Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Janubiy Koreya, Qirgʻiziston, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Tojikiston kabi xorijiy mamlakatlar hamda mamlakatimizning yetakchi tibbiyot oliygohlari va ilmiy-tekshirish institutlaridan 250 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.

Maʼruzalardan soʻng xalqaro konferensiya ishi besh shuʼbada davom ettirildi. “Yuz-jagʻ jarrohligi va tish implantologiyasi zamonaviy yutuqlari”, “Terapevtik stomatologiyada tashxislash va davolashning innovatsion usullari”, “Ortopedik stomatologiyaning istiqbollari”, “Bolalar stomatologiyasi va ortodontiyasining zamonaviy muammolari” seksiyalarida qiziqarli maʼruzalar tinglandi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Zamonaviy stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligining innovatsion yondashuvlari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman respublikamizda tibbiyot sohasida, jumladan, stomatologiya va yuz-jagʻ jarrohligi jabhasida malakali kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, amaliy sogʻliqni saqlashga fundamental ilm-fan yangiliklarini joriy qilish, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarining dunyoning yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi.