Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimidagi ishlar koʻlami tobora ortib bordiki, samarasi ham uzoq kuttirmadi. Eng asosiysi, jarayon izchillik bilan davom etmoqda.
Maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizda oliy taʼlim bilan qamrov koʻrsatkichi 42 foizga yetgan. Mazkur raqam keyingi yillarda, ayniqsa, yaqqol sezilmoqda. Oliy taʼlim yurtimiz taraqqiyotining tayanch kuchi sifatida namoyon boʻlib, yoshlarning ilmga, bilimga, til oʻrganishga, xorijning yetakchi oliygohlarida tahsil olishga ishtiyoqi oshmoqda.
Albatta, sharoit bor joyda intilish, izlanish boʻladi. Bugun yangi Oʻzbekiston yoshlari ana shunday imkoniyatga ega. Oʻqish, oʻrganish yoʻllari ular uchun doim ochiq. Bu davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida sohani isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlari aniq belgilab berilgan. Ushbu vazifalar ijrosi zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlovchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga, oliy taʼlimni modernizatsiyalashga, ilgʻor taʼlim texnologiyalarini tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
Buxoro davlat universiteti jamoasi ham ilmiy salohiyatni oshirish, oʻquv jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali islohotlarga munosib boʻlishga harakat qilmoqda. Jamoamiz uchun may oyi, ayniqsa, samarali kechdi. Gap shundaki, 28–29-may kunlari Andijon davlat universitetida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oliy taʼlim muassasalari forumida ishtirok etdik. “Oʻzbekiston – Ozarbayjon: oliy taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusida oʻtkazilgan forum Oʻzbekiston va Ozarbayjon Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda ikki mamlakatning koʻzga koʻringan oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Ular oliy taʼlimdagi ustuvor yoʻnalishlar, ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlik va talabalar hamda professor-oʻqituvchilarning akademik mobilligini kengaytirish boʻyicha fikr almashdik.
Forumning biz uchun muhim voqeasi — Buxoro davlat universiteti va Ozarbayjonning qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Jumladan, Boku oliy neft maktabi oʻrtasida imzolangan memorandum asosida xalqaro akademik mobillik dasturlari doirasida talabalar almashinuvi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti, Lenkaran davlat universiteti va Ozarbayjon davlat madaniyat va sanʼat universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu shartnomalar taʼlim sohasida qoʻshma dasturlarni (Double Degree) joriy etish, Erasmus+ loyihalarida hamkorlikda qatnashish, shuningdek, ilmiy izlanuvchilar va professor-oʻqituvchilar uchun akademik almashinuvni yoʻlga qoʻyish kabi muhim masalalarni oʻz ichiga oladi.
Hamkorlarimiz sohada oʻziga xos salohiyatga ega. Xususan, 1930-yilda tashkil etilgan Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti (ODIU)da 10 ta fakultet mavjud va ularda 18 mingga yaqin talaba tahsil oladi.
Lenkaran davlat universiteti nisbatan yosh: 1991-yilda asos solingan. Oʻquv dargohida hozirgi kunda 1500 dan ziyod bakalavr va 100 ga yaqin magistr tahsil oladi. 250 nafar professor-oʻqituvchi faoliyat yuritadi, ularning 150 nafari fan nomzodi.
Ozarbayjon davlat madaniyat va sanʼat universiteti (ASUCA) 1923-yilda tashkil topgan boʻlib, u mamlakatdagi eng yirik va nufuzli sanʼat muassasalaridan biri sanaladi.
BuxDUning mazkur tashabbuslari xalqaro maydonda uning nufuzini yanada oshirish, talabalarga sifatli taʼlim imkoniyatlarini yaratish hamda professor-oʻqituvchilar uchun ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, keyingi yillarda universitetimizda ilmiy-tadqiqot olib borish istagida boʻlgan xorijliklar soni va geografiyasi kengayib bormoqda. Bugungi kunda Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlardan tadqiqotchilar universitetimizda ilmiy izlanish qilmoqda.
2024-yilda malaka oshirish va ilmiy stajirovkalardan oʻtish maqsadida 120-marta xorijiy safar amalga oshirilgan boʻlsa, ularning aksariyati jahon reytinglarida yuqori 1000 talikka kiruvchi oliy taʼlim muassasalarida tashkil etildi.
Talabalarning kasbiy malakasini oshirish, zamon talablari asosida ilgʻor texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan xorijda amaliyot oʻtash va taʼlim olish dasturlarida 136 talaba ishtirok etdi.
Dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan kelib, universitetimizda dars oʻtgan, shuningdek, ish faoliyatini yuritgan xorijlik mutaxassislar soni 51 nafarni tashkil etdi.
Amaldagi shartnoma va kelishuvlar soni 240 dan ortiqni tashkil etadi. Ayni paytda 219 talabamiz 6 ta qoʻshma taʼlim dasturida taʼlim olmoqda. Oʻtgan yilgi xalqaro loyihalar soni 17 ta boʻlib, ulardan tushgan mablagʻ 2 milliard soʻmdan oshiqni tashkil etadi.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida oliy taʼlimda salohiyatni oshirish yoʻnalishidagi loyihalarning 2024-yilgi tanlovida BuxDU ishtirokida 3 ta loyiha tanlab olinib, universitetimiz ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekistonda birinchi oʻrinni egalladi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tanlovlarida 6 nafar nomzod stipendiat deb topilib, ushbu koʻrsatkich boʻyicha ham respublikamizda yuqori oʻrinlardan birini egalladik.
Grinmetriks xalqaro reyting tizimida universitetimiz milliy koordinator hisoblanib, 2024-yil natijalariga koʻra, jahon reytingida 447-oʻrinni egalladik. Shuningdek, hozir nufuzli QS reytingida Osiyoning eng kuchli 1000 ta universiteti reytingiga kirganmiz. Bularning bari mamlakatimizda oliy taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilayotgani samarasidir.
Obidjon HAMIDOV,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali








