Yaqin yillargacha kadastr tizimi eng isloh qilishga muhtoj sohalardan biri edi. Odamlar uchun uy-joy, yer olish bir masala bo'lsa, uni hujjatlashtirish ishlari o'n bosh og'riq bo'lganini yaxshi eslaymiz. Yugur-yugur, qog'ozbozliklarning eng avj nuqtasi ham shu tizimda bo'lardi. Hozir bu soha deyarli to'liq raqamlashtirildi. Barcha xizmatlar Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali shaffof, tezkor tarzda ko'rsatilyapti. Asosiysi, tizimda qog'ozbozlikka chek qo'yilib, odamlarning vaqti va naqdi kushandasi bo'lgan behuda ovoragarchiliklar bir necha barobarga kamaydi.
Hech qiziqib ko'rganmisiz, “kadastr” so'zi qanday ma'noni anglatadi? Manbalarda keltirilishicha, “kadastr” lotinchadan olingan bo'lib, “soliqqa tortiluvchi shaxs” degan ma'noni beradi. Dastlab kadastr soliq solinadigan ob'ektlarning ro'yxati, ya'ni reestriga nisbatan qo'llanilgan. Hozir ham tizimda shunday ro'yxat yuritiladi, ammo qadimgisidan farqli tarzda, undan soliq solinadigan emas, balki xususiy mol-mulk, er maydonlari va jismoniy hamda yuridik shaxslarga qonunan tegishli hamda qonuniy bo'lgan har qanday turdagi ob'ekt haqidagi ma'lumotlar joy oladi. Kadastr sohasi esa egalik huquqini qonuniylashtirish, ro'yxatga olish va hujjatlarni shakllantirish kabi jarayonlarning barini muvofiqlashtiradi.
Tizimni isloh qilish ishlari ayni sohada qog'ozbozlik avj olayotgan, odamlar sarsonlikdan poyabzali yirtilar darajaga yetgan, kadastr, desa ko'pchilik bir necha kilometr uzoqroqdan yuradigan vaqtga to'g'ri keldi. Ya'ni, o'sha 6-7 yil oldin boshlangan yangilanishlarga, allaqachon, ehtiyoj paydo bo'lgandi. Bunday vaqtda fursatni boy bermaslik uchun jadal harakatlar boshlandi va bugunga qadar kadastr sohasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan 36 ta me'yoriy hujjat — qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Dastlabki, 2017—2019-yillar davomida sohada xalqaro tajribani o'rganishga bag'ishlangan faol davr kechgan bo'lsa, keyin ana shu o'rganilgan tajriba va ko'nikmalar asta-sekinlik bilan qonun va qonunosti hujjatlarni qabul qilish yo'li bilan hayotga tatbiq etila boshladi. Ularning asosida odamlar istagan tezkor, shaffof, raqamli xizmat ko'rsatish tizimi shakllanib boryapti. Natijada, tizimda murojaatlar soni ham ortib, ularga xizmat ko'rsatish imkoniyatlari bir necha barobarga kengaydi.
Demak, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari soha amaliyotida natijadorlikni oshirib, aholi ishonchiga kira olyapti. Xo'sh, kadastr tizimida o'tgan yillar davomida amalga oshirilgan eng katta yangilanishlar aynan nimalarda ko'zga tashlanadi? Buni tahlil qilish asnosida, Davlat kadastrlari palatasi raisi Moxir VALIYEV bilan sohadagi eng salmoqli qadamlarga nazar tashladik.
Yangi namunadagi kadastr pasporti
Chindan ham, elektron karta ko'rinishidagi kadastr pasportini yurtimiz sharoitida yangilik deyishimiz mumkin. Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo'lib O'zbekistonda yangi namunadagi kadastr pasporti joriy etildi. Ko'plab qulayliklarga ega smart karta 2020-yil 1-mart sanasidan boshlab tadbiq etilmoqda. Dastlabki bosqichda Andijon, Namangan, Farg'ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida tajriba sifatida ishga tushirilgan edi. Keyinchalik, mamlakatimizning barcha hududlarida qo'llanila boshladi. Bugungi kunga qadar yurtimiz bo'ylab jami 1 466 027 ta kadastr pasporti rasmiylashtirilib, fuqarolarning ushbu kartadan foydalanish ko'lami yil sayin oshib boryapti.
— Kadastr pasporti huquq egasiga beriladigan hamda ko'chmas mulk ob'ekti va ob'ektning kadastr raqami haqida umumiy ma'lumotlarni o'z ichiga olgan plastik yoki qog'oz shaklidagi elektron hujjatdir, — deydi Moxir Valiyev. — U ko'chmas mulk ob'ektining davlat tomonidan xisobga olinganligini tasdiqlovchi asos. Gap shundaki, ko'chmas mulk ob'ektini xatlovdan o'tkazishda unga kadastr yig'ma jildi shakllantiriladi va ko'chmas mulk egasiga kadastr pasporti taqdim etiladi.
Ko'pchilik kadastr pasportining odatdagi qog'oz shaklidagi hujjat bilan farqlariga qiziqib, ularning narxi borasida katta tafovut bor, deb hisoblaydi. Ammo kadastr pasportining narxi qog'oz ko'rinishidagi kadastr hujjati uchun to'lovlar narxi bilan teng bo'lib, ularning qay biridan foydalanish mulk egasining ixtiyorida. Foydalanishdagi farqlariga kelsak, kadastr pasporti, avvalo, elektron karta ekani bilan afzallikka ega. Bu degani, kartada kadastr sohasidagi elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yuqoriroq. Qolaversa, ichki qismiga NFS-smart chip o'rnatilgan mazkur karta eski uslubdagi kadastr hujjatidagi barcha ma'lumotlarni o'z ichiga olish bilan birga, interaktiv davlat xizmatlarining yagona portaliga ulanish imkoniyatiga ega. Kartaning tashqi qismiga esa egasining shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotlar hamda QR-kod joylashtirilgan. Kelgusida banklar bilan hamkorlikda mazkur kartaga pul mablag'larini saqlovchi va ularni naqd pul ko'rinishida olish imkonini beradigan “kesh” tizimini o'rnatishni rejalashtirganmiz.
Ya'ni, bu boradagi ishlar jarayon davomida takomillashib boraveradi. Masalan, kadastr pasportini shakllantirish muddatlarini oladigan bo'lsak, dastlabki davrga nisbatan vaqt oralig'i sezilarli qisqargan. Oxirgi ikki yilda fuqarolarning kadastr yig'ma jildini tayorlashga ketadigan vaqt sarfi 4—20 kungacha qisqarishiga erishdik. Belgilangan muddatning buzilish holatlari esa 6 barobarga yaxshilanganini ko'rishimiz mumkin.
Surishtiruvlarimizga ko'ra, hozirgi vaqtda odamlarning zamonaviy, elektron qurilmalardan foydalanishga bo'lgan talabi yuqoriroq. CHunki ular o'zida bir qancha tezkor xizmatlarni jamlab, vaqtni ancha tejaydi. Kadastr pasporti ham shunday. O'tgan yilning o'zida kadastr pasportini shakllantirish bo'yicha Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami 800 mingdan ortiq ariza kelib tushgan, ularning 559,4 tasi ijobiy hal etilgan.
Yer uchastkasi ham xususiy mulkka aylanmoqda
Kadastr sohasida bitta oltin qoida bor — har narsaning, ya'ni yer maydonlaridan tortib, xususiy ob'ektlargacha barining aniq hisob-kitobi, ro'yxati bo'lishi kerak. Aslini olganda, aholining talabi ham shunday. Aniq ma'lumotlarga asoslangan elektron ro'yxat odamlarni ortiqcha sarson qilmaydi, boshqa tarmoqlardagi ma'lumot almashinuvlarida ham qo'l keladi.
Shu bois, sohaga raqamli iqtisodiyotni faol joriy etishning dastlabki davrlaridayoq mamlakatimizdagi har qarich yer maydoni, davlat va xususiy mulkni ro'yxatdan o'tkazish ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda yer maydonlari eng zamonaviy texnologiyalar yordamida xatlovdan o'tkazilib, Milliy Geoaxborot tizimi (UzCAD)da hisobga olish, dastur orqali ro'yxatdan o'tkazish hamda elektron reestrini yuritish ishlari tizimli olib borilyapti.
Hozirgi vaqtga qadar Transport vazirligi bilan hamkorlikda yurtimiz bo'ylab mavjud avtomobil yo'llari, ya'ni, xalqaro ahamiyatga molik erlar, mahalliy, ichki va magistral yo'llarni hisobga olish ishlari amalga oshrilib, 46,2 ming gektar er maydonga ega 42 ming kilometrga yaqin avtomobil yullari Milliy geografik axborot tizimlariga kiritildi.
— Ro'yxatga olish ishlari barcha sohalardagi er maydonlarida amalga oshirilmoqda, — deydi Moxir Valiyev. — Masalan, Suv xo'jaligi vazirligiga tegishli bo'lgan 827 ming gektardan ortiq suv xo'jaligi obyektlari mavjud. 2022-yil davomida 337,5 ming gektar yer maydonidagi suv obyektlari xisobga olinib, davlat ruyxatidan o'tkazilgan. Biroq shu paytgacha qolgan maydonlarda qancha suv omborlari, nasoslar, kollektor va boshqa suv obyektlariga tegishli qancha yer maydonlari borligi aniqlanmagan, ya'ni, ro'yxatga olinmagan. Vaholanki, mamlakatimizdagi har qarich erning aniq tahlili, ular qaysi yo'nalishlarga tegishli ekani va boshqa hisob-kitoblar bo'yicha ma'lumotlarga ega bo'lishimiz kerak. Bu davlatning aniq xaritasini yaratish, er maydonlaridan to'g'ri va oqilona foydalanishda juda zarur. Shu bois, erlarni ro'yxatga olish ishlari sohada so'nggi yillarda boshlangan eng katta harakatlardan biri hisoblanadi.
Yurtimiz bo'yicha jami yer maydonlari 44,9 million gektarni tashkil etadi. Ulardan foydalanish maqsadi va tartibiga ko'ra bir qancha toifa — qishloq xo'jaligi, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga hamda tabiatni muhofaza qilish, sog'lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo'ljallangan yerlar, aholi punktlarining yerlari, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarga bo'linadi. Hozirgi kunda ushbu toifalar bo'yicha yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yer maydonlari, chizmasi va yer chegarasi elektron axborot tizimiga kiritilib, hisobga olingan holda davlat ro'yxatidan o'tkazilib kelinmoqda. Bugunga qadar jami yer maydonlarining 43,1 million gektari yoki 96 foizining elektron xaritasi yaratilib, shundan 40,3 million gektari davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Mutaxassisning aytishicha, yer maydonlarining eng katta qismi qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlar hissasiga to'g'ri keladi va ularning umumiy maydoni 26 232,3 ming gektardan iborat. Shuning uchun ro'yxatdan o'tkazishning dastlabki bosqichi qishloq xo'jalik yerlaridan boshlandi.
2021-yil 1-may sanasi. Ayni shu kundan O'zbekiston tarixida ilk bor respublika qishloq xo'jaligi yerlarini ro'yxatdan o'tkazish tizimi yo'lga qo'yildi. Jarayon Jahon bankining qo'llab-quvvatlash jamg'armasi ko'magida ishlab chiqilgan “Kadastr va ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish integratsion axborot tizimi” orqali amalga oshirila boshlandi. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi mutaxassislari tomonidan xatlov natijalari elektron ro'yxatdan o'tkazildi. Bugun ana shu yerlarning to'liq elektron xaritalari yaratilib, davlat ro'yxatidan o'tkazishga erishilgani katta yutuqlardan biri. Endilikda, bu yerlarning doimiy hisob-kitobi yuritilib, o'zgarishlarni kiritib borish kifoya.
Jarayon eng zamonaviy usul va texnologiyalar asosida olib borilmoqda. Avvalgidek har qarich yerni joyida o'lchab, qog'ozlarda qayd etish hozir o'zini sira oqlamaydi. Bugun katta xajmdagi yer maydonlari o'zi uchar qurilmalar, ya'ni dronlar yordamida o'lchanib, elektron tizimlar orqali ro'yxatga olinyapti. Qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi erlardan foydalanuvchilarning yer maydonlari maxsus ishlab chiqilgan axborot tizimi orqali ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lsa, yer maydonlari haqidagi grafik ma'lumotlar “UzKAD” dasturiga joylab borilgan.
Demak, loyihada asosiy ko'makchi “UzKAD” dasturi bo'lgan. U geografik ma'lumotlarni to'plash, tartibga solish, boshqarish, tahlil qilish, almashish va tarqatish imkonini beruvchi to'liq tizimdir. Ushbu tizim kadastr qaydlari, ko'chmas mulkka bo'lgan xuquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, ko'chmas mulk obyektlari to'g'risidagi geofazoviy, kadastr va ro'yxatdan o'tkazish ma`lumotlarini yaratish, yangilash va boshqarish uchun mo'ljallangan. Dastur tez-tez yangilab borish qiyin bo'lgan qog'oz shaklidagi ma'lumotlardan voz kechish imkonini beradi. Qolaversa, tizim juda ko'p grafikli va mavzuli ma'lumotlar bazasiga ega, modelli va hisobli funktsiyalar bilan birlashgan, fazoviy ma'lumotlarni kartografik shaklga aylantirish, turli xulosalar chiqarish va monitoring ishlarini amalga oshirish singari qulaylilar bilan boyitilgan. Mazkur shaffof tizim qonunbuzarliklarning oldini olib, aholiga tezkor kadastr xixmatlarini ko'rsatishga ham yo'l ochadi. Shakllantirilgan ro'yxat barcha uchun ochiq bo'lib, istalgan kishi geoportal orqali ko'chmas mulk joylashgan viloyat, tuman yoki shahar nomi, kadastr raqami, davlat ro'yxatidan o'tgan sana, hujjat va amaldagi yer maydoni kabi ma'lumotlarni ochiq va shaffof ko'rishi mumkin.
