Amir Te­mur avvalo kuch adolatga, iqtisodiyot maʼna­viyatga uygʻun islohotlarni amalga oshirdi. Xalqdan hech narsani yashirmadi. Bu jahon­ning hech bir hukmdorida kuzatilmaydigan, isbot talab etmaydigan haqiqatki, hamon uning bunday adolati koʻplar uchun namuna boʻlib xizmat qilmoqda.

Bu ulkan ilm, katta ummon yoʻq boʻlib ket­masligi kerak va shart edi. Shu bois, ularni Sohibqiron oʻz paytida qogʻozga tushirdi. Bu­gungi kunda “Temur tuzuklari” asari milliy davlatchiligimizning asoslaridan biri deya baholanayotgani bejiz emas. Mazkur asar na­faqat qonunlar majmuasi, balki asoslangan, ishonchli strategiya va amalda sinalgan tak­tika boʻlib, uning nufuzi bugun ham kundan kunga oshib bormoqda. Shu bois, mazkur kitob siz aytgan jihatlarning barchasini oʻzida mujassam etadi.

— Kitob qaysi tilda yozilgan?

— Bu muhim savol. “Temur tuzuklari” asari dunyoning turli tillariga tarjima qilingan boʻlib, mutaxassislar tomonidan oʻrganib kelinmoqda.

“Temur tuzuklari”ning asl nusxasi mum­toz oʻzbek tilida yozilgan. Asarni oʻrgangan mutaxassislarning taʼkidlashicha, uning turkiy tilda yozilgan nusxasi XVII asrga qa­dar Yamanda — Jaʼfar poshoning kutubxona­sida saqlangan.

Asarni fors tiliga tarjima qilgan Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy Makkaga ziyorati davomida Yamanda Jaʼfar poshoning kutubxonasida asarning turkiyda bitilgan nusxasi bilan tanishadi. Biroq asarning mazkur nusxasi davrimizgacha yetib kelmagan yoki hozirgacha topilmagan.

— Sizningcha, bu kitobni yozishdan koʻz­langan asl maqsad nima edi?

— Sohibqiron Amir Temur oʻzidan ke­yin ham farzandlari, mard va jasur av­lodlari, sadoqatli zurriyotlari tomoni­dan Turon yurti adolatli boshqarilishini istagan edi. Shu bois, u “Tuzuklar”, yaʼni qonunlar majmuasiga tartib berdi. Bu haqda uning oʻzi “Saltanatni boshqarish uchun qoʻllanma yozib qoldirdim, toki far­zandlarim, avlodim va zurriyotlarimdan boʻlganlarning har biri unga muvofiq ish tutsinlar”, deya qayd etgan. Demak, “Temur tuzuklari” uzoqni koʻzlab yozilgan qomusiy asar. Uni hatto oʻz davrining konstitutsiya­si deb taʼriflashadi.

“Temur tuzuklari” asari ikki kitobdan iborat boʻlib, birinchi kitobda Sohibqiron­ning tarjimayi holi, oʻsha davr ijtimoiy, siyosiy voqeliklardagi oʻrni va roli, Mova­rounnahrda markazlashgan hokimiyat qurish yoʻlidagi faoliyati, shuningdek, ulkan salta­natni barpo etish borasida yuritgan siyosati, harbiy yurishlari, chora-tadbirlari, davlat asoslarini mustahkamlash yoʻlida turli ij­timoiy tabaqalarga nisbatan munosabati kabi masalalar sodda va ixcham tarzda bayon qilinadi.

“Temur tuzuklari”ning ikkinchi kito­bida Sohibqironning avlodlariga davlat boshqaruvi sir-sinoatlari, hukmdorning har qanday vaziyatda ham muhim qarorlar qabul qila olish qobiliyatiga ega boʻlishi, bu borada kimlarga tayanish, vazir va sar­kardalarni qanday usullar bilan tanlash, ularning burch va majburiyatlari, qoʻshin­ning tuzilishi va harbiy holat davrida harakatlanish tartib-qoidalari, oddiy askar vazifalari va ularga toʻlanadigan maosh, amirlar, vazirlar hamda boshqalar­ning davlat va hukmdor oldida koʻrsatgan xizmatlarini munosib taqdirlash tuzugi kabi masalalar haqida soʻz yuritiladi.

