Agar oltin asrlar davomida qiymatni saqlash vositasi boʻlib xizmat qilgan boʻlsa, mis XXI asrda iqtisodiy oʻsish, raqamlashtirish va texnologik taraqqiyotni taʼminlovchi asosiy resursga aylandi.
Zamonaviy iqtisodiyot elektr energiyasi, maʼlumotlar uzatish va avtomatlashtirishga tayanadi. Elektr tarmoqlari, data-markazlar, telekommunikatsiya infratuzilmasi, elektromobillar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari — bularning barchasida mis hal qiluvchi oʻrin tutadi. Ayniqsa, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va sanoatni elektrifikatsiya qilish misga talabni uzoq muddatli va barqaror oʻsish yoʻliga olib chiqdi. Shu bois, bugun mis oddiy xomashyo emas, balki davlatlar va yirik korporatsiyalar uchun strategik aktivga aylanmoqda. U energetik xavfsizlik, sanoat barqarorligi va texnologik mustaqillik bilan bevosita bogʻliq boʻlib bormoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Oʻzbekistonda mazkur mahsulot ishlab chiqaruvchi asosiy yirik sanoat subyektidir. 2025-yilda kombinat faoliyatida qanday oʻzgarishlar roʻy berdi, qanday natijalarga erishildi, kelgusi rejalar nimalardan iborat?
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator Abdulla XURSANOV bilan suhbatimiz shular xususida boʻldi.
— Bugun dunyo siyosiy sahnida boʻlayotgan oʻzgarishlar, jahon iqtisodiyotidagi tebranishlar kutilmagan vaziyatlarga har doim tayyor turishdek dolzarb vazifani qoʻymoqda. Bunday murakkab sharoit, ayniqsa, yirik sanoat korxonalari jamoasini oqilona faoliyat yuritish hamda muammolarga toʻgʻri yechim topishga undaydi. 2025-yil kombinat uchun qanday keldi? Yaʼni jahon bozorida mis, oltin va kumush narxlari oʻsishi fonida investitsiya loyihalari ahamiyati oʻzgardimi?
— Bu borada 2025-yil jamoamiz uchun oʻziga xos tarixiy voqealarga boy boʻldi. Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida qator salmoqli ishlar qilindi. Jahonning eng ilgʻor texnologiyalari va yuqori sifat standartlarini qoʻllagan holda 60 million tonna maʼdanni qayta ishlash quvvatiga ega 3-mis boyitish fabrikasining birinchi liniyasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida qator obyektlarimiz ham faoliyat boshladi. Jumladan, ohak zavodida quvurli aylanma pechning 2-tarmogʻi, portlovchi materiallar zavodida emulsiyali portlovchi moddalar ishlab chiqarish yangi tarmogʻi foydalanishga topshirildi. Jizzax viloyatining Forish tumanida yangi ohak zavodi qurilishiga start berildi.
Shu bilan birga, Yoshlik-1 koni va uning texnika majmuasini tashqi elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida yana bir zamonaviy raqamlashtirilgan texnologik podstansiya barpo etilmoqda.
3-mis boyitish fabrikasida yiliga 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqariladi. Yutuq faqat hajmda emas, balki jahonning yetakchi sanoat kompaniyalari texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari va raqamli boshqaruv yechimlari yagona zanjirda mujassamlashganida ham namoyon boʻladi. Zamonaviy texnologiyalar, raqamli boshqaruv va inson kapitali uygʻunligining amaliy namunasi boʻlgan fabrika toʻliq quvvatga chiqqach, 3000 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, yangi 6-sulfat kislota ishlab chiqarish zavodi qurilishi yakuniy pallaga yetdi. Kovuldi koni maʼdanlarini qayta ishlashga moʻljallangan yana bir yangi oltin saralash fabrikasi qurilishini boshladik.
Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish loyihasi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi va uning infratuzilma obyektlarini qurish boʻyicha ham ishlar boshlab yuborilgan. Loyihaning atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha ijobiy xulosa olingan. Loyiha doirasida kengaytirilgan geologik tadqiqotlar oʻtkazish va geologik burgʻilash va tuproqni gidrologik tadqiqot qilish uchun quduq burgʻilash ishlari bajarildi. Boshqa tashkiliy va zaruriy chora-tadbirlar ham koʻrilmoqda.
Yana bir muhim strategik loyihamiz yangi metallurgiya zavodi boʻlib, uning ishga tushishi natijasida kombinatda mis ishlab chiqarish quvvati 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnagacha yetadi. Ming kishining bandligi taʼminlanadi. Ushbu majmua qurilishining bazaviy muhandislik hujjatlari, tijorat taklifi “METSO-OUTOTEK” (Finlyandiya, Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Uni yuridik ekspertizadan oʻtkazishga “DENTONS” kompaniyasi jalb qilindi. Majmua obyektlari qurilishini moliyalashtirish uchun Germaniyaning “KfW IPEX-Bank GmbH” banki bilan 2,5 milliard dollarlik bitim imzolandi.