Qishloq xo'jaligi yerlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish nafaqat ma'lumotlar bazasini shakllantirish, balki anglashilmovchilik tufayli yerdan foydalanuvchilarning ortiqcha soliq to'lashlari yoki yerdan noqonuniy foydalanish kabi holatlarning ham oldini oladi. Yerlari hujjatlashtirilib, ijara shartnomalari tuzilib, yer maydonining kartalari chizilgan fuqarolar uni olib qo'yishlaridan havotir olmasa ham bo'ladi.
Xatlov jarayonlari olib borilayotgan vaqtlarda sohada yana bir katta, aholi uchun nihoyatda qulay bo'lgan yangilik — yurtimizda jismoniy va yuridik shaxslar o'zlariga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkinligiga oid tegishli qonun va hukumat qarori kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-fevraldagi tegishli qarori bilan esa “O'zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo'lgan er uchastkalarini xususiylashtirish bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishga doir” Ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.
— Bu nima degani? Bilamizki, shu kungacha fuqarolarga tegishli uy-joylar joylashgan yer uchastkalari, meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqidagi erlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanadigan noturar joy ob'ektlarining er uchastkalariga doimiy foydalanish huquqi berilar edi, — deydi Moxir Valiyev. — Ya'ni bino sizniki bo'lsa ham, yer uchastkasi davlatga tegishli bo'lgan. Davlat fuqarolarga yer uchastkasini foydalanish, egalik qilish uchun yoki ijaraga bergan. Shu bois, ko'pchilik yer uchastkasini davlat extiyojlari uchun olib qo'yilishi mumkinligi yoki istalgan vaqtda yer maydoni “snos”ga tushishidan havotirlanib yashaydi. Yangi reglamentga ko'ra esa, yer uchastkasi mulk huquqi asosida sotilishi belgilandi. Bu, eng avvalo, fuqaroning yer uchastkasiga bo'lgan mulkchilik huquqini kafolatlaydi. Ya'ni, hovlisi joylashgan yer maydoni ham uy egasining o'ziga tegishli bo'ladi. Endi, yerni undan davlat olmoqchi bo'lsa, faqat bozor narxida sotib olishi mumkin. Ammo yer uchastkasini xususiylashtirish mutlaqo ixtiyoriy bo'lib, buning uchun fuqaroni majburlash qonunan taqiqlanadi.
Aytish joizki, qonunchilikda shu vaqtgacha yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqi bo'lmagan. Yangi tizim so'nggi yillarda yurtimizda yer sohasida amalga oshirilayotgan tezkor islohotlarning samarasi. Endi odamlar nafaqat hovli-joy, balki yer uchastkasining ham qonuniy mulkdoriga aylanadi. Bu yerga egalik qilishni istagan har qanday kishi ana shu mulkdor bilan hisoblashadi. Asosiysi, xususiy mulk daxlsizligi qonuniy himoyalanadi.
Yer uchastkasiga mulk huquqi belgilangandan so'ng yerni mulkdordan faqat sotib olish mumkin bo'ladi. Agar fuqaro yer uchastkasini berish yoki sotishni istamasa, uni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun shunchaki olib qo'yilishiga yo'l berilmaydi. “Snos” masalasi ko'pchilikni qiynab kelayotgan bugungi kunda ushbu yangilik odamlarda qiziqish uyg'otgani rost. Natijada, birgina o'tgan yilning o'zida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan “Yerxususiylashtirish” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 5 977,2 gektar yer maydonlarini xususiylashtirish yuzasidan jami 30 414 ta arizalar kelib tushgan.
Tezkor va shaffof tizim
Sohadagi islohotlar ayniqsa, tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda. Kichik yoki o'rta biznesni tashkil etayotgan ishbilarmonning xususiy mulkka bo'lgan huquqi kafolatlansagina, xotirjam ishlay oladi. O'tgan yili 22-avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan o'tkazilgan ochiq muloqotda bu masalaga alohida to'xtalib, yangi takliflar bildirgan edi. Shu asosda 24-avgustda “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo'l qo'ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjat bilan bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Ya'ni, endilikda, mulkka bo'lgan huquqni uni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo'lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Shuningdek, yerdan ixtiyoriy voz kechishni hukumat yoki hokimlik qarorlari bilan rasmiylashtirish ham bekor qilindi.