Asarning ommalashuvi qanday kech­gan va qaysi mamlakatlarda kimlar tomo­nidan nashr etilgan?

— Abu Tolib al-Husayniy at-Turbatiy “Temur tuzuklari”ning asl turkiy nusxasi, yuqorida taʼkidlanganidek, Yamandagi Jaʼ­far posho kutubxonasida saqlangani va 1610-yilda uning ijozati bilan asarni turkiy­dan forschaga oʻgirganini qayd etgan.

“Temur tuzuklari” asarining Abu Tolib Turbatiy tarjimasidagi forsiy matni ing­liz ofitserlari tomonidan Angliyaga olib borilgan. Asar ingliz ofitseri, mayor Uilyam Devi va professor Jozef Uayt to­monidan forscha matni va inglizcha tarji­masi bilan 1783-yilda Buyuk Britaniyada chop etiladi.

Asarning mazkur nashri turli mamla­katlarga tarqaldi va jahonning koʻplab shaharlarida, xususan, Kalkutta, Tehron, Bombeyda nashr qilindi.

Mustaqillikdan avvalgi davrlarda va istiqlol yillarida Oʻzbekistonda chop etilgan “Temur tuzuklari”ning oʻnlab nashrlari ham mazkur Oksford forsiy matniga asoslangan.

1787-yilda mayor Uayt va Devi nashr etgan forscha matn asosida L.Langle to­monidan asarning fransuzcha tarjimasi Parijda bosmadan chiqdi.

1892-yilda esa N.P.Ostroumov boshchili­gidagi Toshkent gimnaziyasi talabalari to­monidan asarning fransuzcha nashri asosida rus tiliga tarjimasi ham amalga oshirildi.

XX asrning 60-yillarida Alixontoʻra Sogʻuniy asarning Devi va Uayt nashri aso­sida chiqarilgan toshbosma va nashrlardan biri asosida “Tuzuki Temuriy”ni oʻzbek ti­liga toʻliq tarjima qilgan. 1989-yilda esa mazkur nashrni Bombey nashrining forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tiliga toʻliq tarjimasi sharqshunos olim Habi­bulla Karomatov tomonidan ilmiy jamoat­chilikka taqdim etildi.

Bugungi kunda “Temur tuzuklari” asa­rini dunyoning qator eʼtiborli kutubxona­larida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fran­siya, AQSH, Finlyandiya, Daniya, Hindiston, Eron, Turkiya, Misr va Yaman qoʻlyozma xa­zinalarida uchratish mumkin. U qimmatli va nodir asar sifatida jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Olimlar, ta­rixchi tadqiqotchilar tomonidan oʻrganil­moqda.

Bugungi avlod nima uchun “Temur tuzuklari”ni oʻqishi kerak?

— Bu toʻgʻrida uzoq va keng fikr bil­dirish mumkin. Ammo bir-ikki misollar bilan cheklanaman. Ushbu kitob milliy davlatchiligimizning noyob namunasidir. Asardagi har bir soʻz, jumladan, oʻn ikki tuzuk, oʻn ikki qoida, oʻn ikki toifa haqi­dagi soʻzlar, vazirlar, amir va beklar, qoʻ­shin boshliqlari, sipohlar, moliya ishla­ri boʻyicha xodimlar, soliqchilar va boshqa soha vakillarini tanlash, taqdirlash, ular bilan muomala qilish tuzuklari bugungi yoshlarning ish yuritish saʼy-harakatlarida muhim qoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Shu oʻrinda asarda zikr etib oʻtilgan oʻn ikki toifa haqidagi qaydlardan misollar kelti­rib oʻtishni joiz topdik.

Birinchi toifa — sayyidlar, ulamo, shayxlar va fozillarni oʻzimga yaqinlash­tirdim. Ular mening saroyimga doimo ke­lib-ketib, majlislarimni bezab turardi. Diniy, huquqiy, aqliy masalalarni oʻrtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirardi.

Ikkinchi toifa — aqlli kishilar va kengash sohiblari, ehtiyotkor, qatʼiyatli ar­boblar, keyinini oʻylab, olisni koʻrib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib, ularning suhbat­laridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim.