Soʻnggi yillarda jahon bozorida mis, oltin va kumush narxlari oʻsmoqda. Bu global iqtisodiyotdagi texnologik transformatsiya, “yashil” energetikaga oʻtish, geosiyosiy xavflar va strategik xomashyolarga talab ortishi bilan izohlanadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari nafaqat korxona, balki butun Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Qayd etganingizdek, mis bugungi kunda raqamli va “yashil iqtisodiyot”ning asosiy resursi sifatida baholanmoqda. Elektromobillar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, elektr tarmoqlari va sanoat avtomatizatsiyasi misga talabni keskin oshirmoqda. Oltin esa global noaniqlik va inflyatsiya sharoitida qiymatni saqlash vositasi sifatida yuqori talabga ega. Kumush ham sanoatda, ham investitsion aktiv sifatida ahamiyatli. Kombinatimiz aynan shu uchta strategik metalni ishlab chiqaruvchi yirik sanoat korxonasi sifatida jahon bozoridagi ijobiy konyunkturadan maksimal foyda olish imkoniyatiga ega. Yangi konlarni oʻzlashtirish, zaxirani koʻpaytirish, zamonaviy boyitish va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish, energiya samaradorligi, ekologik standartlarni oshirish, yuqori qiymat qoʻshilgan mahsulotlar ishlab chiqarish ulushini koʻpaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari shunisi bilan ahamiyatli. Bu loyihalar orqali kombinatni faqat xomashyo yetkazib beruvchi emas, balki chuqur qayta ishlovchi yuqori texnologik sanoat markaziga aylantirish maqsad qilingan. Investitsiya dasturlari mamlakatimiz uchun katta natija beradi.
Birinchidan, eksport salohiyatimiz ortadi. Mis, oltin va kumush narxi balandligi valyuta tushumlarini koʻpaytirib, toʻlov balansi hamda milliy valyutamiz barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ikkinchidan, sanoat rivojlanadi. Yangi quvvatlar ishga tushirilib, mashinasozlik, energetika, kimyo va logistika sohalari oʻsishiga turtki beradi.
Uchinchidan, yangi ish oʻrinlari yaratiladi, hududlar rivojlanadi. Chunki yirik investitsiya loyihalari yuqori malakali kadrlarga talabni oshiradi.
Toʻrtinchidan, texnologik mustaqillik mustahkamlanadi. Chuqur qayta ishlash va zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy etilishi Oʻzbekistonning sanoatdagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Kombinatning investitsiya loyihalari xalqaro doirada yuqori baholanmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo togʻ-kon sanoati” IV xalqaro kongressi va koʻrgazmasida kombinatimiz “Yil investitsiyaviy loyihasi” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.
— Bugungi kunda ishlab chiqarishni raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish davr talabi boʻlib qolmoqda. Bu borada qanday ishlar qilinmoqda?
— Biznes va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, boshqaruv va operatsion sohani optimallashtirish doirasida shu yilning oʻzida 20 ta loyihani ishga tushirdik. Yana 7 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hayotimizning har bir jabhasiga kirib kelayotgan sunʼiy intellekt texnologiyalari samarali qoʻllanilmoqda. Xususan, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va zamonaviy axborot tizimlarini qoʻllash maqsadida Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida kon-transport boshqaruv tizimi ishga tushirildi. Natijada maʼlumotlarni onlayn shaklda jamlash, qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Yoshlik-1 konida ekskavator-avtosamosval operativ boshqaruv tizimi joriy qilindi. Konlarda marksheyderlik ishlarini tezkorlikda amalga oshirish maqsadida uchuvchisiz uchish qurilmalari qoʻllanilmoqda. Natijada marksheyder oʻlchash ishlari 3 barobar tezlashib, xodimlar xavfsizligi oshirildi.
Mis boyitish fabrikasi texnologik jarayonlarida maʼdan-suv nisbatlarini avtomatlashtirish maqsadida nazorat va oʻlchov javonlari oʻrnatildi. Flotatsiya jarayonini avtomatlashtirish uchun “U-flotation” intellektual tizimi joriy etilmoqda. U real vaqtda jarayonni tahlil etib, boshqaruv qarorlarini qabul qiladi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, yoʻqotish va xarajatlarni kamaytiradi. Mis boyitish fabrikasida qoʻshimcha 3 ta konsentrator oʻrnatilishi tufayli foydali qazilmalarni ajratib olish darajasi 3 foiz oshirildi. 2-mis boyitish fabrikasida maydalash-yuvish uchastkasi uskunalari montaj va sozlanishi natijasida avariyaviy toʻxtashlar 30 foiz kamayadi. Mis eritish zavodida avtomatlashtirilgan axborot tizimi tayyor mahsulotni yuklash va nazorat jarayonlarini qulaylashtirdi.
