Zamonaviy beshkurash yangi davrga kirmoqda

    Shu yilning 15-17-noyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqining (UIPM) 73-kongressi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

    Kongressning 16-noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida tashkiliy masala koʻrildi. Xalqaro tashkilotga AQSH Zamonaviy beshkurash federatsiyasi prezidenti Robert Stull yangi prezident etib saylandi. Ushbu muhim voqelik zamonaviy beshkurashning xalqaro maydondagi rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi ishonch bildirildi. Yigʻilishda, shuningdek, yangi prezident boshchiligida Ijroiya kengashi tarkibi belgilab olindi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, Robert Stull oʻz Vatani – Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlariga qadar mazkur tashkilotga rahbarlik qiladi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda zamonaviy beshkurash soʻnggi 6-yil ichida keskin rivojlandi. Shu qisqa vaqt ichida federatsiya rahbariyatining saʼy-harakati bilan mamlakatimiz sportchilari tarixda ilk bor 2 ta olimpiya yoʻllanmasiga egalik qilishdi.

    UIPMning navbatdagi 74-kongressi 2026-yili Vengriyaning Budepesht shahrida boʻlib oʻtadi.