Uchinchi toifa — duogoʻy kishilarni qadrladim. Xilvatda ulardan duolar tilab, istaklarimning bajo etilishini oʻtinib soʻ­rardim. Majlislarda, yigʻinlar, bazmlar va jang maydonlarida ulardan koʻp barakotlar topdim.

Toʻrtinchi toifa — amirlar, sarhanglar, sipohsolorlarga majlisimdan oʻrin berib, martabalarini yuqori koʻtardim. Ular bilan suhbatlashib, maslahatlar oldim.

Beshinchi toifa — sipoh va raiyat boʻlib, har ikkisiga bir koʻz bilan qaradim. Sipo­hiylardan chiqqan bahodirlar, dovyuraklarga maxsus faxrli oʻtogʻ, kamar va oʻqdon taqdim etib, martabalarini koʻtardim.

Oltinchi toifa — ishonchli, toʻgʻri eʼtiqodli oqil-xiradmand kishilarkim, davlat sirlarini ularga ochib, saltanat ishlari boʻyicha ulardan maslahat olishim­ga loyiq edilar. Bu toifa kishilar bilan sirdoshlik qilib, oʻz maxfiy ishlarim va pinhoniy sir-asrorimni oʻshalarga top­shirdim.

Yettinchi toifa — vazirlar, devon ko­tiblari va munshiylarki, saltanatim saro­yini shular bilan bezatdim. Bularni menga tobe mamlakatlarni koʻrsatuvchi koʻzgu deb bildim.

Sakkizinchi toifa — hakimlar, tabib­lar, munajjimlar va muhandislarki, ular saltanat korxonasiga rivoj beruvchilardir. Ularni oʻz atrofimga toʻpladim. Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davo­latar edim. Munajjimlardan sayyoralarning qutlugʻ-qutsiz kunlari, ularning harakati va osmonda aylanishini aniqlab olardim. Mu­handislar bilan ittifoqda oliy imoratlar barpo etib, bogʻu boʻstonlarning tarhini chiz­dirardim.

Toʻqqizinchi toifa — muhaddislar, (paygʻambar, uning avlodlari va sahobalari) haqida rivoyatlar naql qiluvchilar hamda qissaxonlar boʻlib, ularni ham oʻzimga yaqin­lashtirdim.

Oʻninchi toifa — mashoyixlar, soʻfiy­lar, (Xudoni tanigan) oriflardir. Ular­ning xizmatlarida boʻlib, suhbatlar qur­dim va oxirat foydalarini oldim. Ulardan Tangri taoloning soʻzlarini eshitib, karo­matlar koʻrdim, moʻjizalarini mushohada etdim va suhbatlaridan rohatlanib, huzur qildim.

Oʻn birinchi toifa — kasbu hunar ega­laridir: bularning har toifa va sinfidan boʻlganlarini davlatxonamga olib kelib, oʻz oʻrdamdan oʻrin belgiladimki, safardayu turgʻunlikda sipohimga kerak yaroqlar ham­da boshqa jihozlarni hozirladilar.

Oʻn ikkinchi toifa — har mamlakat va diyor sayohatchilariyu musofirlarining bo­shini siladim, ular turli mamlakatlardan menga xabar keltirib turdilar.

Sohibqiron Amir Temurning mamlakat­ni boshqarishda amal qilgan oʻn ikki tuzuki, davlat ishlariga jalb etilgan oʻn ikkita toi­fa va boshqa tuzuk tamoyillari bilan sizni qayta tanishtirishdan maqsadimiz ularning har biri bugungi kunimiz uchun ham beni­hoya muhim qoʻllanma ekanini anglatishdir. Chindan ham biz qadrlaydigan, eʼzozlaydigan abadiy meros — Sohibqiron Amir Temurdan qolgan koʻrsatmalar — tuzuklar adolat bilan ish yuritishimizda, bagʻrikenglikni ulugʻlab, dunyoda doʻstlikni sharaflab, tinchlik va ta­raqqiyot uchun xizmat qilishimizda, ayniqsa, yosh avlodni har tomonlama bilimli, mard, jasur, vatanparvar, xalqparvar, yangi tashab­bus va gʻoyalarni ilgari suruvchi komil hamda barkamol shaxs sifatida tarbiyalashimizda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.

“Yangi Oʻzbekistonmuxbiri

Asliddin ABDURAZZOQOV suhbatlashdi.