Sunʼiy intellekt tizimini rivojlantirish va axborot xavfsizligini oshirish maqsadida Qalmoqqir va Yoshlik-1 konlarida kon-transport boshqaruvi tizimi doirasida maʼdan oʻlchamlari, ekskavator tishlarini nazorat qilishdan tashqari haydovchilar charchogʻini kuzatish imkoni paydo boʻldi. Shu kunlarda maʼdanni boyitish jarayonida videotahlil — “Mashina koʻz nazorati” loyihasi joriy etilmoqda. Bunday misollar koʻp. Muhimi, kombinatda raqamlashtirish ishga unum va samara bermoqda.
— Mamlakat iqtisodiyoti va odamlar turmush farovonligi koʻp jihatdan yirik korxonalar faoliyatiga bogʻliq. Lekin oxirgi paytlarda ishlab chiqarish subyektlarining atrof-muhitga salbiy taʼsiri haqida ham koʻp gapirilmoqda...
— Nimani nazarda tutayotganingizni tushundim. Nima uchun ekologiyaga jiddiy eʼtibor qaratishimiz, ishlab chiqarishga “yashil” texnologiyalarni tez tatbiq qilishimiz kerak? Avvalo, aholi yil sayin koʻpayib bormoqda. Tabiiy resurslar zaxirasi esa tobora kamaymoqda. Bugun jahonda olimlar, hukumatlar tomonidan “yashil iqtisodiyot”ni keng joriy etish takliflari faollashgani bejiz emas. Biz bunday taklif va tashabbuslarni doim qoʻllab-quvvatlab kelyapmiz. Bu faoliyat strategiyamizning ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Shu maqsadda sanoat maydonlarida maʼnan eskirgan uskunalar yangilanib, rekonstruksiya qilinyapti, quyosh elektr stansiyalari oʻrnatilmoqda, chiqindilar qayta ishlanib, hudud koʻkalamzorlashtirilyapti, suv infratuzilmasi modernizatsiya qilinmoqda. Umuman, joriy yilgi faoliyatimiz atmosferaga chiqindilarni kamaytirish bilan bogʻliq boʻldi deyish mumkin. Jumladan, mis boyitish fabrikalarining havoni chang va gazlardan tozalashga moʻljallangan aspiratsiya tizimlari toʻliq rekonstruksiya qilindi. Asosiy va yordamchi obyektlardagi 30 ta tizim mukammal va 130 ta eskirgan ventilyatsiya-aspiratsiya qurilmasi joriy taʼmirlandi. Natijada ularning ish samaradorligi 99,5 foizga yetkazildi.
Mis eritish zavodining sulfat kislota sexida chiqindilarni avtomatik tahlil va monitoring qilish uskunalari joriy etildi. Qolaversa, 180 ming tonna quvvatga ega yangi 6-sulfat kislotasi zavodi ishga tushirilishi bilan ilgari qisman atmosferaga chiqib ketgan gazlar toʻliq ushlab qolinadi. Daniyaning “FLSmidth” kompaniyasining yangi filtrlari gazni chuqur tozalash va qoʻshimcha metall ajratib olish koʻrsatkichlarini taʼminlaydi. Eski sex foydalanishdan chiqariladi.
Yangi metallurgiya majmuasida “Flash Smelting” (mashʼalada eritish) va “Flash Converting” (mashʼalada konverterlash) texnologiyalari asosida ishlaydigan zamonaviy pechlar qurilmoqda. Yangi sulfat kislotasi majmuasida chiqindi oltingugurt gazi toʻliq ushlab qolinadi va qoʻshimcha mahsulot — yiliga 1,8 million tonnagacha sulfat kislotasi olishga yoʻnaltiriladi, shu bilan birga, tashlanma gazlar kamayadi. Yangi quvvatlar ishga tushirilgach, mis eritish zavodidagi eskirgan yalligʻ qaytaruvchi pech ham foydalanishdan chiqariladi. Kombinatimizda chang va gazlarni tutib qoluvchi 980 dan ortiq uskuna oʻrnatilgan boʻlib, markaziy tahlil laboratoriyasi maʼlumotlariga koʻra, ifloslantiruvchi moddalar hajmi oʻtgan yili avvalgi yildagiga nisbatan 10 foiz kamaygan. Joriy yilda yana 2-3 foiz pasaydi.
Ikki yil avval ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarda fotoelektr stansiyalar oʻrnatishni boshlagan edik. Bu davrda kombinat pilot qurilmalardan barqaror quyosh generatsiyasini rivojlantirish dasturiga oʻtdi. Ushbu strategik qadam barqaror rivojlanish tamoyillariga sodiqligimizni bildiradi.