Umuman, jamiyatda xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash ison huquq va manfaatlarini himoyalashning bosh omillaridan sanaladi. Bu Bosh qomusimizda ham, qator huquqiy asoslar bilan ham belgilab qo'yilgan. Xususan, xalq muhokamasiga qo'yilgan yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 65-moddasida shunday deyiladi: “Xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o'z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas”.
Kadastr tizimida ana shu masalaga katta e'tibor qaratilib, bu borada odamlarni sarson qilmaslik, barcha xizmatlarni zamonaviy axborot tizimlari orqali amalga oshirish ko'lamini kengaytirishga intilayotganlari boisi ham shunda. Sohada yirik doimiy xotiraga ega (1 100 terabayt) “Ma'lumotlar markazi”ning ishga tushirilgani bu boradagi katta qadamlardan biri deyish mumkin. O'tgan yillar davomida “UzKAD” dasturida onlayn geoportal tizimi ishga tushirilib, ma'lumot olish imkoniyati yaratildi. Davlat soliq qo'mitasi hamda “elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga ko'chmas mulk obyektlari to'g'risidagi ma'lumotlarni elektron ravishda integratsiya yo'li orqali (onlayn) taqdim etib borilishi yo'lga qo'yildi.
— Maqsadimiz yuridik va jismoniy shaxslarning davlat idoralariga bormasdan, masofadan turib ko'chmas mulk ob'ektlari to'g'risidagi ma'lumotlar, kadastr xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirishdan iborat, — deydi Moxir Valiyev. — Bu vazifalarni uddalayapmiz, deb ham ayta olaman. Natijalarni qator omillarda ko'rish mumkin. Tizimda qog'ozbozlikka chek qo'yilganidan tortib, fuqaro va tadbirkorlarga ko'rsatilayotgan kadastr xizmatlari muddati avvalgi 15—20 kundan hozirgi 1-2 kunga qadar qisqargani, sifat esa ancha yaxshilangani so'zimizning amaliy isboti bo'la oladi. Aholining kunlab, soatlab kadastr xizmatini kutishlari va navbatda turishlariga barham berildi.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda mulkdorlar soni oshib boryapti. Bu nafaqat moddiy farovonlik, balki ushbu yo'nalishda ularning qonuniy huquqlari ta'minlanib, mulkni xususiylashtirish ishlari ancha soddalashgani bilan ham bog'liq. Agar raqamlarga yuzlanadigan bo'lsak, o'tgan yili ko'chmas mulk bazasidagi ob'ektlar sonining o'zi 8 184 005 tani tashkil qildi. Ko'rsatkich avvalgi yillarga nisbatan 218 351 taga o'sgan. Ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish bo'yicha olganda esa, 2022-yilda Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami 1 017 188 ta ariza kelib tushgan va bu raqam undan oldingi yilga nisbatan 386 mingtaga oshganini ko'rsatyapti.
Albatta, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari bundanda ko'proq natijalarga yetaklaydi. Mamlakatimizda joriy yil 1-yanvardan boshlab Kadastr va ko'chmas mulklarni ro'yxatdan o'tkazish integratsion axborot tizimi — “UZKAD” ko'chmas mulk obyektlariga bo'lgan huquqlarning davlat reestri hamda unga oid ma'lumotlar yuritiladigan, ma'lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi sifatida qabul qilindi. Bu loyihani faol amalga oshirish orqali kadastr fayllari va ko'chmas mulkka bo'lgan xuquqlar reestrlaridagi ma'lumotlarni qog'ozdan elektron shaklga to'liq o'girish ko'zlangan. Qolaversa, tarmoq mutaxassislari oldida “elektron xukumat” tizimining bazaviy maydonchasida ko'chmas mulk obyektlari bo'yicha ma'lumotlar bazasini yaratish kabi maqsadlar ham turibdi.
Sir emas, 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish belgilangan. Bu vazifalar joriy yil Prezident farmoni bilan qabul qilingan Davlat dasturi asosida faol amalga oshiriladi. Kadastr tizimida raqamlashtirish ko'lamini oshirish ham ana shu jarayonlarning bir qismi. Demak, sohada kutilayotgan katta o'zgarishlar, yangilanishlar hali oldinda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 01.04.23-y, 63-sonida e'lon qilingan)