Bugungi kunda 80 dan ortiq maydonda umumiy quvvati 7,3 ming kilovatt boʻlgan stansiyalar ishlab turibdi. Joriy yilda ular tomonidan 5,9 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Shuningdek, “yashil” energiya ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan “yashil” energiya sotib olish boʻyicha shartnomalar imzolaganmiz. Shunday qilib, kombinat “yashil” energiyaning eng yirik isteʼmolchilaridan biriga aylanadi. Iqtisodiy samara hozirdanoq sezilmoqda: elektr energiyasi uchun toʻlovlarda yiliga 5,9 milliard soʻm tejayapmiz. Kelgusi yilda qoʻshimcha 1 ming 150 kilovatt quvvatli fotoelektr stansiyalari qurish, talab yuqori boʻlgan soatlarda quyosh generatsiyasidan foydalanish imkonini beruvchi energiya saqlash tizimlarini ishga tushirish moʻljallangan.
Dolzarb yoʻnalishlardan yana biri texnogen chiqindilarni qayta ishlashdir. Kombinatning rux va mis eritish zavodlaridagi yangi maydalash uchastkalarida shu yilning oʻzida 100 ming tonnadan ortiq mis klinkeri, yaʼni chiqindilarni qayta ishlashdan hosil boʻladigan qoldiqlar qayta ishlatildi.
Suv yoʻqotishlarini kamaytirish va gidrotexnik inshootlar xavfsizligini oshirish maqsadida suv havzalari tozalanib, nasos uskunalari va magistral quvurlar germetizatsiya qilindi. “Yashil makon” va “Yashil belbogʻ” loyihalari doirasida 270 gektardan ortiq maydonda 1,9 million tup daraxt ekildi.
— Kadrlar hal qiluvchi kuch hisoblanadi. Yangi korxonalar, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish — bularning hammasiga malakali kadrlar kerak. Kadrlar masalasiga qanday eʼtibor qaratilmoqda?
— Kombinatda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga ustuvor yoʻnalish sifatida qaraladi. Bugungi kunda bizda 35 mingga yaqin ishchi va muhandis-texnik xodim faoliyat yuritmoqda. Oʻquv markazimizda har yili oʻrtacha 11 ming 500-12 ming nafar kadr malakasi oshirilib, qayta tayyorlanadi.
Kadrlar tayyorlash maqsadida 26 ta oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Har yili kombinat tarkibiy korxonalarida 4000 talaba uchun ishlab chiqarish, diplom oldi amaliyotlari va ekskursiyalar muntazam ravishda tashkil qilinadi. Aʼlo baholarda tahsil olayotgan talabalardan 143 nafari va kollejning 14 oʻquvchisi dual amaliyot davrida oylik ish haqi, bepul ovqat va maxsus kiyimlar bilan taʼminlandi. Oʻtgan yili oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining 427 nafar bitiruvchisi kombinatga ishga qabul qilindi.
Janubiy Koreyaning ADJU, INHA, Yaponiyaning Akita universitetlari, Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi va Drezden texnika universiteti hamda Rossiyaning Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti, Moskva poʻlat qotishmalari instituti bilan barqaror hamkorlik qilinmoqda.
Oʻquv markazimizning 2030-yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasi zamonaviy ilm-fan va texnika hamda taʼlim taraqqiyoti yutuqlarini amaliyotga tatbiq etgan holda kombinat kadrlari malakasini oshirish, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash kabilarni oʻz ichiga oladi.
2024-yilda faoliyatini boshlagan Muhandislik maktabida Germaniyaning Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi kadr tayyorlash boʻyicha metodologiyalari asosida mutaxassislar malakasini oshirish yoʻlga qoʻyildi va rivojlantirilmoqda.
2025-yil aprel oyida “GeoMetTex” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etildi. Ishlab chiqarish texnologik jarayonlari uchun ilmiy izlanish olib borish, natijalarini amaliyotga tatbiq qilish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan maktabga 2025/2026 oʻquv yili uchun metallurgiya mutaxassisligining “Rangli metallar rudalarini boyitish” magistratura dasturi boʻyicha 12 talaba qabul qilindi.
Mamlakatimizda “Tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish hamda ishlab chiqarish xarajatlarini 20 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan. Dunyoda kechayotgan oʻzgarishlar davrida rivojlanish va harakatda boʻlishimiz shart.
Oʻylaymanki, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni ado etishda ahil, bilimli, va tajribali jamoaning alohida oʻrni bor. Taraqqiyotning yangi bosqichi sari dadil odimlayotgan yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy qudratiga korxonamizning har bir fidoyi ishchi-xodimi oʻzining munosib hissasini qoʻshadi, albatta.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Dilshod ULUGʻMURODOV suhbatlashdi.